Breaking News

Barak Obama: Immigratsion islohotga hoziroq kirishish lozim


Prezident Barak Obamaning aytishicha, Amerikaning buzuq immigratsion tizimini isloh qiladigan fursat yetdi. Senat bugun reformaga doir hujjat loyihasini ovozga qo’yadi.

"Ortiq kuta olmaymiz", - dedi Obama. "Sistema ishlamayapti. Uni tuzatish uchun Kongress zudlik bilan chora ko'rishi kerak".

Ovozga qo'yiladigan loyiha Amerikada yashayotgan qariyb 11 million noqonuniy muhojir uchun fuqarolikka eshiklarni ochib berishi mumkin. Hujjatda, shuningdek, AQSh-Meksika chegarasida xavfsizlikni oshirish haqida so'z boradi.

Bundan tashqari, deydi Obama, yangi qonun qishloq xo'jaligidagi ishchilarga, chet ellik talabalarning Amerikada qolishi uchun sharoit hozirlaydi. Amaldagi qonunlar mutaxassislarni Qo'shma Shtatlarda ta'lim olishga rag'batlantiradi, ammo bilim va tajribani boshqa yurtlarda qo'llashga undaydi.

"Kashfiyotlar qilish yoki biznes boshlash uchun ko'nikma orttirganidan keyin Amerika sistemasi bu talabalarni vataniga jo'natib yuboradi. Boshqa mamlakatlar, boshqa kompaniya va sanoatlar bu bilim egalaridan foydalanadi", - deydi prezident.

Obama bugun Oq uyda loyihaning xavfsizlikka doir bandini qo'llab-quvvatlagan huquq-tartibot organlari xodimlari va tashabbusning iqtisodiy foydasiga ishongan biznes ahli oldida so'zladi.

AQSh Tijorat palatasi prezidenti Tom Donaxyu Obamaning iqtisodiy siyosatini tez-tez tanqid qilsa-da, immigratsion islohot haqidagi hujjatni yoqlayapti.

"Loyiha odamlarning panadan chiqishiga, iqtisodiyotga hissa qo'shishiga yordam beradi", - deydi u.

Ammo respublikachi senator Jeff Seshns nazarida chetdan ko'p mutaxassis kelishi amerikaliklarni ishdan ayirishi mumkin.

Ekspertlarning aytishicha, hujjat Senatdan o'tishi mumkin, ammo respublikachilar hukmon Vakillar palatasida to'siqlar bilan yuzlashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG