Leon Panetta Obamaning Yaqin Sharq siyosatini tanqid qildi

  • Amerika Ovozi

AQShning sobiq Mudofaa vaziri Leon Panetta

AQShning sobiq Mudofaa vaziri Leon Panetta

AQSh mudofaa va razvedka idoralarini boshqargan Leon Panetta Oq uyning Yaqin Sharqqa nisbatan bugungi siyosatini tanqid ostiga oldi.

Panettaning yangi chop etigan "Arzirli urushlar: Urush va tinchlik yillaridagi yetakchilik haqida memuar" nomli kitobida yozilishicha, Prezident Barak Obama qaror berishda, ko'pincha, siyosiy yetakchi emas, balki huquqshunoslik professori sifatida fikrlaydi.

Sobiq mudofaa vaziri Usama bin Ladenni o'ldirish amaliyotiga ruxsat bergani uchun Obamani maqtaydi, ammo Iroq va Suriyada yo'l qo'yilgan xatolarda uni ayblaydi.

Panetta kitobidagi bu qarashlar Oq uy tomonidan noxush kutib olindi. Vitse-prezident Jo Baydenning aytishicha, sobiq rasmiylarning prezident hanuz amalda bo'lgan paytda Vashington siyosatidagi bahslar haqida kitob yozishi ma'qul ish emas.

Panettaga ko'ra, 2011-yilda ma'lum miqdorda askar qoldirmasdan, barcha AQSh kuchlarini Iroqdan olib chiqish qarori noto'g'ri bo'lgan. Bu qadam Iroq va Suriyada vaziyatning yomonlashishiga hissa qo'shgan, deya yozadi arbob.

Obama 2012-yilda Suriyadagi muxolifatni qurollantirish va tayyorgarlikdan o'tkazish bo'yicha o'sha paytda Pentagon rahbari bo'lgan Panetta va Davlat kotibasi Xillari Klinton bergan maslahatlarga quloq tutmagan.

Panetta fikricha, Bashar al-Assad tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo'llaganida, Obama uni harbiy yo'l bilan jazolashi kerak edi.

O'z kitobini targ'ib qilayotgan Panetta deydiki, AQSh rahbari Yaqin Sharq siyosati bo'yicha o'z xatolarini hozir to'g'rilashga urinayotgan ko'rinadi. Ammo ayrim nojo'ya qarorlar allaqachon o'z natijasini berib bo'ldi, deydi u.

Xillar Klinton ham yaqinda chiqqan kitobida Obamani Panetta singari uzoqni ko'zlamay ish tutganlikda tanqid qiladi. Prezident tinchlikparvar, bosiq va global fikrlaydigan shaxs, deya yozadi u, ammo ayrim hollarda puxtalik yetishmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG