Obama boylarga ko'proq soliq solmoqchi, respublikachilar qarshi

  • Amerika Ovozi

Milliarder Vorren Baffett va prezident Barak Obama, Oq Uy, Vashington 2010

Milliarder Vorren Baffett va prezident Barak Obama, Oq Uy, Vashington 2010

Prezident Barak Obama Kongressni boyvuchcha-millionerlar uchun soliqni oshirishga undamoqda. Respublikachilar hukmron Vakillar Palatasi bunga qanchalik qarshi bo’lmasin, Obama umidni boy bermayapti.

Oq Uy

Oq Uy

AQSh rahbari ommani qonunchilarga nisbatan bosimni oshirishga chaqirmoqda.

“Kongressdagi vakilingizga talab qo’ying, boylar ko’proq soliq to’lasin”, - deydi u, Florida va Vashingtonda saylovchilar bilan uchrashar ekan.

Bu boradagi qonun loyihasiga Vorren Baffetning nomi berilgan. Baffet, ma’lumki, dunyodagi eng badavlat insonlardan biri.

U va boshqa ko’plab milliarderlar Barak Obama tarafida, ya’ni jamiyatning eng boy qatlamiga ko’proq soliq solish kerak deydi.

Voll-Strit - AQSh qimmatbaho qog'ozlar bozori

Voll-Strit - AQSh qimmatbaho qog'ozlar bozori

Obama nazarida uzoq yillar davomida respublikachilar tashabbusi bilan qabul qilingan ko’plab qonunlar millioner va milliarderlar uchun shunday imtiyozlar yaratganki, ular bugun eng qashshoq amerikaliklardan ham past foizda soliq to’laydi.

Xususiy sektor ish o’rinlari yaratadi deb siylangan yirik kompaniya va firmalarning egalari daromadni xalq bilan bo’lishmaydi, deydi Obama.

Bizneslarni quvvatlab keladigan respublikachilar nazarida prezident tadbirkor va bizneslarga soliqni oshirish kerak deb sotsialistik g’oyalarni targ’ib qilmoqda, kapitalist tuzumga tahdid solmoqda.

AQShning kelasi yilgi byudjeti muhokamada

AQShning kelasi yilgi byudjeti muhokamada

Lekin Obamaning tushuntirishicha, respublikachi Ronald Reygan 1980-yillarda davlatni boshqarganida badavlat amerikaliklar o’rtahol va quyi sinf a’zolaridan ko’proq soliq to’lashi kerak deb chiqqan.

Obama shu tariqa shtatma-shtat kezib, soliq siyosatini yangilash uchun kurashni davom ettirmoqda.

Qonun loyihasi kelasi hafta Senatda ovozga qo’yiladi. Hujjat ma’qullanmasligi mumkin, lekin demokratlar “iqtisodiy adolat talabini olg’a suraveramiz” deydi.

Kapitoliy, Kongress joylashgan bino

Kapitoliy, Kongress joylashgan bino

Respublikachilardan prezidentlikka ko’rsatilishi kutilayotgan Mitt Romni fikricha daromad soliqlarini hamma uchun pasaytirish lozim. Boshqa soliqlarni ham tushirish darkor, deydi o’zi multi-millioner bo’lgan Romni.

U Barak Obamani iqtisod bobida zaif rahbar deb ta’riflaydi. Qayta saylanish umidida yurgan prezident nahotki soliqni ko’tarish haqida gapirmoqda, deya hayron bo’ladi Romni.

Amerika yaxshi yashasin desak, fuqarolar cho’ntagida ko’proq pul bo’lishi kerak, deydi u.

Oq Uy nazarida esa Mitt Romni saylov kampaniyasida va’dabozlik qilmasdan, butun Amerika iqtisodiyotini ko’taradigan konkret g’oyalar bilan chiqishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG