Obamaning reytingi tushib ketgan, demokratlar xavotirda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning xalq orasidagi reytingi tushib ketayotgani kuzgi saylovga hozirlik ko’rayotgan demokratlar uchun shumxabar.
Ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, amerikaliklarning atigi 41 foizi Obamadan ko’ngli to’q. Uni tashqi siyosatda epchil deb biladigan fuqarolar undanda kam – 38 foiz.

Ukraina mojarosidan tortib Suriyada davom etayotgan fuqaro urushigacha… Obama ma’muriyati tashqi siyosatda yuzlashayotgan mavzular talay.

Muxolifatchi respublikachilar, jumladan senator Kelli Ayott, prezidentni dadilroq bo’lishga undayapti.

“Rossiya Qrimdagi qilmishlari uchun gap eshitdi xolos, osongina qutuldi. Bu davlat iqtisodiyotiga kuchli sanksiyalar qo’yish payti hozir”, - deydi qonunchi.

Obama tashqi siyosatga kelganda yetti o’lchab, bir kesishini ta’kidlaydi.

“Hayronman, nega hamma harbiy kuch ishlatishga yopishib olgan? Shuncha pul sarflab, askarlarimizni boy berib, nimaga erishdik?”.

Oddiy amerikaliklar bu borada prezident bilan hamfikr.

“Xorijdagi mojarolarga aralashuvdan xalq qanchalik charchab ketganini bilsangiz edi”, - deya sharhlaydi tadqiqotchi Selinda Leyk.

Lekin Rossiyaning agressiyasi jazosiz qolmasligi kerak, deyayotganlar ko’pchilik.

“Kuchli tashqi siyosat tarafdorlari nazarida, sobiq sovet ittifoqi yoki Putinga o’xshagan rahbarlar mushtini ko’rsatganda Amerika qarab turmasligi kerak”, - deydi Leyk.

Obamaning reytingi pastga sho’ng’igani saylov oldidan demokratlarni tashvishga solayapti, deydi tahlilchi Jon Sayds.

“Yaxshimi, yomonmi, prezident o’z partiyasining yetakchisi. U cho’ksa, safdoshlari ham cho’kadi. Obamaning ikkinchi muddatida Bill Klinton davrida bo’lgani kabi reytingi ko’tarilsa, demokratlar uchun yaxshi bo’lardi”.

Bu degani, demokrat nomzodlar noyabrdagi saylovda prezidentdan uzoqroq yurishga harakat qiladi.

Yaqinda jurnalistlar bilan ziyofatda prezidentning o’zi raqamlarni hazilga oldi.

“Eshitishimcha, so’rovlarga qarab, demokratlar mening yonimda ko’rinishni ortiq istamas ekan. Menimcha, bu haqiqatdan yiroq. Lekin nimagadir yaqinda qizim maktabidagi bir yig’inga Bill Klintonni yetaklab bordi”.

Bu gapda qisman jon bor. Kongressga aksar nomzodlar bu yili Xillari Klintondan madad olishni orzu qiladi. Sobiq tashqi ishlar vazirasini 2016-yilda prezidentlik uchun kurashishga undayotganlar ko’p.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG