AQShda norozilik namoyishlari davom etadi, bahorda katta rejalar

  • Amerika Ovozi

Los Anjeles policiyasi namoyishchini hibsga oldi.

Los Anjeles policiyasi namoyishchini hibsga oldi.

Amerikaning yirik shaharlarida ikki oydan ko’proq vaqt davom etayotgan norozilik namoyishlarining ayrimlariga yakun yasaldi. Los Anjeles va Filadelfiya politsiyasi namoyishchilarni boshqa joyga ko’chishga majbur qildi, palatkalarini buzib tashladi. Poytaxt Vashingtonda esa ommaviy chiqishlar tinmayapti.

Politsiyaning namoyishchilarga nisbatan keskin chora ko’rayotgani yangi chiqishlarga turtki berdi. Vashingtondagi faollardan biri Kevin Zis fikricha, harakatga butun xalq jalb etilishi kerak.

”Odamlar nihoyat siyosatda o’z ovoziga egaligini tushunib yetdi. Birgalikda harakat qilinsa, siyosatga ta’sir qilish mumkinligini angladi. Xalq katta kuchga ega. Bu jarayonni hech kim orqaga qaytara olmaydi”.

Namoyishchilar e’tiborni ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikka qaratmoqda. Ular bunda o’tgan 30 yillik siyosatni, respublikachi va demokrat prezidentlarni birdek ayblaydi.

1981-yilda prezidentlikka kelgan Ronald Reygan hukumat xususiy sektorga aralashmasligi kerak, farovonlik garovi shu, deb hisoblagan.

Vaholanki, 1979-yildan buyon bor-yo’g’i 1 foiz amerikaliklarning daromadi uch barobar oshgan, qolganlarniki esa o’sha-o’sha qolgan. Bizneslarga erkinlik berib, nazorat pasaygani pand berdi, deydi ayrim ekspertlar.

”Aholining 99 foizi foyda ko’rmay, faqat 1 foizigina boyigani barcha uchun muhim ma’lumot. Siz 99 foizga kirsangiz, ahvolingiz voy. Statistika ham shuni ko’rsatmoqda. Qani mening ulushim deb so’rayapti odamlar", - deydi Vashingtondagi Siyosiy tadqiqotlar instituti tahlilchisi Jon Kavano

Vashingtondagi namoyishchilar

Vashingtondagi namoyishchilar

Amerikaliklar orasida Reygan go’yasini qo’llab-quvvatlaydiganlar ham ko’p. Ba’zilar, shu jumladan Amerika tadbirkorlik instituti xodimi Piter Vollison boy va kambag’allar o’rtasidagi tafovut haqidagi gaplarning avjiga chiqishida matbuotni ayblaydi.

“Jurnalistlar va matbuot, xususan boshqa axborot vositalari uchun o’rnak bo’lgan “Nyu-York Tayms” gazetasi namoyishlarni yorita boshlaganida, ularning pozitsiyasini respublikachilarga qarshi qaratishga harakat qildi. Ya’ni muammolarda konservatorlar ayblandi. Buni ko’rib odamlar AQSh uchun ijtimoiy tengsizlik haqiqatan ham jiddiy muammo ekan degan fikrga keldi”.

Vollison fikricha, eng muhimi – Amerikada har bir odam oddiy ishchidan yirik korporatsiya rahbariga aylanish imkoniga ega. Mehnat qilsa bo’lgani, deydi u. Bozor iqtisodiyoti harakat qilgan odam uchun katta yo’llar ochib beradi. Mana shunday jamiyatni qadrlash kerak, deydi Vollison.

Vashington

Vashington

“Amerikada vaziyat shunday qolsa, ya’ni davlat fuqarolarga shunday imkoniyatlarni yaratishda davom etsa, daromaddagi tafovut haqidagi gaplar namoyishlar tugaganidan keyin odamlar esidan chiqib ketadi.”

Namoyishchilar esa imkoniyatlar cheklangan, deydi. Kevin Zis chiqishlarni davom etirmoqchi.

“Biz yirik korporatsiyalar hukmronligiga chek qo’yamiz. Pul emas, xalq ustuvor bo’lsin. Hukumat vijdonli bo’lsin. Amerikada shu narsa yo’qolgan”.

Yanvar oyida namoyishchilar avtobuslarda shtatma-shtat kezib, saflarini kengaytirmoqchi. Mart oyida esa Amerika bahori nomi ostida katta chiqishlar rejalangan. Namoyishlar markazi aynan Vashington bo’ladi, deydi faollar, butun dunyodan odam yig’iladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG