Breaking News

Vashingtonda norozilik namoyishlarining yangi to'lqini


Kongress oldida norozilik namoyishlari... Vashington, 17-yanvar, 2012
Kongress oldida norozilik namoyishlari... Vashington, 17-yanvar, 2012

Vashingtonda ommaviy norozilik chiqishlari yana avj olmoqda. Amerika shu kunlarda tenglik kuychisi Martin Lyuter Kingni xotirlar ekan, uning “Bir orzum bor” degan mashhur nutqi bu namoyishchilarning og’zidan tushmaydi. Adolat uchun kurashgan bu shaxsning unutilmas so’zlari – ularning shioriga aylangan.

Martin Lyuter King Amerikada adolat uchun kurashgan
Martin Lyuter King Amerikada adolat uchun kurashgan

1960-yillarda fuqaro huquqlari uchun harakat avjiga chiqqan bir davrda aytilgan qo’shiqlar…

Yuzlab amerikaliklar AQSh markaziy banki, “federal zaxira”, oldida turib, iqtisodiy-ijtimoiy adolatga chaqirmoqda.

“Martin Lyuter King va uning o’gitlarini yodga olib, hukumatga o’z talablarimizni qo’yayapmiz”,- deydi Stiven Smit, namoyish tashkilotchisi.

Nyu-York
Nyu-York

O’tgan yilning sentabr oyida AQSh moliya markazi Nyu-Yorkda, yirik birja va sarmoya banklari joylashgan "Uoll-Strit" (Wall Street) ko'chasida xususiy sektor va uni quvvatlovchi siyosatchilarga qarshi namoyishlar boshlangan edi.

Bugunga kelib ular butun mamlakat bo’ylab tarqalgan.

Turli mayda guruhlar yagona bir ittifoqqa birlashishga harakat qilmoqda, “Uoll-Stritni egallang” shiori ostida.

Namoyishlar qay shaharda, qay idora oldida o’tayotganiga qarab, bu shior o’zgarib turadi, masalan “Kongressni egallang” yoki “Los Anjelesni egallang”.

Qatnashchilar ommani ularga qo’shilishga undab, asosan uch talabni olg’a surmoqda.

Birinchidan, oliy ma’lumotli bo’lish uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ya’ni universitetda o’qishni arzonlashtirish, toki federal hukumat bu sohaga ko’proq mablag’ ajratsin.

Ikkinchidan, iqtisodiy inqiroz oddiy odamlarning aybi emas, aynan moliyaviy tizim va xususiy sektorning xatosi. Shu bois hukumat uy-joyidan ayrilayotgan fuqarolarga yordamni oshirsin. Banklarga kreditga olingan mulkni tortib olish uchun yo’l berilmasin.

Uchinchidan, Uoll Stritda milliardlab dollar daromadini sanab o’tirgan kompaniyalar kamida 100 milliard dollarlik jamg’armaga asos solib, uni yangi ish o’rinlari yaratish va aholi hayotini yaxshilash uchun sarflasin.

Chikago
Chikago

Bu quruq talab emas, deydi namoyishchilar yetakchisi, ruhoniy Jamol Brayant. 14-fevraldan boshlab bu harakat yanada kuchayadi, deydi u.

U kabi liderlar amerikaliklarga bir iltimos bilan chiqmoqda: pulingizni katta banklardan olib, uni aynan o’zingiz yashayotgan hududdagi kichik jamg’arma va kredit uyushmalariga tashlang.

“Kapital o’z mahalla va tumanlarimizda tursin. Yirik biznes va moliyaviy korporatsiyalar faqat o’zini o’ylaydi. Pulingizning rohatini ular ko’radi. Uni shu yerda saqlasangiz, foydasi ham shu yerda bo’ladi. Iqtisodiy inqilobga chaqiraman yurtdoshlarimni”,- deydi Jamol Brayant.

Nyu-York, sentabr, 2011
Nyu-York, sentabr, 2011

Siyosat va iqtisod uydan va mahalladan boshlanadi, deydi namoyishchi. Ishsizlikka qarshi kurash, yo’qsillarning boshini silash…

Martin Lyuter King 40 yil e’tiborni mana shu muammolarga qaratgan edi. Ular hamon har yerda ko’zga tashlanadi.

Xususiy sektor barq urgani bilan jamiyat bu kamchiliklardan qutula olmadi, deydi Oq Uy va Kongress oldida hayqirayotgan amerikaliklar.

Namoyishchilarning fikriga qo’shilmaydigan amerikaliklar ham ko’p. Kongress a’zolari orasida kimdir bu namoyishchilarni quvvatlasa, yana kimdir ularni qoralaydi. Lekin har ikki tomon bugun mamlakatda siyosiy kelishmovchilik uchiga chiqib, iqtisodni yaxshilash uchun zarur qarorlar qabul qilinmayotganini birdek tan oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG