Kaliforniya sohillarida suv ilib borayotganidan baliqchilar xavotirda

  • Amerika Ovozi

Kalmar Kaliforniyada baliqchilikning asosiy daromad manbaidir. Mollyuskalar oilasiga mansub, sakkiz oyoqli bu jonivor ovlanib, Osiyo va O’rta dengiz davlatlariga eksport qilinadi.

Lekin oxirgi bir necha oyda kalmar Kaliforniya janubidagi suvlardan g’oyib bo’lmoqda va olimlar bunda okeanda harorat oshib borayotganini ayblaydi. Korbin Xanson va hamkasb baliqchilarning tirikchiligi okeanning saxiyligiga bog’liq. Oxirgi paytlarda ishlar orqaga ketdi.

“Kalmar bizning nonimiz. Ana shu jonivorning sharofati bilan ro’zg’orimiz but edi”, - deydi Korbin Xanson.

Lekin to’rt oydan oshibdiki, Xanson birorta kalmar ovlay olmadi:

“Soatlab okean kezib, quruq qaytib kelish… Asabda asab qolmas ekan”.

Okeanograf mutaxassislarning aytishicha, kalmar va boshqa baliqlar shimolga, sovuq suvlarga qochayapti. Los-Anjeles yaqinida fikr almashish uchun yig’ilgan olimlarning aytishicha, suvda harorat ko’tarilib borayotganida gap.

“So’nggi 30 yilda iliq suvlar maydoni juda kengaydi. Bu uzoq yillardan beri qayd etilgan eng yuqori ko’rsatkich”, - deydi olim Endryu Leysing.

Iliq suvlarda harorat nomal ko’rsatkichdan to’rt daraja Selsiy yuqori. Nafaqat suvning sathi, balki okean tubi ham tobora isimoqda. Bu jarayon “El Ninyo” deya ataladi.

Lekin meteorologlar yaqin orada vaziyat ijobiy tomonga o’zgarishini bashorat qilayapti.

“Yozda okean suvi ancha soviydi. Ehtimol, kelasi yil qishda Tinch okeani sharqi va markazida harorat odatdagidan biroz pasayishi mumkin. Suvlar sezilarli soviydi”, - deydi meteorolog Mark Jekson.

Bu esa Korbin Xanson va boshqa baliqchilar uchun yaxshi xabar.

“Bu yil baliq ovlash uchun yangi to’rt va boshqa vositalarni yangilab o’tirmadik. Shu mavsumdan o’tib olsak bo’ldi”, - deydi Xanson.

Okean suvi sovisa, qarabsizki, baliqlar ham, daromad ham qaytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG