Ogayodagi kasaba uyushmalar a'zolari kimga ovoz beradi?

  • Amerika Ovozi

Ogayollik duradgorlar

Ogayollik duradgorlar

Amerika siyosatchilari saylovlarda hamisha kasaba uyushmalar ovozlarini olishga intilib kelgan. Uyushma rahbarlari va minglab ishchilar odatda demokratlarga ovoz berib kelgan. Biroq so’nggi yillarda kasaba uyushmalar va ularning a’zolari soni kamayib bormoqda.

“Amerika Ovozi” yaqinda Ogayo shtatida bo’lib, mahalliy kasaba uyushmalarning hozirgi saylov kampaniyasiga munosabatini o’rgandi.

33 yashar Jonni Nikum duradgorga shogird bo’lib tushgan. Turizm va dam olish sanoatida birim ikki bo’lmadi, deydi u. Endi esa usta bo’lmoqchi. Nikum noyabrda o’z kasaba uyushmasi yoqlagan nomzodga ovoz bermoqchi emas.

“Trampga ovoz bersam kerak”, - deydi u.

So’nggi yillarda ko’plab fabrika-zavodlar yopilib, ba’zilari xorijga chiqib ketdi - kasaba uyushmalar odatda demokratlarga ovoz beradigan a’zolardan ayrildi.

1960-yillar oxirida, Xillari Klinton va Donald Tramp oliy o’quv yurtini tamomlaganida har to’rt ishchidan biri kasaba uyushma a’zosi edi, hozir esa har 10 ishchidan biri.

Kongressdagi demokratlar zavod-fabrikalarni tiklash kerak, demoqda, ammo 8-noyabr kuni kasaba uyushma a’zolari kimga ovoz berishi bu gal aniq emas.

Don Vargo hayotining 52 yilini Ogayodagi po’lat va metal kompaniyasiga berdi.

“Bir kun Trampga ovoz beraman, deyman, keyin ertasiga fikrim o’zgarib, Klintonga ovoz beraman, deyman. Yo’q, hech biriga ovoz bermayman”, - deydi u.

Don Vargo a’zo bo’lgan Birlashgan Amerika konchilari kasaba uyushmasi haligacha hech bir nomzodni yoqlagani yo’q.

“So’nggi bir necha yilda ishini yo’qotgan odamlarimiz kimga ovoz berishni bilmay hayron. Iqtisodiy inqiroz emas, haqiqiy tanazzulni boshdan kechiryapmiz”, - deydi uyushma rahbari.
Nikum uyushma kimni qo’llab-quvvatlashga qaror qilsa ham o’z fikridan qaytmoqchi emas.

“Doim ham ular aytgan ishni qilish shart emas. Demokratiyaning go’zalligi ham shunda - mustaqil fikr bildirish va tanlash imkoniyatida”, - deydi u.

Ogayodagi 670 ming ishchi kasaba uyushmalarga a’zo. Saylov kuni ularning ovozi hal qiluvchi kuchga ega bo’lishi ham mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG