Breaking News

Andijondan kelgan jamoa Amerikada ham gullab yashnamoqda


Bahromjon Abdurasulov, Ogayo shtatida "Oltin Vodiy" restoranini yuritayotgan o'zbekistonliklardan biri
Bahromjon Abdurasulov, Ogayo shtatida "Oltin Vodiy" restoranini yuritayotgan o'zbekistonliklardan biri

2005-yilning may oyida Andijonda yuz bergan qonli voqealar oqibatida ona yurtidan chiqib ketgan o'zbekistonliklarning bir guruhi ayni damda Ogayo shtatining Akron shahrida yashaydi.

Ularning aytishicha, vatanni tark etishlariga ham, biznesdagi muvaffaqiyatlari, ahilligi, birligiga ham ayni omillar sabab bo'lgan.

Hayotda har bir muvaffaqiyat, har bir yutuqning o’ziga yarasha siri bo’ladi. Ayniqsa biznesda. Andijon voqealaridan so’ng dunyoning turli davlatlariga qochqin bo’lib chiqishga majbur bo’lgan yuzlab insonlar qisqa vaqt ichida qaddini rostlab, bugun o’z oldiga katta reja va maqsadlarni qo’ymoqda.

Yusuf Sobirov
Yusuf Sobirov

“Bunaqa harakatlarni qilishlik uchun jamoa bo’lish kerak degan bir xulosaga kelilingan va 1990-yillarda tashkil etilgan bu jamoa”, - deydi guruh a’zosi Yusuf Sobirov.

“Bunaqa sistemada yurishlik nimani talab qiladi desa, inson, hali aytganimizdek, o’zini o’nglashi kerak. U qanday qilib o’nglaydi desa, boshqalarni manfaatini ko’proq ko’zlaydigan bo’lishlikka intilib yashaydi”, - deydi u.

Jamoaga turli kasb egalari, hamfikr, qalbi toza, yordam qo’lini cho’zishga hamisha tayyor insonlar a’zo va bu muvaffaqiyatlarimiz garovidir, deydi andijonlik Shuhrat Toshpo’latov.

“Tushayotgan daromadimizdan 20 foizini shu jamoamizga ajratamiz. Ajratishimizdan maqsad bizda kam ta’minlangan oilalar bor. Ularga yordam qilamiz. Undan tashqari o’zimizning vatanimizda qanchadir hibsda o’tirgan oilalar bor. Ularning oilalari, farzandlari. Ularni ta’minlaydigan erlari turmada bo’lganidan keyin biz ularga qo’limizdan kelganicha ta’minotiga yordam qilamiz. Ularning farzandlari balog’at yoshiga yetgan bo’lsa, turmushga chiqadigan, uylanadigan bo’lsa, ana shularga ham shu 20 foizning ichidan yordam qilamiz”.

“Biz shunchaki jamoamiz misolida O’zbekistonda xalq hayotini yaxshilash mumkinligini namoyish etdik, hukumat esa bizni raqib deb bildi”, - deydi bu insonlar.

Shuhrat Toshpo'latov
Shuhrat Toshpo'latov

O’zbekiston hukumati ularni “akromiylar” deb atab, ularni terrorchilikda ayblaydi.

“Bizning rivojlanishimiz shunaqa kuchayib ketdi-ki, o’zimizning bog’chalar ishladi. O’zimizni maktabimiz ochildi, to’garaklar ochildi. Hammasi jamoamizga qarashli edi. Odamlar bizga shunaqa intilishni boshladi-ki, ‘mening og’limni ishlating”, “mening ukamni ishlating, iltimos, biz sizlarni yahshi bilamiz” deb. Xalq intila boshladi bizga”,- deydi Yusuf Sobirov.

Bahromjon Abdurasulov 2005-yil 13-mayida Andijondagi namoyishni kuzatgani chiqib, hukumat kuchlari hujumidan so’ng to’s-to’polonda, jon saqlash maqsadida mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan. Jamoaga o’sha kuniyoq qo’shilgan. Tizimimiz muvaffaqiyatli bo’lgani uchun Amerikada ham yo’limizni topib ketdik, deydi u.

“Biz shuni ko’rgan, yaxshilikni ko’rib shunaqa yaxshi hayotni nafaqat o’zimizga balki barcha qiynalgan insonlarga tilaymiz. Hammaning yaxshi yashashga haqqi bor. Ular ham ko’rsin, zulmdan ozod bo’lsin. Chiroyli hayot kechirsin. Oilalari bilan tinch o’tirsin. Bola-chaqalarini oldiga doim ishdan qaytib kelsin, kech kirganda. Pul topaman deb mardikorlik qilib, chet ellarda yurib sarson bo’lib, o’zi ham, oilasi ham qiynalib yurmasin. O’zimizning O’zbekistonda ham ish to’lib yotibdi. Har jihatda ish bor. O’zbekistonda katta tashkilotlarni yurgazish mumkin”, -deydi Bahromjon Abdurasulov.

Bu insonlar 2005-yildan oldin ko’p biznes sohalarida yutuqlarga erishib, turib qolgan korxonalarni qayta ishga tushirar, vaqtida soliqlarni to’lar, maoshlarni davlat oyligidan 10 baravar ortiq berar, bu esa ularning xalq orasida obro’si ko’tarilib, davlatga raqobatchi qilib ko’rsatib qo’ygan edi.

Shuhrat Toshmatov
Shuhrat Toshmatov

“Inson bor ekan, orzu umidi bo’lmasa, yashashdan ma’no ham yo’q bo’lsa kerak”, -deydi Shuhrat Toshmatov.

Ular O’zbekistonda o’zgarish bo’lib, yaxshi hayot bo’lishidan umid qiladi.

“O’zgarish bo’lishi uchun eng avvalo insonning, o’zbek xalqinining qadriyatlari, huquqlari, har bir insonning haq-huquqlari, ijtimoiy- iqtisodiy muhofazasi to’liq yo’lga qo’yilgan bo’lishi kerak. Ularda fikr erkinligi bo’lishi kerak. Fuqarolik burchlariga chiroyli yondasha oladigan jamiyat barpo bo’lishi kerak”, - deydi Yusuf Sobirov.

Bu tadbirkor insonlar o’zlari asos solgan taraqqiyot tizimini O’zbekistonda davlat miqyosida qo’llash mumkin deya, bu sistemani iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yechimi deb biladi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG