Toshkent islom dunyosi bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqmoqchi


50 dan ortiq a'zo davlati bo'lgan tashkilot tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig'ilishini O'zbekistonda o'tkazish o'tgan yili tasdiqlangan qaror.

50 dan ortiq a'zo davlati bo'lgan tashkilot tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig'ilishini O'zbekistonda o'tkazish o'tgan yili tasdiqlangan qaror.

Islom Hamkorlik Tashkilotining Toshkentda o'tgan navbatdagi yig'ilishi islom dunyosi bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqish uchun imkoniyat sifatida baholanmoqda.

Tashkilotga raislikni qabul qilgan O'zbekiston islom davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga urg'u bermoqda. Toshkentdagi yillik yig'ilishda qatnashgan muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev islom dinini turli xurujlardan himoya qilish lozimligi haqida gapirgan, o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar bilan chiqqan. Ammo islomga nisbatan siyosatni yumshatish rejasi tilga olinmaydi.

50 dan ortiq a'zo davlati bo'lgan tashkilot tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig'ilishini O'zbekistonda o'tkazish o'tgan yili tasdiqlangan qaror, ammo bu yig'ilish O'zbekistondagi jiddiy o'zgarishlar davriga, Islom Karimov hukmronligi tugashi, mamlakatda yangi hokimiyat shakllanayotgan bir paytga to'g'ri kelmoqda.

Bu yangi hokimiyatning qanday yo'ldan ketishini kuzatayotgan islom dunyosi uchun ham, bu boradagi aloqalarini qayta ko'rib chiqishga ehtiyoji bor O'zbekiston uchun ham imkoniyat ekani aytilmoqda.

Fransiyada yashayotgan o'zbek siyosatshunosi Kamoliddin Rabbimovga ko'ra, Toshkentdagi yig'ilishda tashqi dunyoga o'z talablarini qo'yish bilan tanilgan Karimov emas, muloqotga moyillik bildirayotgan Mirziyoyevning chiqish qilayogani yaxshi siyosiy fursat:

“Bu birinchidan, O'zbekiston uchun ijobiy fursat, siyosiy aloqalarni qayta ko'rib chiqish uchun, ikkinchidan, agar Karimov o'lmaganida va tadbirni boshqarganida ohang ancha boshqacha bo'lardi. Ya'ni bugungi kelgan mehmonlarning yanada ko'prog'i Toshkentga kelmasligi mumkin edi. Hozirgi kelgan mehmonlarning asosiy vazifasi esa yangi hukumat bilan tanishish, uning moyilliklarini o'rganish. Albatta, bu yerda yakuniy xulosalar haqida gapirishga erga, ammo bu yig'ilish Toshkentda o'tayotgani O'zbekiston uchun ham, Islom Hamkorlik Tashkiloti uchun ham aloqalarni boshqatdan tashkil etish uchun yaxshi siyosiy fursat”.

Mirziyoyev majlisda qilgan chiqishi O'zbekistonda islomga nisbatan siyosatda biror o'zgarishlar kutilayotganidan darak bermaydi. Yaqin Sharqni yadroviy quroldan xoli hudud sifatida ko'rish, terrorizmga qarshi hamjihatlikda kurashish, iqtisodiy hamkorlik, tarixiy allomalarning meroslarini o'rganish va targ'ib qilish tashkilot doirasida muqaddam takrorlab kelinayotgan fikrlardan.

Toshkentdagi majlis arafasida esa mamlakatdagi diniy mahbuslarning qarindoshlari, namozxonlar ustidan nazorat kuchaygani, konstitutsiya munosabati bilan e'lon qilingan amnistiya ham ularni chetlab o'tgani qayd etildi.

Rabbimovga ko'ra, O'zbekistondagi mavjud diniy siyosat bevosita Karimov shaxsiyatiga ham bog'liq edi. Karimov endi yo'q, an'anaviy diniy tarbiyaga ega Mirziyoyev esa islom dunyosi bilan yaqin hamkorlikdan cho'chiyotgani yo'q:

“O'zbekiston yangi hokimiyati qamoqxonadagi minglab namozxonlar, diniy e'tiqodni cheklovchi amallar, shu kabi boshqa omillar muammo ekanini juda yaxshi tushunadi. Lekin ayni paytda O'zbekistonda jamiyat va davlat o'rtasidagi ziddiyatni kamaytirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini, shu jumladan, islom dunyosida ham, yaxshilash uchun nimadir qilish kerakligini ham biladi. Mirziyoyevning Karimovdan farqi shundaki, Karimov sobiq ittifoqda ijtimoiylashgan shaxs edi. Mirziyoyevning ijtimoiylashishi esa aynan uyg'onish davriga to'g'ri keladi, an'anaviy o'zbek jamiyatida shakllangan Mirziyoyevning islomdan, islom dunyosidan xavotirga tushishi uchun asoslar yo'q, shuning uchun unda bu boradagi siyosatni ko'rib chiqishga moyillik bor deb hisoblayman”, - deydi Rabbimov.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, IHT tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-yig'ilishi yakunlariga oid Toshkent deklarasiyasi qabul qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG