Neft bahosi yaqin kelajakda oshadimi?

  • Amerika Ovozi

So’nggi oylarda jahon bozorida neft narxi keskin pasayib ketdi. Sarmoya kamaygani sari ko’plab ish joylari qisqarmoqda. Shunga qaramay bu soha yetakchilari fikricha, qora oltin sanoati istiqboli porloq.

Shimoliy Amerika Neft ko’rgazmasida asosiy e’tibor “qora oltin” narxining pasayganida bo’ldi. Xyuston unga mezbonlik qildi.

Bufelo Lushettl va “Namcor” Namibiya milliy neft kompaniyasining boshqa vakillari sarmoyadorlar topish ilinjida.

“Bu gaz va neft sanoatidagi odatiy jarayon: narxlar to balandlaydi, to yana pasayadi. Tez orada narxlar ilgarigi darajaga qaytadi, degan umiddamiz”.

Neftni qazib olish bo’yicha mutaxassis Richard Sams ko’p yillik tajribasiga asoslanib gapirar ekan, sabr-toqat kerak, deydi.

“Ish faoliyatimni boshlaganimda bir barrel neft narxi 3 dollar bo’lgan. So’ngra 35 dollargacha sakrab, keyin yana 12 dollarga tushgan. Bunday o’zgarishlar bo’lib turadi,” - deydi u.

AQSh Energetika axborot agentligiga ko’ra, slanets neftni qazib olish boshlangani sababli keyingi yilda neft hajmi joriy yilgidan ancha ko’proq bo’ladi. Demak, narxlar pastligicha qoladi.

Ammo “Shell Oil” kompaniyasining sobiq prezidenti, hozirda “Fuqarolar arzon energiya uchun” nomli nodavlat tashkiloti rahbari Jon Xofmayster fikricha, kelasi oylarda neft kamayib, narxlar yana oshadi.

“Burg’ulash minoralari yopilmoqda, ilgarigi konlardan neft oxirigacha olinmayapti. Neft konlari egalari bir-ikki yil kutib, keyin minoralarni qayta o’rnatishi mumkin. Demak, bu vaqt davomida neft narxlari pastligicha qoladi, so’ngra odamlar ko’proq neft qazib olish kerak, deb yana pul sarflaydi va ish ko’lamini kengaytiradi,” - deydi u.

Dunyo bozorida neftga talab oshib boraveradi, deya ishonch bildiradi Xofmayster. Iqtisodiy o’sish va aholining ko’payishi sababli kuniga qo’shimcha 100 million barrel neft kerak.

“Bugun kuniga 92 million barrel neft qazib olinadi. Kelasi 5-6 yil ichida bu raqam 100 millionga yetadi. Yiliga ishlab chiqarilayotgan neft hajmi 5 foizga kamayganini hisobga olganimizda ham, katta miqdorda mahsulot kerakligini tushunish qiyin emas”.

Dunyoda neft ko’p, deydi Xofmayster. Ammo bu qimmat va xavfli biznesga aylanmoqda. Muqobil energiya manbalarini rivojlantirish kerak, deydi u, jahon iqtisodining neftga qaramligini keskin kamaytirish kamida 50 yil talab qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG