Neft narxining tushishi global iqtisodiyotga ta'sir o'tkazmoqda

  • Amerika Ovozi

Tobora tushib borayotgan neft narxi global iqtisodiyotga katta ta'sir ko'rsatmoqda. Tahlilchilarga ko'ra, bu jarayon Saudiya Arabistoni, Eron, Rossiya kabi dunyoning yirik neft ishlab chiqaruvchilari uchun jiddiy sinov.

Qora oltin qiymati keskin tushishi oqibatida AQShda ham benzin narxlari so'nggi yillardagi eng quyi nuqtaga yetdi.

Yevropa va Osiyo davlatlarida iqtisodiy o'sishning sustlashishi va natijada talabning kamayishi qora oltin narxining tushishiga sabab bo'lgani aytiladi. Shuningdek, AQShda neft ishlab chiqarish hajmining ortgani ham global bozorni o'zgartirgan.

Energiya zaxiralari bo'yicha mutaxassis Jeyms Berkli fikricha, asosiy daromadi neftdan bo'lgan davlatlar katta zarar ko'rmoqda.

"Qora oltinga ega davlatlar xuddi qimor o'yini o'ynayotgandek", - deydi u.

Neft eksport qiluvchi mamlakatlarni o'zida jamlagan OPEC neft narxi tushib ketgan paytda odatda ishlab chiqarish hajmini kamaytiradi. Ammo bu safar tashkilot a'zolari bu borada kelisha olmayapti.

Masalan, Saudiya Arabistoni neftni katta miqdorda ishlab chiqarishda davom etmoqda. Qirollik ulkan moliyaviy zaxiralarga ega. Bu davlatning maqsadi mintaqadagi asosiy raqibi Eronni inqirozga boshlashdir, deydi La Sal universiteti professori Eduard Turjanski.

"Saudiya Arabistonining o'zi kamroq daromad qilmoqda, ammo Eron yanada ko'proq zarar ko'rishini biladi", - deydi u.

Neft narxining tushishi Rossiya va Venesuela kabi iqtisodiyoti tabiiy zaxiralarga qaram davlatlarga ham jiddiy shikast yetkazmoqda. Bu mamlakatlarning yillik byudjeti neftdan keladigan daromadga bog'liq. Shu bois ular yaqin kelajakda xarajatlarini qayta ko'rib chiqishga majbur bo'lishi mumkin.

Arzon neftdan AQSh kompaniyalari ham manfaatdor emas. Lekin Amerika neft instituti rahbari Jek Jerardning aytishicha, texnologik yangiliklar va ishlab chiqarish tannarxining arzonlashishi tufayli AQSh bizneslari inqirozga yuz tutmaydi.

"Biz hozir dunyoning eng asosiy neft va gaz ishlab chiqaruvchisi degan nomni Rossiya va Yaqin Sharqdan tortib olmoqdamiz", - deydi u.

Tahlilchi Berkli nazarida esa buning global ta'sirlari cheksiz.

"Kelasi 3-5 yilning eng katta iqtisodiy va geosiyosiy masalasi shu bo'ladi", - deydi u.

Mutaxassis taxminicha, neft narxlari, energiya ishlab chiqarish hamda iqtisodiy o'sish bo'yicha global raqobat kuchayishda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG