Breaking News

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi g'alayonlarni deb neft qimmatladi


Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi g'alayonlarni deb neft qimmatladi
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi g'alayonlarni deb neft qimmatladi

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi g'alayon va tartibsizliklar sabab jahon bozorida neft narxi barreliga 100 dollardan oshib ketdi. Natijada AQShda benzin qimmatlab, oila va bizneslarga og'ir tushmoqda.

Jahonda xom neft qimmatlashib, mashinasiga yoqilg'i quyish uchun kelgan amerikaliklarning xafsalasi pir.

"Talabaman. O'qishimgacha 45 minut haydab borishim kerak. Yaxshi bo'lmapti", - deydi ulardan biri.

Ko'plar sharoitga moslashishga harakat qilyapti. Mashinani kamroq haydashga yoki benzin kam yeydigan avtomobil ishlatishga o'tgan.

"Ishim uyimdan uzoq. Kichikroq mashinamiz bor, Ford Fusion, kamroq benzin yeydi. Hozircha o'shani haydab turibman", - deydi yana bir odam.

Narx baland bo'lgani bilan 2008-yil darajasigacha chiqqani yo'q. O'shanda neft barreliga 147 dollardan oshgan edi.

Texasdagi Rays universitetida Iqtisodiyot fakulteti mudiri Mahmud al-Jamolning aytishicha, benzin bahosi hozirgidan oshsa ham, talab pasaymaydi.

"Odamlar hayot uslubini, shaharlar esa ish uslubini o'zgartirishi uchun qimmatchilik uzoq vaqt davom etishi lozim", - deydi mutaxassis.

Amerikada Xyuston kabi aksariyat yirik shaharlar zich joylashmagan. Odamlar ishga yoki o'qishga uzoqdan qatnaydi.

Professor al-Jamolning aytishicha, bir vaqtlar odamlar shaharni tark etishga shoshilardi, hozir esa urbanizatsiya kuzatilyapti.

"Odamlar sekin-sekin shaharga ko'chyapti", - deydi u.

Neft ishlab chiqaruvchi davlatlarning katta qismi Yaqin Sharqda joylashgani bois Liviyadagi kabi g'alayonlar yonilg'i qimmatlashishiga asosiy sabab deya ko'rilmoqda.

Al-Jamolning aytishicha, ta'minot tizimidagi uzilishlar nafaqat Amerika, balki dunyoning boshqa nuqtalarida ham qimmatchilikka olib keladi.

"Qo'shma Shtatlar Yaqin Sharqdan ko'p neft import qilmaydi. Aksariyatini Kanadadan olamiz. Ammo bu global bozor. Umumiy talab va taklif narxni belgilovchi omillar", - deydi olim.

Liviyadan ko'ra Bahrayn alanga olishidan xavotirdaman, deydi professor al-Jamol. Neftga boy Fors ko'rfazi orqali o'tuvchi dengiz yo'nalishlari shu mamlakatga juda yaqin.

Uning aytishicha, ko'rfazdan chiqish yo'llari to'silsa, bir barrel neft 120 emas, 300 dollargacha chiqishi mumkin.

Amerikaning Texas kabi shtatlarida neft ishlab chiqilsa-da, hajmi kam, ichki talabni qondira olmaydi, shu sabab Qo'shma Shtatlar qora moyning uchdan ikki qismini chetdan import qiladi.

Jahon bozorida neft narxi dollarda belgilanadi. Benzinning qimmatlashgani, mutaxassislar nazarida, dollarning zaifligi, Xitoy va Hindistonda neftga bo'lgan ehtiyojning o'sayotgani va global neft ta'minotida uzilishdan dalolatdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG