Qora dog’ AQSh janubiy sohillariga yetib keldi

  • Amerika Ovozi

Meksika bo’g’ozini neftdan tozalash ishlari qiyin kechmoqda. Halokatga sababchi British Petroleum kompaniyasi sustlikda ayblanmoqda.

AQSh rasmiylari ish oxiriga yetmaguncha, chekinish yo’q, kompaniya muammoni hal qilishi, zararni qoplashi kerak, demoqda.

O’tgan oy Meksika bo’g’ozida neft platformasi portlab, 11 konchi halok bo’lgan edi. Bu payt ichida minglab barrel qora oltin suvga tarqalib ulgurgan. Neft AQShning janubiy sohillariga yetib, ekologiyani zaharlay boshlagan.

“Tabiatga tiklab bo’lmas zarar yetkazildi”, - deydi ekologiya masalalari bo’yicha vazir Ken Salazar. “BP kompaniyasi muammoni hal qilishiga ko’zim yetmaydi, hukumat yordam qo’lini cho’zishi kerak”, - deydi u.

Biroq hukumat bunga shoshmayapti. Ofatni boshlaganlar uni hal qiladi, deydi rasmiylar.

British Petroleum rasmiylari omma kayfiyati, norozilik hissini tan olmoqda. “Tozalash ishlariga bor imkon, mablag’ni sarflayapmiz. Shu paytgacha 760 million dollar xarj qilindi”, - deydi kompaniya xodimi Dag Shutls. Jarayonga eng sara olimlar, eng zo’r mutaxassislar jalb qilingan.

Qora oltin suvni zaharlar ekan, Luiziana sohillarida tirikchilik qiladigan aholi hayoti xavf ostida. Shu kungacha kamida 23 million litr neft oqib chiqqan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG