Dengiz va tirikchilik, Meksika ko’rfazi bo’yidagi hayot

  • Amerika Ovozi

Ustritsa - amerikaliklar sevgan ovqatlardan biri. Meksika ko'rfazidagi neft halokati sabab ularning sifati va hajmi kamaygan.

Ustritsa - amerikaliklar sevgan ovqatlardan biri. Meksika ko'rfazidagi neft halokati sabab ularning sifati va hajmi kamaygan.

Bundan ikki yil avval Meksika ko’rfazida neft platformasi portlab, 11 odam halok bo’lgan, 4,9 million barrel neft suvga to’kilgan edi. Bu Qo’shma Shtatlar tarixidagi eng jiddiy ekologik falokat. Uning oqibatida dengiz suvi ifloslandi, ustritsa tutishning iloji bo’lmay qoldi. Luiziana shtati bu biznesdan katta foyda olar edi. Endi esa tadbirkorlar qiyinchilikka yuz tutgan. Iste’molchilar ustritsani yeyishga xavfsiraydi.

Ikki yil oldingi falokat sabab aka-uka Nik va Pol Kollinslarning hayoti tubdan o’zgardi.

“Bizni juda boy deb bo’lmasdi, albatta, masalan, dunyoni keza olmasdik, lekin ipotekani to’lash, benzin yoki oziq-ovqat sotib olishda qiyinichilik yo’q edi. Endi esa bu muammoga aylandi,” - deydi Nik Kollins.

Nik va Polning ota-bobolari ham ustritsa sotib kun ko’rgan.

“Hududning 90 foizida suv zaharlandi, chig’anoqlarning hammasi o’ldi”.

12 yashar o’g’li singari Nik ham yoshligidan oilaviy biznesga qiziqqan. Endi esa farzandi kelajagidan xavotirda. Tirikchiligi barbod bo’ldi. Biror yangi ishga qo’l urish esa oson emas.

Ustritsalar Luiziana restoranlarida taklif etiladigan asosiy taomlardan edi

Ustritsalar Luiziana restoranlarida taklif etiladigan asosiy taomlardan edi

“Otam universitetga kirasan der edi. Men esa “yo’q, ustritsa bilan shug’ullanmoqchiman”, derdim. Oilamizing noni-da bu,” - deydi u.

Falokatdan jabr ko’rganlarga 20 milliard dollar yordam puli ajratilgan. Kollinslar kompaniyasiga 44 ming dollar tegdi. Bu madadning 14 ming dollari Nikniki. Lekin bu yetarli emas, deydi u.

British Petroleum “ha, biz Luiziana ustritsalarini yo’q qildik”, deyishga yuragi betlamayapti. Vaholanki, ular aybdor. AQSh ustritsasining 80 foizi Luizianada yetishtirilardi. Endi esa yo’q.”

“Ular bu yerda yashamaydi-da, nima bo’layotganini ko’rmaydi,” - unga jo'rf bo'ladi Pol Kollins.

Taniqli advokat Kennet Faynberg British Petroleum va Obama ma’muriyati tuzgan jamg’armaga rahbar etib tayinlandi. Nik va boshqa tadbirkorlar yordam pulining qanday taqsimlanganidan norozi.

Faynberg esa “tanqidni tushunamiz” deya javob beradi.

“Odamlar ancha jabr ko’rdi. O’lim, jarohatlar, iqtisodiy qiyinchilik, tushkunlik. Hammasini boshdan kechirdi. Ularni tushunishga harakat qilasiz, gaplarini eshitasiz, dalda berasiz, yonini olasiz, lekin baribir ishingizni bajarishga majbursiz. Axir sizni aynan shuning uchun bu ishni boshqarishga qo’yishgan”.

Neft suvni bulg'ab, nafaqat dengiz hayvonlari balki qushlar ham aziyat chekdi

Neft suvni bulg'ab, nafaqat dengiz hayvonlari balki qushlar ham aziyat chekdi

Kollinslar kompaniyasi ilgari kuniga 27-36 sentnergacha ustritsa tutardi. Falokatdan keyingi ahvol shu qadar yomonki, o’tgan yili kompaniya vaqtincha ishlamadi. Oila va ischilar daromadsiz qoldi.

Bizneslar bir-biricha chambarchas bog’liq. Birining ishi o’lsa, boshqasiga albatta ta’sir qiladi.

Al Surseri azaldan Kollinslar bilan birga ishlagan, ular tutgan ustritsalarni sotib olgan. U ham kompaniyasidagi ishchilarning ko’pini bo’shatishga majbur bo’ldi.

“Ular shunchaki ishchi emas, balki oila a’zolaridek bo’lib qolgan biz uchun. Biz ularning bolalarini bilamiz, ular biznikini taniydi. Men uchun juda qiyin bo’ldi bu,” - deydi tadbirkor.

British Petroleum kompaniyasi yaqinda hamma jabrlanuvchilarga yordam berilganini ma’lum qildi. Nik esa “biz hech narsa olganimiz yo’q”, deydi. “Kunimizni zo’rg’a ko’rsak ham, ota-bobolarimizdan qolgan ishni davom ettiramiz,” - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG