Oklaxomada tozalash ishlari boshlandi

  • Amerika Ovozi

Oklaxoma shtatining uyurma vayron etgan Mur shahri asta-sekin o’ziga kelmoqda. Shtat rasmiylari ma’lumotiga ko’ra, tabiiy ofatda 24 odam halok bo’lgan va ko’plab insonlar jarohatlangan. Falokat asoratlaridan tiklanish uchun ko’p vaqt kerak bo’ladi.

Bo’ron Mur shahrida ko’pchilikni bor-budidan ayirdi. Ayrimlar joni sog’ qolgani uchun xursand.

“Omadim chopib, omon qolganim uchun boshim osmonda”, - deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Uyidan ayrilgan, ammo omon qolganlardan biri Alfredo Korrales. U kichik yerto’lada oilasi va qo’shnisi bilan jon saqladi.

“Men va qo’shnim jon holatda eshik tutqichidan ushladik. Bo’ron esa tinimsiz eshikni uzib olishga urinardi. Buning ustida boshimizdan tinimsiz jala quydi”, - deydi u.

Mishel Maddin ofat payti qo’shni Norman shahriga vaqtincha ko’chib o’tdi. U farzandlari bilan yana eson-omon ko’rishgani uchun o’zida yo’q xursand.

“Ancha o’zimga keldim. Mening bolalarim hayot, ammo boshqa birovlarniki halok bo’ldi. Ular uchun o’zimni aybdor his qilgandekman”, - deydi Mishel.

U va oilasi hozir osmon qoraysa, tashvishga tushadi.

Karmen Hassining go’zallik saloni ham yer bilan bitta bo’lgan. Ayol hozir maydonni tozalash bilan band.

“Do’konni qayta qurib, tiklashimga yordam berishadi, lekin ungacha o’zim uchun biror ish topishim kerak”, - deydi u.

Kommunal xizmat xodimlari elektr xizmatini qayta yo’lga qo’yish bilan band.
Ko’ngillilar, xususan, mahalliy kollej talabalari esa odamlarga uy-joylarini tozalashda yordam bermoqda. Shahar rasmiylaridan biri Didre Ibreyga ko’ra, fojea odamlarni birlashtirdi.

“Shahrimizda hamma 100 foiz aziyat chekdi. Talofat eng ko’p ro’y bergan joydan uzoqda yashaganlar ham birdek hamdard”, - deydi rasmiy.

Shahardagi uylarning 90 foizi talofat ko’rmagan. Ammo o’tgan 14 yil ichida uch yirik girdibodga guvoh bo’lgan odamlar keyingi safar ularning uylari ham shu ko’yga tushishi mumkinligini yaxshi biladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG