Doping mashmashasi ortidan Olimpiya o'yinlari boshlandi

  • Amerika Ovozi

Rossiyalik sportchilarga oid doping mashmashasi olimpiada boshlanishi arafasida eng ko’p tilga olingan mavzulardan bo’ldi. Musobaqa boshlanishi ortidan esa hamma endi bu gap-so’zlarni unutib, natijalarga diqqat qaratmoqda.

2016-yilgi Olimpiya o’yinlari boshlanar ekan, ayrimlar doping muammosini hanuz unutgani yo’q.

O’tgan hafta Xalqaro Olimpiya qo’mitasi rossiyalik 271 sportchiga musobaqada qatnashishga ruxsat berdi. Bu Rossiya jamoasi dastlabki a’zolarining uchdan ikki qismini tashkil etadi.

Mustaqil komissiya Rossiyada davlat himoyasida maxfiy doping dasturi amalda bo’lganini fosh qilgach, Rossiyani olimpiadadan butunay mahrum qilish masalasi muhokama qilindi.

AQSh og’ir atletikachisi Kendrik Farris bu safar rossiyalik raqibi bilan yuzlasha olmasligidan afsuslandi.

“Mening toifamda bir raqibim bor. 2012-yil u medal yutgan edi. U endi bu yil qatnasha olmaydi. Bular aslida bizning qo’limizda bo’lmagan narsalar. Endi natijaga e’tibor qaratishimiz kerak”, - deydi u.

Ko’plab davlatlar va tashkilotlar Rossiyani butunlay musobaqadan haydashni talab qildi. Lekin qo’mita har bir sport federatsiyasi masalani alohida hal qilsin, degan qaror chiqardi.

Taqiqlangan sportchilarning aksariyati, o’gir atletikachi, kanoye va kayak suzuvchilari hamda ochiq maydon sporti vakillari edi.

“Sportni toza saqlashimiz kerak. Barcha sportchilar to’g’ri shug’ullanayotganiga ishonch hosil qilishimiz lozim. Olimpiada dunyoning eng katta musobaqasi ekan, hamma bir xil imkoniyatga ega bo’lsin”. – deydi Farris.

AQShlik Morgan King ilk bor olimpiadada qatnashmoqda. U doping mashmashalariga ko’p e’tibor bermayotganini aytadi.

“Ilk bor qatnashayotganim uchun bu narsa menga xalal berishini xohlamayman. Agar aldasangiz, bunga tegishli jazo berilishi kerak”, - deydi u.

Sportchilarning barchasi o’tmishga emas, kelajakka ko’z tikkan. Ular musobaqa ruhi bilan yashamoqda. Bizdan qoladigan meros ham shunga munosib bo’lsin, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG