Rossiya 50 milliard dollarlik musobaqadan nima kutmoqda?

  • Amerika Ovozi

Ayni kunlarda dunyo nigohi Sochida bo’lib o’tayotgan xalqaro sport musobaqasiga qadalgan. Rossiya Olimpiada uchun 50 milliard dollardan ziyod mablag’ sarfladi. Bu qadar qimmat tadbirning mezbon davlat uchun qanday foyda va zararlari bor?
Sochida musobaqa uchun yettita ulkan sport inshooti qurildi. Yaqin atrofdagi tog’da esa chang’ichilar kurorti bunyod etildi.

17 kun davomida qishki sport turlari bo’yicha dunyoning eng kuchli sportchilari bu yerda bellashadi.

Musobaqaning so’nggi medali egasiga topshirilgach, Rossiya Olimpiya o’yinlari tarixida eng katta sarf-xarajat qilgan davlatga aylanadi.

Bunday tadbirlarning serhasham o’tishi yangilik emas. 2004-yil Afinada o’tgan yozgi o’yinlar 11 milliard dollarga tushgan edi. Bu Gretsiyaning qarzga botishiga o’z hissasini qo’shdi.

2008-yil Pekinda o’tgan Olimpiada uchun esa 40 milliard dollar sarflandi. “Qush uyasi” nomini olgan ulkan stadion ham o’sha yili qurildi.

Olti yil o’tib Sochi mezbonlik qilayotgan navbatdagi Olimpiada esa hammasidan ham o’tib tushdi. Unga naqd 50 milliard dollar sarflandi.

Musobaqa shu qadar qimmatga tushar ekan, unga mezbonlik qilishdan nima naf bor?
Olimpiadani Vashingtonga olib kelish uchun harakat qilayotgan guruh rahbari Bob Svini bu haqda shunday deydi.

“Katta shaharlar katta ishlarni qiladi. Bu musobaqa esa sport olamidagi eng katta voqeadir”, - deydi u.

Jorj Vashington universitetida Sport boshqaruvi professori Liza Delpi Nirottining aytishicha, gap faqat pulda emas.

“Sochida chang’i uchish uchun birinchi darajali kurort barpo etildi. Odamlar Sochining Rossiyada ekanini, u yerda yozda ham, qishda ham dam oladigan joylar borligini bilishsin, deyishdi. Londonda shaharning sharqiy qismini rivojlantirishni ko’zlashgan edi. Nyu-York mezbonlikka da’vo qilganda, Amerika futboli uchun yangi stadionlar qurish maqsad qilingan”, - deydi u.

Professorga ko’ra, xarajatlarning hammasi ham bevosita Olimpiadaga aloqador emas. Sochida mablag’ning katta qismi infratuzilma qurilishi uchun sarflandi, deydi u.

“Toqqacha boradigan to’rt yo’lakli katta magistral yo’l qurildi. Yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezd, Adlerdagi yettita yangi inshoot. Bular ilgari yo’q edi. Agar mana shu infratuzilma qurilmaganda, Olimpiada byudjeti bu qadar katta bo’lmas edi”, - deydi Nirotti.

Xalqaro Olimpiya qo’mitasi, odatda, eng maqbul rejaga ega bo’lgan davlatni tanlaydi. Sochi aslida bunday toifadagi shahar emas, deydi AQShlik professor.

“Sochi istisno shahar. Xalqaro Olimpiya qo’mitasi allaqachon chang’i kurortiga ega bo’lmagan shaharga qishki Olimpiada mezbonligini berishi deyarli uchramaydi”, - deydi u.

2016-yilgi yozgi Olimpiada Rio-de-Janeyroda bo’lib o’tadi. Unga $14 milliard dollar sarflash rejalangan.

Sochi Olimpiadasida 88 davlatdan 2800 da ziyod sportchi ishtirok etmoqda. Ular orasida O’zbekistondan uch sportchi bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG