Muxolifat Assad ketishi uchun muhlat belgilashni talab qilayapti

  • Amerika Ovozi

Suriya muxolifati prezident Bashar al-Assadning hokimiyatdan ketishi uchun muhlat belgilashni talab qilayapti. Isyonchilarning xalqaro muzokaralarda qatnashish sharti shu.

Xalqaro hamjamiyat rejim rahbari va uning qo’li ostidagi harbiy yetakchilar ishdan ketadi deb kafolat bersin, deydi ular. Ammo Assad 2014-yilgi saylovgacha prezidentlikda qolishini, istasa yana bir muhlatga saylanishi haqida ta’kidlagan.

Suriya Ichki ishlar vaziri Muhammad al-Shaar ikki yildan beri davom etayotgan urush natijasini quyidagicha sharhlaydi:

“Suriya qattiq qarshilik ko’rsatib, mustamlakachilar, imperialistlar va sionistlarning adabini beryapti. Ularning malaylari-yu terrorchilarini yer tishlatyapti”, - deydi vazir.

Qo’shma Shtatlar va Rossiya tomonlarni yarashtirish maqsadida Jenevada xalqaro tinchlik anjumani rejalagan. Ammo shu kunlarda ikki jiddiy o’zgarishga guvohmiz: birinchidan, Rossiya Suriya hukumatiga ilg’or raketalar yetkazmoqda va ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi bu mamlakatga nisbatan qurol embargosini bekor qildi.

Bundan tashqari, Livanda asoslangan Hizbulloh guruhi Assad armiyasiga yordam berayotganini tan oldi. Jenevadagi anjumanga Eron vakillari ham taklif etilgan.

Bularning hammasini hisobga olgan holda, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun konferensiya sanasini belgilashga hali erta, deydi.

“Suriyadagi oppozitsion guruhlar birdamlik tomon qadam tashlab, anjumanda yakdil bo’lib qatnashishini kutamiz. Unga yana kimlarni taklif etish masalasi ham ochiq qolmoqda”.

Shu hafta Birlashgan Millatlar Tashkiloti inson huquqlari kengashi Suriyadagi vaziyatni qoralab, rezolyutsiya qabul qildi. Butun mintaqa tinchligi xavf ostida, deydi kengash rahbari Navi Pillay.

“Suriya urushi tinch aholi naqadar himoyasiz ekanini yaqqol ko’rsatdi. Ayollar, bolalar va erkaklar vahshiyliklardan birdek jabr tortmoqda. Bu jinoyatlarda ham armiya, ham isyonchilarning qo’li bor”, - deydi BMT rasmiysi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu rezolyutsiyaga qarshi.

“Suriya mojarosi ichki masala, unga aralashmaylik, deb boshidan ogohlantirib kelamiz. Shunga qaramasdan, xorijdan jangarilar oqimi davom etayapti. Liviya, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning boshqa davlatlari, hatto Yevropadan. Qurollarchi, isyonchilarni chet davlatlar qurollantirayotgani ham sir emas”, - deydi Lavrov.

Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, uning davlati fuqaro urushini boshdan kechirayotgan Suriyaga qurol sotmaydi.

“Urush harbiy yo’l bilan hal bo’lmaydi, uning yechimi siyosatda. Shuning uchun ham xalqaro tinchlik muzokaralari albatta o’tkazilishi kerak”, - deydi Merkel xonim.

2011-yili tinch namoyishlardan boshlanib, so’ngra qonli tus olgan mojaro shu kungacha 80 ming kishining boshini yedi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG