Muxolifat: Putinning partiyasi - jinoyatchi

  • Amerika Ovozi

Prezident Vladimir Putin yetakchiligidagi "Birlashgan Rossiya" partiyasi - mamlakatda chuqur ildiz otgan, uyushgan jinoiy tizimlarni boshqarib kelayotgan, ularni qonuniy kuchga aylantirgan siyosiy guruh, deya bayon qilinadi muxolifat taqdim etgan hisobotda.

Tahlilnoma "Jinoiy Rossiya Partiyasi" deb nomlanadi. Uning muallifi Ilya Yashin fikricha, hisobot haqiqatni aks ettiradi.

"Birlashgan Rossiya", yillar davomida, jinoiy guruhlar va shaxslarni o'z bag'riga olib, ularni yanada kuchaytirib, davlat organlari bilan yaqindan bog'lab, hammasini bir kuchga aylantirib bo'ldi",- deydi Yashin.

66 betli hisobotda bir necha mafiya yetakchilari haqida so'z boradi. Xususan, Vyacheslav Gayzer, Komi Respublikasining sobiq rahbari, 2015-yilda ulkan miqdorda o'g'rilik qilganlikda, davlat mulkini o'marganlikda ayblanib hibsga olingan. Saxalin sobiq gubernatori Aleksandr Xoroshavin, moliyaviy firibgarlik va poraxo'rlikda ayblanib hisbga olingan. Dog'iston poytaxti Maxachkala sobiq meri Said Amirov qotillikda ayblanib, qamoqqa olingan.

Hisobotga ko'ra, yuqorida qayd etilgan shaxslar uzoq yillar davomida bemalol faoliyat yuritgan va aynan partiya uchun muammoga aylanganida tekshirilib, panjara ortiga tashlangan.

Hukmron partiya adolat tarafdori emas, balki o'z a'zolarining moliyaviy-siyosiy foydasi uchun har narsaga tayyor kuch, deyiladi tahlilnomada.

Ilya Yashin, muxolifat yetakchilaridan

Ilya Yashin, muxolifat yetakchilaridan

Pravda.ru, nufuzli axborot manbai, hisobotni past baholab, Yashinni uydirmada ayblab chiqdi.

Korrupsiya Rossiya uchun yangilik emas va bu real muammo, lekin Yashin haqiqatni fosh etishga urinmay, internetdan topgan materiallar yuzasidan puch xulosalar taqdim etgan xolos, deyiladi Pravda.ru maqolasida.

18-sentabrda Rossiya Dumasi uchun saylovlar o'tadi. Yashinning maqsadi, uning so'zi bilan aytganda, "xalqning ko'zini ochish".

2011-yilda so'ralgan rossiyaliklarning 31 foizi "Birlashgan Rossiya" partiyasini jinoyatchi guruh deb bilgan bo'lsa, 2012-yilda 38 foiz, 2013-yilda esa 51 foizi shunday fikrda ekanini aytgan.

Putin bu borada savolga tutilganida, korrupsiya bir partiyaga xos muammo emas va davlat har qanday soha va jabhada yulg'ichlik va umuman, jinoyatchilikka qarshi keskin choralar ko'rishi kerak, deb keladi.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda KGBning sobiq polkovnigi va sobiq deputat Gennadiy Gudkov Rossiyada qudrat va jinoyat bir-biriga chambarchas bog'liq, deydi.

"Hukumatning ishi jinoiy tizimlar ustidan nazoratni ushlab turish va ular hisobiga pul qilib, o'z qudratini ta'minlash",- deydi Gudkov.

Uning tahlilicha, qalloblik, poraxo'rlik, o'g'rilik va boshqa jinoyatlar boy shaxslar va ular atrofidagi odamlar bemalol amalga oshirib, qutulib ketayotgan holatlardir.

Vaziyat shu qadar ayanchliki, deydi Gudkov, korrupsiya va porasiz tuzum ishlay olmaydi. Har qanday taraqqiyot yoki loyiha korrupsion tizim mahsuli, deydi u.

"Birlashgan Rossiya" tarafida bo'lsangiz, ishingiz bitadi; jinoiy harakatlaringizga ko'z yumiladi va omad siz tomonda, deydi Gudkov.

KGB sobiq generali Aleksey Kondaurov deydiki, hukmron partiyaga tayanish - keng tarqalgan odat va u bilan ishlagan har bir tomon har doim ham jinoyatchi emas.

"Bu partiya mafkuraviy harakat emas. Uning g'oyalari nimadan iboratligini ko'pchilik bilmaydi, bilishni ham xohlamaydi, chunki ahamiyati yo'q. Muhim jihati shuki, u hukmron",- deydi Kondaurov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG