Oskar mukofotiga loyiq topilgan filmlar va yulduzlar

  • Amerika Ovozi

Oskar mukofotiga loyiq topilgan filmlar va yulduzlar

Oskar mukofotiga loyiq topilgan filmlar va yulduzlar

Gollivud yulduzlari Kolin Fert va Natali Portman Amerika Kinoakademiyasi sovrini “Oskar”ning bu yilgi sohiblari. Eng a’lo darajadagi roli uchun taqdirlandi.

Britaniyalik Kolin Fert Oskar olishi aniq edi. Duduq qirol Georg VI ni qoyillatib ijro etgan aktyor raqiblarini dog’da qoldirdi.

“Qirol nutqi” filmi taxtni egallash arafasida turgan shahzoda qissasi. Bo’lajak qirol ko’z oldingizda ruhan eziladi, azoblanad va nihoyat ishonchga to’ladi.

Kolin Fert mana shu jarayonni qoyillatib ijro etgan. Gapini eplay olmaydigan, omma oldiga chiqsa nafasi ichiga tushib, qaltira boshlaydigan shaxs bu dardni yengishga harakat qiladi.

Kolin Fert

Kolin Fert

Filmda katta planlardan ko’p foydalanildi. Aktyorning yuzi yaqin qilib olindi. Yer bo’lgan damlarini ko’rib, o’zing ham uyalib ketasan kishi.

“Minbarda, omma oldida so’zlaydigan odamlar bu obrazni juda yaxshi tushunadi. Katta nutq oldidan ma’ruzachining ko’ziga uyqu kelmaydi, tushlari alg’ov-dalg’ov bo’ladi. Dardingni ochiq aytish qiyin. Odamlar ochilib gapirishdan hayiqadi. Hatto, oilangga to’kib solish qiyin”.

Fertga xalqaro shuhrat keltirgan rol – 1995 yilgi “G’urur va taassub” serialidagi janob Darsi edi.

Keyin esa “Dur sirg’a taqqan qiz” kartinasi ekranlarga chiqdi. Ikki yil oldin “Mamma Mia” komediyasida o’rtamiyona obrazni gavdalantirdi.

O’tgan yili rejissyor Tom Fordning “So’qqabosh” filmida gomoseksual kishi rolida chiqib, “Oskar” mukofotiga da’vogarlar safiga kirdi.

“Qirol nutqi” hozircha uning eng sara kartinasi deya tilga olinmoqda.

Eng zo’r aktrisa nominatsiyasida g’olib - Natali Portman edi.

Ayrim kino ustalari nazarida aktrisa Annet Benning mukofotga munosibroq edi. U “Bolalar yaxshi” filmida gomoseksual ona obrazini yaratgan.

Lekin Natali Portman ijro etgan balerina, uning ruhiy azoblari, qahramonning bir shaxsdan boshqasiga aylanishi odamni ekranga mixlab qo’yadi.

Ikki soatlik kartina davomida Portmanning yuzi ming tusga kiradi.

Amerika Kinoakademiyasi odatda har xil obrazlarni ijro eta oladigan aktyorlarni mukofotlaydi. Ijrochi butunlay qahramonga aylanishi kerak.

Natali Portman

Natali Portman

Buni ham ruhan, ham jismonan bajara olgan aktyorning ishlari besh.

“Balet o’yinchilarining hayoti jahannam. Sahnada buni ko’rmaysiz. Chiroyli raqsga tushayotgan balerinalarni tomosha qilasiz. Raqqosning hissiyoti boshqa dunyo”.

29 yoshli aktrisa ko’p filmlarda suratga tushib ulgurgan.

“Yulduzlar jangi” kartinasida o’ynadi. 2005 yilda “Closer” dramasida yaratgan roli uchun nomzodi “Oskar” mukofotiga qo’yildi.

2008 yilda Portman Genrix Sakkizinchining rafiqasi Anna Boleyn rolida tarixiy filmda suratga tushdi.

Bu Natali Portmanning ilk “Oskar”i. “Qora oqqush” kimgadir yoqadi, kimgadir yo’q. Lekin hammaning esida qolishi aniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG