Gollivudda "Oskar" sohiblari aniqlandi

  • Amerika Ovozi

"Eng yaxshi film" kategoriyasida "Oskar"ga loyiq deb topilgan "Argo operatsiyasi" filmi uchun sovrinni kartina rejissori Ben Afflek qabul qildi, 24-fevral, 2013-yil

"Eng yaxshi film" kategoriyasida "Oskar"ga loyiq deb topilgan "Argo operatsiyasi" filmi uchun sovrinni kartina rejissori Ben Afflek qabul qildi, 24-fevral, 2013-yil

Kecha AQShning Los-Anjeles shahrida Amerika kinoakademiyasining 85-yillik taqdimot marosimi bo’lib o’tdi. O’zini ilk bor rejissorlik sohasida sinab ko’rgan taniqli aktyor Ben Afflek ishlagan “Argo operatsiyasi” filmi yilning eng yaxshi kartinasi deb tan olindi. Afflek bu kinoda rol ham o’ynagan. G’olibni AQSh prezidentining rafiqasi Mishel Obama Oq uydan turib e’lon qildi.

Film 1979-yil Eron Islomiy inqilobidan so’ng Tehronda garovga olingan amerikalik diplomatlarni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan ozod etish operatsiyasi haqida bo’lib, eng yaxshi montaj va kinoga moslangan eng yaxshi ssenariy uchun ham “Oskar” mukofotlariga sazovor bo’ldi.

Eng yaxshi kartina va eng yaxshi rejissuraga bosh da’vogar bo’lgan “Linkoln” filmi uni ishlagan taniqli rejissyor Stiven Spilberg muxlislarini xushnud eta olmadi. 12 kategoriyada bellashgan film eng yaxshi erkak roli va yana bir kategoriya bo’yicha birinchilikni qo’lga kiritdi xolos. AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln rolini o’ynagan britaniyalik aktyor Deniel Dey Lyuis o’ziga yarasha rekord qo’ydi. U eng yaxshi erkak roli uchun uch “Oskar”ni olgan yagona ijodkordir.

Eng yaxshi rejissorga beriladigan sovrin “Pining hayoti” filmi yaratuvchisi Eng Liga nasib etdi. Jennifer Lorens esa “Mening yigitim – telba” filmidagi roli uchun yilning eng yaxshi aktrisasi unvoniga sazovor bo’ldi.

Avstriyada ishlangan “Amur” filmi eng yaxshi xorijiy kartina deya tan olindi. Taniqli kinorejissor Kventin Tarantino ham sovrinsiz qolmadi. U “Ozodlikka chiqqan Jengo” filmining ssenariysi uchun “Oskar” bilan taqdirlandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG