Breaking News

Oskar mukofotiga loyiq topilgan filmlar va yulduzlar


Oskar mukofotiga loyiq topilgan filmlar va yulduzlar
Oskar mukofotiga loyiq topilgan filmlar va yulduzlar

Gollivud yulduzlari Kolin Fert va Natali Portman - Amerika Kinoakademiyasi sovrini “Oskar”ning bu yilgi sohiblari. Eng a’lo darajadagi roli uchun taqdirlandi.

Kolin Fert (Colin Firth) bosh rolni ijro etgan “Qirol Nutqi” filmi o’tgan bir yil ichida ekranga chiqqan eng zo’r kinoasar deb tan olindi.

Britaniyalik Kolin Fert Oskar olishi aniq edi. Duduq qirol Georg VI ni qoyillatib ijro etgan aktyor raqiblarini dog’da qoldirdi.

Kolin Fert
Kolin Fert

“Qirol nutqi” filmi taxtni egallash arafasida turgan shahzoda qissasi. Bo’lajak qirol ko’z oldingizda ruhan eziladi, azoblanad va nihoyat ishonchga to’ladi.

Kolin Fert mana shu jarayonni qoyillatib ijro etgan. Gapini eplay olmaydigan, omma oldiga chiqsa nafasi ichiga tushib, qaltira boshlaydigan shaxs bu dardni yengishga harakat qiladi.

Filmda katta planlardan ko’p foydalanildi. Aktyorning yuzi yaqin qilib olindi. Yer bo’lgan damlarini ko’rib, o’zing ham uyalib ketasan kishi.

Oskar mukofotiga loyiq topilgan filmlar va yulduzlar
Oskar mukofotiga loyiq topilgan filmlar va yulduzlar

“Minbarda, omma oldida so’zlaydigan odamlar bu obrazni juda yaxshi tushunadi. Katta nutq oldidan ma’ruzachining ko’ziga uyqu kelmaydi, tushlari alg’ov-dalg’ov bo’ladi. Dardingni ochiq aytish qiyin. Odamlar ochilib gapirishdan hayiqadi. Hatto, oilangga to’kib solish qiyin”, - deydi Kolin Fert.

Fertga xalqaro shuhrat keltirgan rol – 1995 yilgi “G’urur va taassub” serialidagi janob Darsi edi.

Keyin esa “Dur sirg’a taqqan qiz” kartinasi ekranlarga chiqdi. Ikki yil oldin “Mamma Mia” komediyasida o’rtamiyona obrazni gavdalantirdi.

O’tgan yili rejissyor Tom Fordning “So’qqabosh” filmida gomoseksual kishi rolida chiqib, “Oskar” mukofotiga da’vogarlar safiga kirdi.

“Qirol nutqi” hozircha uning eng sara kartinasi deya tilga olinmoqda.

Eng zo’r aktrisa nominatsiyasida g’olib - Natali Portman (Natalie Portman). U ijro etgan balerina, uning ruhiy azoblari, qahramonning bir shaxsdan boshqasiga aylanishi odamni ekranga mixlab qo’yadi.

Natali Portman
Natali Portman

Ikki soatlik kartina davomida Portmanning yuzi ming tusga kiradi.

Amerika Kinoakademiyasi odatda har xil obrazlarni ijro eta oladigan aktyorlarni mukofotlaydi. Ijrochi butunlay qahramonga aylanishi kerak.

Buni ham ruhan, ham jismonan bajara olgan aktyorning ishlari besh.

“Balet o’yinchilarining hayoti jahannam. Sahnada buni ko’rmaysiz. Chiroyli raqsga tushayotgan balerinalarni tomosha qilasiz. Raqqosning hissiyoti boshqa dunyo”, - deydi aktrisa.

29 yoshli Portman aktrisa ko’p filmlarda suratga tushib ulgurgan. “Yulduzlar jangi” kartinasida o’ynadi. 2005 yilda “Closer” dramasida yaratgan roli uchun nomzodi “Oskar” mukofotiga qo’yildi.

2008 yilda Portman Genrix Sakkizinchining rafiqasi Anna Boleyn rolida tarixiy filmda suratga tushdi.

Bu Natali Portmanning ilk “Oskar”i. “Qora oqqush” kimgadir yoqadi, kimgadir yo’q. Lekin hammaning esida qolishi aniq.

XS
SM
MD
LG