Markaziy Osiyoda chegarani ochiq, mustahkam saqlash mumkinmi?


Xalqaro koalitsiya ketishga shaylanayotgan bir pallada Markaziy Osiyoda chegara mudofaasi eng dolzarblaridan

Xalqaro koalitsiya ketishga shaylanayotgan bir pallada Markaziy Osiyoda chegara mudofaasi eng dolzarblaridan

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Avstriyadagi anjumanida Markaziy Osiyo chegara xavfsizligi muhokamada. BMT, Yevropa Ittifoqi vakillari, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi konferensiyada ochiq va mustahkam sarhadlar zarurati, giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga qarshi esa shiddatli kurash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Lamberto Zannier so'zlariga ko'ra, bugun, shuningdek, bosh vazifa savdo-sotiq erkin kechishi hamda odamlar bemalol qatnay olishini ta'minlashdir. Bunga esa regiondagi bojxona va chegara xizmati xodimlari malakasini oshirish orqali erishish mumkin.

Bu singari hamkorlik mintaqada Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida, Rossiya va AQSh taqdim qilgan loyihalarga ko’ra ham olib boriladi. Biroq hozircha narkotiklar kontrabandasiga qarshi samarali kurash yo’lga qo’yilgani haqida gapirish qiyin.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tashabbusida o’tayotgan ikki kunlik anjumanda xalqaro qo’shinlar Afg’onistondan ketishining butun mintaqaga ta’siri, shunday ekan, noqonuniy narkotiklar savdosi va korrupsiyaga qarshi turish masalalasi gaplashilgan.

11-aprel kuni qoradori muammosi Ostonada Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida ham muhokama qilingan edi. Undagi ma’lumotga ko’ra, Afg’onistonda hozir 20 tonnaga yaqin giyohvand moddalar zaxirasi mavjud, bu esa 10 yillik kontrabanda ta’minlanadi, degani. Bu modda, asosan, Markaziy Osiyo orqali olib o’tiladi.

Sharhlovchilarning aytishicha, Afg’onistonda va Markaziy Osiyoda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat og’irligicha qolar ekan, afyun yetishtirish ham, savdo va poraxo’rlik muammolari ham yengillamaydi.

So’nggi yillarda xorijiy qo’shinlar sa’y-harakatlari, xalqaro hamjamiyatning moddiy ko’magiga qaramasdan Afg’onistonda ko’knori yetishtirish su’rati bir necha baravar ortgan.

Tahlilchilar narkotrafikdan tushayotgan daromaddan manfaador guruhlar qatoriga ekstremist tashkilotlardan tortib, bu oqim nazorati bilan shug’ullanuvchi davlat organlarini kiritishadi.

“So’nggi yillarda narkotrafikka qarshi kurash kampaniyasi kuchaydi. Xalqaro miqyosda ham muvofiq ishlar olib borilmoqda. Biroq amalda biron jiddiy samara bo’lganini kuzatganimiz yo’q. Markaziy Osiyo davlatlari, bu mamlakatlar huquq-tartibot organlari masalaga jiddiy yondashmas ekan, natija bo’lmaydi. Korrupsiya, mo’may daromad olish istagi sababli bu oqim to’xtamaydi”, - deydi rossiyalik jurnalist Ignat Voronsov.

Uningcha, xalqaro hamjamiyat avvalo giyohvand mahsulot o’chog’i Afg’oniston tinchligi, barqarorligi haqida bir qarorga kelishi kerak.

Bir paytlar narkotrafik muammosi bilan shug’ullangan o’zbekistonlik faol Tolib Yoqubov mintaqa orqali o’tuvchi afyunning katta qismiga bevosita huquq-tartibot organlari qo’riqchi, pana ekaniga shubha qilmaydi.

“Qoradori savdosi O’zbekiston va Tojikiston maxsus xizmatlari hamkorligida ham amalga oshiriladi. Biz o’rgangan manbalarga ko’ra, ular Afg’onistonda ham ishlaydi, u yoqda mahsulotni yig’ish bilan shugu’llanib, keyin maxsus xizmat vakillari nazoratida mol Tojikiston orqali O’zbekistonga o’tkaziladi. Bu juda dahshatli biznes”, - deydi ayni paytda Fransiyada yashayotgan huquq himoyachisi.

Shu yilning iyunida Afg’onistonda giyohvand moddalar yetishtirish va sotishga qarshi xalqaro miqyosdagi katta anjuman rejalangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG