YXHT rahbari Markaziy Osiyo safarida qanday muammolarni ko'tardi?

  • Amerika Ovozi

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi Didye Burkxalter Ostonada Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan, 20-noyabr, 2014

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi Didye Burkxalter Ostonada Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan, 20-noyabr, 2014

Shveytsariya konfederatsiyasi prezidenti Didye Burkxalter Markaziy Osiyoga safar qilib, rahbarlar bilan gaplashdi.

Burkxalter, hozirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) raisi, to'rt kun mobaynida Turkmaniston, Qozog'iston, O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'izistonda bo'ldi.

Rasmiy avvalo o'z davlati va respublikalar orasidagi munosabatlarni muhokama qilgan, jumladan iqtisodiy hamkorlik xususida so'zlashilgan. O'zbekistonda, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Shveytsariya kapitali bilan bilan 77 qo'shma korxona ishlaydi.

Undan keyin esa tashkilotning mintaqadagi faoliyati va vakolatxonalar olib borayotgan dasturlar muhokama qilingan.

Ukrainadagi vaziyat va Rossiya siyosati eng dolzarb masala sifatida ko'tarilgan.

Burkxalter deydiki, mojaroga yechim topishda YXHT yetakchi rol o'ynab, vositachilik qila oladi va shunga intilmoqda. Tashkilot o'z kuzatuvchilari orqali Ukrainadagi ahvolni yaxshi biladi va tomonlarni sulh shartlariga bosh egishga undab kelmoqda.

Biroq urushayotgan taraflar, xususan Ukraina hukumati va separatistlar bir-birini bergan so'zidan qaytganlikda, qirg'in va shafqatsizlikda ayblaydi.

Kremlning Kiyevga nisbatan noroziligi oshib, rus manfaatlarini himoya qilish uchun unga qarshi urush e'lon qilishi mumkin degan xavotirlar ham kuchli.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi Didye Burkxalter Toshkentda O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan, 21-noyabr, 2014

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi Didye Burkxalter Toshkentda O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan, 21-noyabr, 2014

YXHTning asosiy maqsadlaridan biri huquq himoyasi va qonun ustuvorligi yo'lida xizmat qilishdir. Burkxalter mintaqaning besh davlatida bu boradagi muammolar yuzasidan rahbarlar va fuqaro jamiyati a'zolari bilan fikr almashgan.

Terrorizmga qarshi kurash, jumladan "Islomiy davlat" va boshqa guruhlar solayotgan xavf hamda ularga mintaqadan yoshlar qo'shilayotgani haqida gap ketgan. 4-5 dekabr kunlari bu haqda Shveytsariyada YXHT anjumani rejalangan.

O'zbekiston va qo'shni jamiyatlarda inson huquqlari qanchalik buzilayotgani, repressiya, hukumatlarning o'z xalqaro burch va majburiyatlarini qanchalik ado etayotgani yoki buzayotgani xususida ochiq muloqot bo'ldimi? YXHT rahbari bu borada lom-mim demaydi. Barcha muhim mavzular tilga olindi, deyiladi tashkilot bayonotida.

Burkxalter qayerga bormasin, Markaziy Osiyo Yevropani Osiyo bilan bog'lab turadi, mintaqa katta imkoniyatlarga ega va "ularni ishga solishda yordam beramiz", deb aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG