Sammitdan ko'p narsa kutilmayapti, ammo Qozog'iston umidga to'la


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti a’zolari unga effektiv bir organ sifatida qaramaydi, deydi AQSh sobiq elchisi Juli Finli.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti a’zolari unga effektiv bir organ sifatida qaramaydi, deydi AQSh sobiq elchisi Juli Finli.

Qozog’iston poytaxti Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining so’nggi 11 yilda ilk sammiti o’tmoqda.

Unda 56 a’zo-davlat vakillari, jumladan 38 mamlakat rahbarlari ishtirok etyapti. Uyushmaning asosiy vazifasi barqarorlik, demokratiya va erkinlikni targ’ib qilishdir.

Lekin tashkilot o’tgan yillarda o’ziga nisbatan ishonch va hurmatni boy bergan. A’zolar unga effektiv bir organ sifatida qaramaydi, deydi yaqingacha AQShning bu tashkilotda elchisi bo’lgan Juli Finli (Julie Finley).

Qirg’izistondagi vaziyatga nisbatan sust munosabat, Afg’oniston bobida siyosatning yo’qligi bunga yaqqol misol, deydi bu arbob.

Tashkilotga bu yil raislik qilayotgan Qozog’iston rasmiylari tanqidlarni butkul inkor etadi.

Juli Finli, AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi sobiq elchisi

Juli Finli, AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi sobiq elchisi

Juli Finli singari siyosatdonlar Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg’izistondagi notinchliklarga nima uchun vaqtida javob bermadi, nega Afg’onistondagi ahvol yuzasidan bu blok aytarli og’iz ochmaydi deya hayron.

To’g’ri, Afg’oniston a’zo emas, deydi bu arboblar, lekin u yerdagi uzoq yillik urush a’zo mamlakatlar tinchligiga raxna solmoqda.

Bu uyushmaning 1990-yillarda Bolqon yarimorolidagi etnik mojarolarga qarshi ko’rgan jiddiy choralari, fuqarolik jamiyati rolini oshirib, faollik ko’rsatgani yodga olinadi.

Nazarboyev va Medvedev

Nazarboyev va Medvedev

Bugun, deydi tahlilchilar, bu tashkilot o’z a’zolari qo’ygan qopqonga ilinib, biror qadam tashlay olmaydi. Yakdillik yo’q.

Qirg’izistonga Yevropa politsiyachilarini kiritish yoki O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inni tekshirish singari harakatlarning sustligi, kotibiyat biror g’oya bilan chiqsa, a’zo respublikalar, ular orasida ko’pi avtoritar tusda boshqariladigan davlatlar yo’q deb turib olishi, bu tashkilot o’zi kerakmi degan savollar tug’diradi.

Xelsinki komissiyasi (US Helsinki Commission), AQSh Kongressi qoshida bu tashkilot bo’yicha maxsus guruh pozitsiyasi shuki, harakat qilinsa, blok tinchlik va qonun ustuvorligini ta’minlash yo’lida effektiv mexanizm bo’la oladi.

Oshkoralik va adolat talabini shior qilib, konkret qadamlar qo’yish kerak, deydi komissiya raisi senator Benjamin Kardin (Benjamin Cardin).

Korrupsiyaga qarshi kurash, matbuot va so’z erkinligiga e’tiborni oshirish kerak. A’zo davlatlar tashkilotning bu masalalar yuzasidan tanqidlarini jiddiy qabul qilib, tegishli xulosa chiqarishi lozim.

Qozog'istonning Vashingtondagi elchisi Erlan Idrissov (chapdan) va Chak Xeygel, AQSh sobiq senatori

Qozog'istonning Vashingtondagi elchisi Erlan Idrissov (chapdan) va Chak Xeygel, AQSh sobiq senatori

AQSh sobiq senatori, respublikachi Chak Xeygl (Chuck Hagel) Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini kuchaytirish kerak deb keladi.

U boshqaradigan Atlantika Kengashi nazarida Qozog’iston raisligi Markaziy Osiyodek muhim bir mintaqaga e’tiborni oshirdi.

Fursatdan foydalanib, tashkilot u yerda o’z bazasini yaxshilab olishi kerak, deydi bu arbob.

“Dunyoning bu qismi yadroviy qudratga ega uch davlat Pokiston, Hindiston va Xitoyga qo’shni”, - deydi Chak Xeygl.

“G’arbdan esa Eron, shimoldan esa Rossiyaga. Mintaqa davlatlarini a’zolikka olgan tashkilot bu yerda uzoqni ko’zlab ish yuritishi, aniq dasturlar bilan chiqishi, hukumatlarni birga ishlashga undashi kerak”.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Germaniya kansleri Angela Merkel, Ostonadagi sammitda, 1 dekabr 2010

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Germaniya kansleri Angela Merkel, Ostonadagi sammitda, 1 dekabr 2010

“Ostonadagi sammitda davlatlar “tashkilotimiz nega samarasiz bo’lib qoldi”? deya so’raydimi? Ochiqchasiga gaplasha oladimi”? – deya o’ylanadi Juli Finli, AQSh sobiq elchisi.

Uning fikricha, mintaqa bu blok uchun sinov maydoni. Markaziy Osiyoda ishni eplay olsa, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti o’ziga nisbatan ishonchni tiklagan bo’lardi.

“Lekin Ostonadagi sammitda tashkilot oldida turgan biror muammoga yechim topilishiga ishonmayman”, - deydi Juli Finli.

“U yerda biror muhim qarorga kelinmaydi”, - deya qo’l siltaydi sobiq elchi.

Tashkilotda bir necha yil AQSh vakili sifatida xizmat qilgan bu arbob deydiki, raislik Qozog’iston uchun noyob imkoniyat bo’ldi, lekin maqtashga arzigulik hech vaqo qilinmadi.

Qozog’istonning AQShdagi elchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov Juli Finlining bu mulohazalarini rad etadi. “Sizni hurmat qilaman, lekin qarashlaringiz nazarimda asossiz”,- deydi u.

Sammitdan ko'p narsa kutilmayapti, ammo Qozog'iston umidga to'la

Sammitdan ko'p narsa kutilmayapti, ammo Qozog'iston umidga to'la

“Raislik sehrgarlik emas. Biz tashkilot oldidagi barcha jumboqlar, davlatimiz yuzlashayotgan murakkab muammolarni tan olgan va tushungan holda bu vazifani o’z bo’ynimizga olgan edik. Qo’ldan kelgancha harakat qildik”,- deydi Idrissov.

“Ishonch, oskoralik, an’ana va toqat… Tashkilotga mana shunday qadriyatlarni tanishtirdik. Qozoq xalqi Amerika xalqidek optimist, kelajakka ishonib yashaydi, ertangi kundan qo’rqmaydi", - deydi elchi.

"A’zo davlatlar bir-biriga suyana olsin, ko’proq fikr almashsin deymiz. Ular 11 yildan beri ilk marta Ostonada uchrashmoqda. Buning o’zi ham yutuq emasmi? Ular bir-birining qarashlarini tinglay oladi degan umiddamiz. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bizdek yosh davlatlarga tayanayotganining o’zi ham bir progress”, - deydi Qozog’iston rasmiysi.

“Ikki kunlik sammit Gruziya-Rossiya orasidagi kelishmovchiliklar, Tog’li Qarabog’ mojarosi va yana boshqa ko’plab jumboqlarni hal qila olmaydi. Lekin bu borada oldinga siljish uchun harakat qildik va qilayapmiz”,- deydi Erlan Idrissov.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini 2011 yilda Litva, 2012 yilda Irlandiya, 2013 yilda esa Ukraina boshqarishiga kelishib olingan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG