Qirg'iziston hukumati xalqaro komissiyaning etnik qirg'in bo'yicha hisobotini ko'rib chiqmoqda


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan tuzilgan komissiya raisi Kimmo Kilyunen.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan tuzilgan komissiya raisi Kimmo Kilyunen.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan tuzilgan bu hay’atga finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen rais.

O’tgan yil yozida Qirg’iziston janubini qaqshatgan qonli voqealar sabablari o’rganilar ekan, muhim savollar hanuz javobsiz qolmoqda.

Etnik zo’ravonliklar ortida kim turgan? O’sh va Jalol-Obod mahallalarini xonavayron qilib, yuzlab insonlarning hayotiga zomin bo’lgan kuchlar nega shu kungacha mavhum?

Respublika rasmiylaridan olingan javoblarni qoniqarli deb bo’lmaydi. Prezident Roza Otunbayeva muammolar ko’p, adliya tizimini isloh qilish kerak, militsiya malakasini oshirish kerak degan gaplar bilan cheklanadi xolos.

Hozirgacha Qirg’izistonda 4000 dan oshiq jinoiy ish qo’zg’atilgan. O’nlab fuqarolar, asosan, o’zbeklar aybdor deb topilib, uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilmoqda.

Qirg’in yuzasidan ish olib borgan milliy komissiya xulosalari noxolis deya chetga surilgan.

Ayni damda rahbariyat xalqaro komissiya hisobotini ko’rib chiqyapti. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan tuzilgan bu hay’atga finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen (Kiljunen) rais. Janob Kilyunenni suhbatga tortdik.

Kimmo Kilyunen: “Tekshiruv yakunlandi va biz hisobotni ikki hafta oldin Qirg’iziston hukumatiga uzatdik. Ko’rib chiqib, o’z munosabatini bildiradi. Mart oyining oxiriga borib uni jamoatchilik e’tiboriga havola etamiz. Bir narsani qayd etish kerak, hukumat munosabati hisobotni hech bir jihatdan o’zgartirmaydi. Hukumat o’z sharhini beradi xolos”.

"Amerika Ovozi": Tekshiruv natijasi haqida gapirib bering. Nimalarni aniqladingiz? Asosiy xulosalar nimadan iborat?

Kimmo Kilyunen: “Tafsilotlarini hozircha bayon qila olmayman. Hisobot bir necha qismdan iborat. Birinchidan, qirg’inga yetaklagan tarixiy va siyosiy omillarni o’rganib chiqdik. Ikkinchidan, o’sha kunlari O’sh va Jalol-Obodda aynan nimalar bo’lganini izchil tasvirlab beramiz. Fojiaga yaqindan nazar tashlab, voqealar soatma-soat, daqiqama-daqiqa qanday avj olgani tasvirlanadi. Uchinchidan, qanday jinoyatlar sodir etilgani va qanday xalqaro qonunlar buzilganini tahlil qilamiz. Inson huquqlari qanchalik buzilganini ko’rib chiqdik. Mana shularga asoslanib, hukumat, mahalliy organlar va fuqarolar qilmishini tahlil qildik. Va albatta, hisobotda endi nima qilinmog’i zarurligi haqida o’z maslahatlarimizni beramiz”.

"Amerika Ovozi": Biz bilan o’tgan yilning avgust oyida gaplashganingizda bu tekshiruvni faqat xorijiy ekspertlar olib boradi degan edingiz. Jarayon qanday kechdi?

Kimmo Kilyunen: “Biz O’sh va Jalol-Obodda ishni oktabrning o’rtalarida boshladik. 2011 yilning yanvar oyi oxirigacha u yerdan chiqishmadi. 30 ga yaqin chet ellik mutaxassis ishladi. Texnik komandamiz ham bor. 700 dan ortiq intervyu, minglab video va audio materiallar to’pladik. Rossiyada ham odamlar bilan gaplashdik, Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa joylardagi o’zbeklar bilan. Shuningdek, O’zbekistondagi qochqinlar bilan ham gaplashdik. Yana boshqa davlatlardagi o’zbeklardan ham ma’lumotlar oldik. Qirg’izlar bilan muloqot qildik. Aytmoqchimanki, har ikki tomonning qissasini eshitdik”.

Roza Otunbayeva boshchiligidagi hukumat hozir xalqaro komissiya xulosalari bilan tanishmoqda

Roza Otunbayeva boshchiligidagi hukumat hozir xalqaro komissiya xulosalari bilan tanishmoqda

Amerika Ovozi": Qirg’inda qancha odam o’lgani haqida shu paytgacha aniq raqamlar mavjud emas. Rasmiy va norasmiy sonlar bir-biridan juda yiroq. Komissiya bunga aniqlik kiritadimi?

Kimmo Kilyunen: “Biz ularni hisoblashga harakat qildik. Nohukumat tashkilotlar, xalqaro organlar, qolaversa hukumat hisobi…Biz o’z tahlilnomamizda raqamlarni oydinlashtiramiz. Lekin qancha odam o’lganini hech kim aniq ayta olmaydi, buning iloji yo’q. Buni hech qachon bila olmaymiz”.

Amerika Ovozi": Xalqaro qonunlar, inson huquqlari qanchalik buzilganini o’rganib chiqdik deyapsiz. Ko’plab o’zbeklar genodsid sodir etilgan deydi. Siz yig'gan dalillar buni isbotlaydimi?

Kimmo Kilyunen: Bu urush jinoyatlarimi, genodsidmi yoki insoniyatga qarshi jinoyat? Biz tekshurivda mana shu savollarga javob izladik. Asosiy maqsadlardan biri ham shu edi. Lekin javobni hozir ayta olmayman. Hisobot chiqqanda bilasiz.

Jinoyatchilar qachon jazosini oladi deya so'raydi odamlar

Jinoyatchilar qachon jazosini oladi deya so'raydi odamlar

"Amerika Ovozi": Asosiy maqsad haqiqatni yuzaga chiqarish deb kelasiz. Taxmin, mish-mishlar, yolg’on, qolaversa qo’rquv-tahlikaga chek qo’yish kerak deysiz. Birgina hisobot bilan, hatto u xalqaro bo’lsa ham, bunga erishib bo’larmikan?

Kimmo Kilyunen: “Xolis, mojaro ortidagi odamlar va omillarni har tomonlama o’rganib chiqishning foydasi bo’lishiga ishonaman. Bunday fojialar qaytarilmasligi kerak. Hudud 20 yil oldin mana shunday dahshatli kunlarni boshdan kechirgan edi. Nima uchun va qanday qilib bu fojia yana qaytarildi? Sabablariga qarab saboq olish kerak”.

Tintuvlar, sababsiz qamashlar davom etmoqda

Tintuvlar, sababsiz qamashlar davom etmoqda

"Amerika Ovozi": Bugun ham O’sh va Jalol-Obodda odamlar o’zini xavf ostida deb biladi. Hukumat ularni himoya qilmayotganini, aksincha ular bosim ostida ekanini aytadi. Zo’ravonlik hollari, sababsiz qamash, qiynoqlar, ko’cha-kuyda do’pposlash hollari kuzatilmoqda. Siz xunrezliklar 14 iyunga borib tugagan deb kelasiz. Ammo odamlardan bugun hayot qanday deb so’rasangiz, “hamon tahlikada yashayapmiz” deyishadi.

Kimmo Kilyunen: “Shunday, vaziyat haliyam chatoq. Hisobotimiz buni albatta aks ettiradi. Tergovlar, sudda ketayotgan ishlar va bugungi ahvol. Adolat va xavfsizlikni ta’minlash uchun nima qilish zarurligi borasida hukumatga tavsiyalar beramiz, yo’l ko’rsatamiz”.

"Amerika Ovozi": Lekin shu bilan cheklanasiz xolos. Komissiya bundan boshqa vakolatga ega emas, shundaymi?

Kimmo Kilyunen: “To’g’ri, bu jinoiy tergov emas. Biz jinoiy tergov o’tkazishni maslahat beramiz. Katta jinoyatlar sodir etilgan va ular tergov qilinishi, to’g’ri tergov qilinishi, adolat qaror topishi shart”.

"Amerika Ovozi": Hukumat siz bilan qanchalik hamkorlik qildi, tekshiruv erkin kechishi uchun sharoit yaratib berdi deya olasizmi?

O'sh

O'sh

Kimmo Kilyunen: “Biz uchun barcha idora, muassasa, organlaru-arxivlar, hammasi ochiq bo’ldi. Tegishli odamlar bilan bemalol gaplashdik, fuqarolar va rasmiylar bilan suhbat qurdik. Kasalxona va boshqa maskanlar ham bizga ochiq bo’ldi. Qisqasi, ishonch bilan aytishim mumkinki, Qirg’iziston hukumati tekshiruv uchun zarur sharoit yaratib berdi, biror cheklov yoki to’siqni sezmadik”.

"Amerika Ovozi": O’sh hamda Jalol-Oboddagi mahalliy rahbariyat va markaziy hukumat bir-biridan uzilib qolgan, hokimlar Bishkekka bo’ysunmaydi degan fikrga qo’shilasizmi?

Kimmo Kilyunen: “Biz hisobotda bu haqda to’xtalib, siyosiy muammolarni tahlil qilamiz. Janubda uch siyosiy guruh bor nazarimizda. Biri sobiq prezident Kurmanbek Bakiyevning tarafdorlari. Ikkinchisi, hozirgi hukumatning yonini oladiganlar. Uchinchi guruh esa o’zbek yetakchilar. Yana boshqa mayda guruhlar ham bor, ammo bu uch toifa eng kattalari.

"Amerika Ovozi": O’sh va Jalol-Obodda ko’p vaqt o’tkazdingiz, siyosiy muhit, kundalik hayot bilan yaqindan tanishdingiz. “Qirg’izistonda bizga hayot yo’q, bu yerda kelajak yo’q” deb yashayotgan o’zbeklarga nima degan bo’lardingiz?

Kimmo Kilyunen: “Nima bo’lgani va bo’layotganini tan olib, faktlarni yuzaga chiqarib, odamlarga dalda beramiz, ularning dardini keng ommaga olib chiqib, fojiadan aziyat chekkanlarga ruhan madad beramiz degan umiddamiz. Odamlarga bo’lgan ishdan saboq olib, kelajak haqida, birga hamjihatlikda yashashdan boshqa iloj yo’qligini eslatamiz.

"Amerika Ovozi": Talofat ko’lami, dahshati, sabab va oqibatlarini o’rgangan bir arbob sifatida, elatlar bir-birini kechira olishiga ishonasizmi?

Kimmo Kilyunen: “Elatlar oldida kechirish va yarashishdan boshqa yo’l yo’q. Bo’lmasa, azobini tortishadi. Bir jamiyat a’zolari, bir davlat fuqarolari ekanlar, ular til topishishga majbur. Maqsad tinchlikda yashash bo’lsa, kelishmasdan iloj yo’q”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG