Muloqot va yarash - Qirg'iziston barqarorligi va taraqqiyoti garovi, deydi Yevropa rasmiysi

  • Amerika Ovozi

Litva Tashqi ishlar vaziri Audronius Ajubalis

Litva Tashqi ishlar vaziri Audronius Ajubalis

Markaziy Osiyo bo'ylab safarga chiqqan Litva Tashqi ishlar vaziri Audronius Ajubalis Qirg'izistonda bo'lib, 2010-yil yozida etnik zo'ravonliklarni boshdan kechirgan O'sh shahriga bordi.

Litva joriy yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) raisi vazifasini bajarmoqda.

Ajubalisning aytishicha, qayta qurish va taraqqiyot ishlarini amalga oshirayotganda hech bir etnik guruh manfaatlarini hisobdan chiqarmaslik kerak.

"Muloqotsiz tinchlikka erishib bo'lmaydi. Tashkilot xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda Qirg'izistonga tiklanish va taraqqiyot ishlarida yordam berishga tayyor", - deydi Litva tashqi ishlar vaziri.

Har bir fuqaro huquqini hurmat qilishga chaqirgan Ajubalis mahalliy ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari va jamoatchi faollar bilan ham uchrashgan.

"YXHT qoradori savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda qanday yordam ko'rsatishi mumkinligi haqida fikr almashdik. Bishkek va O'shdagi idoralarimiz faoliyatini kuchaytiramiz", - deydi rasmiy.

Ajubalis O'shda viloyat va shahar hokimlari Sooronboy Jiyenbekov va Melis Mirzakmatov bilan gaplashgan.

U, shuningdek, janubda mahalliy xavfsizlik kuchlariga yordam berish uchun tashkilot tomonidan yuborilgan politsiya-maslahat guruhi a'zolari, fuqarolik jamiyati vakillari va mahalliy aholi bilan ham uchrashdi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi payshanba kuni Bishkekda Bosh vazir Olmosbek Atambayev va boshqa rasmiylar bilan gaplashadi.

Tashkilot qoshida tuzilgan maxsus komissiya Qirg'iziston janubidagi qirg'in yuzasidan tekshiruvni yakunlash arafasida va yaqin kunlarda hisobotini e'lon qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG