Breaking News

Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi, Litva Tashqi ishlar vaziri Audronius Ajubalis Toshkentda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniyev bilan, 1 iyun 2011
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi, Litva Tashqi ishlar vaziri Audronius Ajubalis Toshkentda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniyev bilan, 1 iyun 2011

Bu yil Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini yosh demokratik davlat bo’lmish Litva boshqarmoqda.

Oy boshida Litva Tashqi ishlar vaziri Audronius Ajubalis (Audronius Ažubalis) Markaziy Osiyoni aylanar ekan, O’zbekistonda ham to’xtab o’tdi. Oqsaroyda prezident Islom Karimov bilan muloqot qildi. Tashqi ishlar vaziri Elyor G’aniyev va Qonunchilik palatasi raisi Dilorom Toshmuhamedova bilan uchrashdi. Fuqaro jamiyati vakillari va matbuot xodimlari bilan gaplashdi.

Ajubalisning muovini, safarda unga hamrohlik qilgan maxsus elchi Ritis Paulaskas (Rytis Paulaskas) - Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisligi uchun mas’ul.

Litva hukumati 56 davlat a’zoligidagi organni yuritish oson ish emasligini anglab yetgan. Venada asoslangan, barqarorlik va qonun ustuvorligini targ’ib qiluvchi tashkilotga demokratik va nodemokratik tuzumdagi mamlakatlar birdek a’zo. Markaziy Osiyoni kezib, rasmiy va norasmiy doiralar fikri bilan tanishgan Litva diplomatlari “vazifa naqadar murakkab ekanini tushunamiz” deydi. Ritis Paulaskas BMT, NATO va Yevropa Ittifoqida ishlab kelayotgan arboblardan. Vilnyusga telefon qilib, uni suhbatga tortdik.

Paulaskas: “Raislik intensiv, tinimsiz mehnat talab qiladi. Tashkilot o’z oldiga ulkan, erishish oson bo’lmagan maqsadlarni qo’ygan. A’zo davlatlarga borib, u yerdagi vaziyat, tashkilotimiz vakolatxonalari faoliyati va dasturlar bilan tanishayapmiz, ular ishini jadallashtirish, kengaytirish yo’lida harakat qilayapmiz. Markaziy Osiyo juda muhim mintaqa va shu bois u yerdagi besh davlatga borib, vakillarimiz va rahbarlar bilan gaplashdik”.

Imamova: Hukumatlar bilan muzokaralarda bo’ldingiz. Ularni hamkorlikka, hamjihatlikka chaqirdingiz. Tashkilot uchun regionda eng dolzarb vazifa nima?

Ritis Paulaskas, o'ngdan, Litvaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raisligi ortida turgan arbob. Bu mushkul vazifa, deydi u, 56 davlat a'zoligidagi tashkilotda konkret yutuq haqida gapirish qiyin.
Ritis Paulaskas, o'ngdan, Litvaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raisligi ortida turgan arbob. Bu mushkul vazifa, deydi u, 56 davlat a'zoligidagi tashkilotda konkret yutuq haqida gapirish qiyin.

Paulaskas: Uch yo’nalishimiz bor: siyosiy-harbiy, iqtisodiy va inson huquqlari. Bularning hammasi birdek ahamiyatli. Muzokaralarda eng ko’p tilga olingan masala bu xavfsizlik va trans-chegaraviy tahdid bo’ldi, jumladan terrorizm, ekstremizm, inson savdosi. Besh davlat rahbarlarining hammasi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan mana shu muammolarga qarshi kurashda yordam so’ramoqda. Buning uchun ular o’zaro hamkorlik zarur ekanini biladi va nazarimizda, faol harakat qilib, birga ishlamoqda.

Imamova: Lekin, janob Paulaskas, bugungi manzaraga qarab nahotki ular “faol harakat qilmoqda” yoki “birga ishlamoqda” deyish mumkin? Mintaqaviy hamkorlik sust ekani, chegaralar yopiq ekani, davlatlar orasida kelishmovchiliklar talay ekanini nahotki ko’rmayapsiz?

Paulaskas: Bilasizmi, biz hamkorlikni oshirish zarur ekani haqida bekorga gapirayotganimiz yo’q. Litva raislikni boshlabdiki, hamkorlik haqida gapirmoqda. Mamlakatlar o’zaro manfaatlar, mintaqaviy manfaat haqida o’ylashi kerak. To’g’ri har bir davlatning o’z manfaatlari bor, lekin tahdid - hamma uchun tahdid. Trans-chegaraviy xavfsizlik, chegara xizmati xodimlarini birgalikda tayyorlash yoki malakasini oshirish… Masalan Tojikiston va Afg’oniston birgalikda olib borgan dasturlar samara bermoqda. Davlatlar bir-biridan va boshqalardan o’rganishi kerak. Biz bu borada yangi loyihalar ishlab chiqayapmiz. Qo’shnichilik aloqalarini yaxshilash kerak. Davlatlar muammolarni tan olib, hamkorlik haqida gapirayapti.

Chapdan YXHT raisi Audronius Ajubalis, tashkilotning Bishkekdagi vakolatxonasi rahbari Andryu Tesoriere va Ritis Paulaskas Osh shahar politsiya boshlig'i polkovnik Pamirbek Asanov bilan, 2 mart 2011
Chapdan YXHT raisi Audronius Ajubalis, tashkilotning Bishkekdagi vakolatxonasi rahbari Andryu Tesoriere va Ritis Paulaskas Osh shahar politsiya boshlig'i polkovnik Pamirbek Asanov bilan, 2 mart 2011

Imamova: Mintaqa rahbarlarining bu borada fikri bir joydan chiqayapti demoqchimisiz?

Paulaskas: Qaysidir darajada, lekin barcha davlatlar bir pozitsiyada emas. Kimdir nimadir sohada hamkorlikka tayyor, yana kimdir esa xalqaro hamjamiyat yordami kerak deyapti, ayniqsa moliya, malaka oshirish bobida. Biz rais sifatida shuni tushundikki, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti mintaqada o’z ishini jadallashtirishi kerak.

Imamova: Xavfsizlik va mintaqaviy hamkorlik yo’lida Markaziy Osiyodagi har bir davlat nima qilishi mumkinki, vaziyat yaxshilanadi, aniq bir yutuqqa erishiladi?

Paulaskas: Tashqi ishlar vazirimiz, YXHT raisi Audronius Ajubalis mintaqaga shunday nasihat bilan bordi: Konstruktiv muloqot boshlang, amaliy qadamlar tashlash haqida o’ylang. Qo’shnilar orasidagi taranglikni yumshatish uchun samimiy, ochiqchasiga gaplashib olish kerak. Ekspertlarning gaplariga quloq tuting. Xalqaro tajribalardan o’rganing. Quruq gaplardan amaliy ishlarga o’ting. Bunda oshkoralik juda muhim. Maqsad aloqalarni yaxshilash bo’lsa, bir yoqadan bosh chiqarishga majbursiz. Xavfsizlikka kelganda, masalan, mamlakatlarning tegishli idoralari birga ishlashi kerak. Deylik, qoradori savdosi yoki terrorizmga qarshi kurash bobida. Shular nazarimda har bir davlat bugundanoq qila boshlashi kerak bo’lgan ishlar.

Imamova: Suv va energiya borasidagi kelishmovchiliklar haqida ham gaplashdingizmi? YXHT nazarida ularni yechich uchun nima qilish kerak?

Paulaskas: Bizning nazarimizda bu muammolar yechimi mutaxassislar qo’lida… Orada ishonch bo’lsa, xalqaro hamjamiyat yordami, xususan Jahon Banki ko’magi bilan masalani hal etish mumkin.

Imamova: Qirg’iziston… O’tgan yilgi qonli voqealar yuzasidan tekshiruv olib borgan xalqaro komissiya hisoboti Qirg’iziston hukumati tomonidan yaxshi qabul qilinmadi. Parlament komissiya rahbari Kimmo Kilyunendan shu qadar noroziki, uning mamlakatga kirishi man etildi. Tekshiruv YXHT tomonidan quvvatlangan, Kilyunen shu tashkilotda ishlaydi. Qirg’iziston parlamenti hatti-harakati va umuman bugungi vaziyatni qanday baholaysiz? Tashkilot nima qilmoqda avholni yaxshilash uchun?

Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi
Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi

Paulaskas: Qirg’iziston, shubhasiz, diqqat markazimizda. Raislikni qo’lga olishimiz bilanoq biz bu davlatga borib, rahbarlar bilan muloqot boshladik. O’shda bo’lib, mahalliy hokimlar bilan gaplashdik. Vaziyat murakkab. O’zbek va qirg’iz aholi dardini bilamiz. Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva kuni kecha Venada tashkilotimiz doimiy kengashida so’zlab, bugungi muammolarni ochiq tan oldi va ko’proq yordam so’radi. Biz bunga tayyormiz. Qirg’iziston o’tish davrini, qaltis bir jarayonni boshdan kechirmoqda. Biz bu davlat parlament boshqaruvidagi tuzumga aylanayotganini yoqlaymiz. Bizning pozitsiyamiz shuki, xalqaro komissiya hisoboti chetda qolmay, undagi tavsiyalar amalga oshirilishi kerak. Elatlar yarashib, birga yashay olishi uchun bu juda muhim. Ichki ishlar tizimini yaxshilash va fuqaro xavfsizligini ta’minlash uchun madadni ayamaymiz.

Imamova: Qirg’iziston parlamenti siz quvvatlagan komissiya raisini mamlakatga kiritmasa-da, hisobotni qoralasa-da, YXHT bu davlat parlamenti va bugungi tuzumni quvvatlaydi, shundaymi?

Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi
Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi

Paulaskas: Prinsipial jihatdan, ha, parlament tuzumini quvvatlaymiz. U yerda xalq vakillari o’tiribdi. Raisimiz Audronius Ajubalis o’zi ham qonunchi bo’lgan, bu borada tajribasi bor. Qirg’iziston siyosiy partiyalari rahbarlari bilan ochiq gaplashish mumkin. Demokratik parlamentlar va ularning a’zolari qanday ishlashi kerakligi haqida o’z maslahatlarimizni berayapmiz.

Imamova: YXHT juda qog’ozboz va yuzaki ishlaydigan tashkilot degan tanqidlarni o’zingiz ham ko’p marta eshitgansiz. Albatta bu organdagi muammolarning hammasini Litva raislik davrida hal qila olmaydi. A’zo davlatlarda oshkoralik vujudga kelishi, inson huquqlari hurmat qilinishi va jamiyatlar erkinlashishi uchun nima qilayapsiz, qanday choralar ko’rayapsiz?

Paulaskas: Har bir tashkilot o’ziga xos byurokratiya, rasmiyatchilikka asoslanadi. Usiz biror ishni bitirish qiyin. Bu bilan muammolar yo’q demoqchi emasman. Inson huquqlariga kelsak, biz rais sifatida har bir davlatda so’z va matbuot erkinligi masalasini ko’tarayapmiz va uning ta’minlanishiga chaqirayapmiz. Bilasiz, turli jamiyatlarda bu erkinliklarga munosabat turlicha. Biz bu mavzuni tilga olganimizda, qizg’in bahslar ham bo’layapti. Jurnalistlarni haqoratda ayblab sudga berish hollariga chek qo’yish kerak degan fikrdamiz. Huquq himoyachilariga tazyiq va muxolifatga bosim o’tkazishni bas qilish kerak deb kelayapmiz. Markaziy Osiyoning har bir davlatida bunday muammolarga guvohmiz. Bu masalalarni rahbariyat bilan muhokama qilayapmiz. Nohukumat tashkilotlar bilan gaplashayapmiz. Ijtimoiy muammolarni hal etishda fuqaro jamiyatining roli katta. Masalan inson savdosiga qarshi kurashda hukumat va nohukumat tashkilotlar birga ishlab katta yutuqlarga erishishi mumkin. Uchrashuvlarda bu borada ochiq gaplashib oldik.

Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi
Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi

Imamova: Ochiq gaplashayapmiz deb qayta qayta aytayapsiz. Mana shu so’zlashuvlardan kelib chiqqan holda ayta olasizmi, YXHTning Markaziy Osiyodagi a’zolari o’z oldilaridagi xalqaro majburiyatlarni haqiqatdan biladi va tan oladi deb? Chunki real hayotda bunga guvoh emasmiz. Oddiy bir misol, mana men Litva Tashqi ishlar vazirligiga telefon qilib, vazir Audronius Ajubalis yoki sizga savolim bor desam, javob berasiz. Axborot vositalari orqali jamoatchilik bilan bog’lanish ahamiyati, omma fikri bilan hisoblashish zarurligini tushunasiz. Lekin O’zbekistonda, masalan, bunday emas. Rahbarlar siyosatni oshkora tushuntirib, muhim masalalar yuzasidan tanqidlarga javob berish ularning mas’uliyati ekanini his qilmaydi. Siz vaziyatni qanday baholaysiz?

Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi
Litva YXHT raisi ekan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va erkinlikni targ'ib qiladi

Paulaskas: Bilasizmi, o’tgan yili Ostonadagi sammitda tashkilot a’zolarining majburiyatlari haqida qizg’in munozaralar bo’ldi. A’zolarga ularning burchlari, qadriyat va standartlar haqida qayta-qayta eslatildi. Hukumatlar turlicha qarashlarda ekani ayon bo’ldi va biz raislikni boshlaganimizda, bu borada biz bilan gaplasha boshlashdi. Kelishmovchiliklar bor, albatta, lekin biz ularga o’z pozitsiyamizni bildirdik, talablarni eslatdik. Ularga bu yoqmasligi mumkin, lekin masala chetda qolib ketmayapti, gaplashayapmiz bu haqda. O’zgarishlar bir pasda yuz bermasligi mumkin, lekin biz qo’ldan kelgan barcha choralarni ko’rayapmiz. Til topishishga harakat qilayapmiz.

Imamova: Hukumatlar qandaydir darajada o’z mas’uliyatlarini his eta boshlagan deya olasizmi?

Paulaskas: Shuni aytishim mumkinki, dunyo hamjamiyati va xalq oldidagi javobgarlik xususida uchrashuvlarda gaplashdik. Fuqaro jamiyati bilan ishlash, ularga erkinlik berish, fuqarolarga erkinlik berish, omma fikri bilan hisoblashish… Bu zaruriyatlarni eslatib turish va ularga undash – bizning vazifamiz. Ochig’ini aytish kerak, erkinlik darajasi mintaqa bo’ylab turlicha. Lekin biz erkinlik muhim talab ekani haqida har bir a’zoga aytib kelayapmiz.

Imamova: Janob Paulaskas, sizga suhbat uchun katta rahmat.

Paulaskas: Sizga ham rahmat. Juda mamnun bo'ldim.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG