O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar taqdiri yuzasidan xavotirlar


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Varshavada o’tgan inson huquqlari bo’yicha yig’inida o’zbekistonlik faollar ham qatnashib, siyosiy mahbuslar masalasini ko’targan.

Qamoqdagi jurnalistlar Dilmurod Sayid va Solijon Abdurahmonov hamda muxolifatchi Murod Jo’rayevning sog’lig’i yomonlashgan, deydi ular.

Hokimiyatni noqonuniy egallash harakatida ayblanib qamoqqa tashlangan Murod Jo’rayev mustaqil O’zbekiston tarixidagi dastlabki siyosiy mahbuslardan. U 40 yoshdan o’tganda qamoqqa tashlangan edi, yaqinda 61 yoshini ham qamoqxonada qarshiladi.

Salkam 20 yillik qamoq muddati Murod Jo’rayevning sog’lig’ini mutlaqo izdan chiqargan va u ortiq jazo o’tashni ko’tara olmaydi. “Ezgulik” jamiyati Jo’rayevning turmush o’rtog’iga tayanib bu haqda ma’lumot tarqatgan.

Xolbeka Jo’rayeva 5-oktabr kuni eri bilan qamoqxonada ko’rishgan. U qamoqxonada hushidan ketib qolayotgani, davomiy tibbiy parvarishga muhtojligi aytilmoqda.

1994-yilda Jo’rayevga belgilangan 12 yillik jazo muddati qamoqxonadagi ichki tartibni buzish aybi bilan bir necha bor uzaytirilgan va natijada unga yana 9 yil qo’shib berilgan.

Huquq faollari uning umrbod panjara ortida qolishidan qattiq xavotirda.

“19 yildan buyon qamoqxonada azob chekayotgan Murod Jo’rayevning azoblari tugadi, chiqishiga bir necha kun qoldi degan paytimizda unga yana 3,5 yil qo’shib berishdi. Butun dunyo uning ozod etilishini talab qilsa ham rahbarlarimizga baribir. Ba’zan juda qo’rqaman, nahotki unga berilgan 12 yillik jazo muddati bir umrlik bo’lsa deb. 19 yillik qamoq uning mutlaqo sog’ joyini qoldirmadi, endi unga 21 yil o’tirasan deyishayapti”, - deydi huquq himoyachisi Dilorom Ishoqova.

Ma’lumotlarga ko’ra, jurnalistlar Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayid ham avvalgi jazo o’tash muassasasidan Toshkentga ko’chirilgan. Sil kasaliga chalingan Sayidning Navoiydan Toshkentga olib kelinishi uning sog’lig’i jiddiy yomonlashgani bilan bog’liq deb ko’rilmoqda.

Dilmurod Sayid tovlamachilik aybi bilan 12,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Giyohvand moddalar savdosida ayblanib, 10 yilga qamalgan 60 yoshli jurnalist Solijon Abdurahmonovning Qashqadaryodan poytaxtga ko’chirilishi esa, ayrim ma’lumotlarga qaraganda, AQSh hukumati uning ishi yuzasidan bildirgan xavotirlar bilan bog’liq bo’lishi mumkin.

“Bizni manbalarimizga qaraganda, shunaqa gap bor. Biz ham ma’lumotni huquq-tartibot organlariga yaqin bo’lgan odamlardan olamiz. AQSh hukumati, senatorlarining gaplaridan keyin Abdurahmonovni sog’lig’iga qarash, parvarishlash, har qanday vaziyatga tayyor turish maqsadida Sangorodga olib kelingan deyishayapti. Dilmurod Sayid maslasida aniq bir narsa deyish qiyin, chunki u Toshkentdan yana boshqa qamoqxonaga jo’natilishi ham mumkin. Lekin AQSh tomonidan bo’layotgan bosim tufayli bir ijobiy o’zgarishlarga ham umid yo’q emas. Har holda hozir shu ikki jurnalist haqida ko’p gapirilyapti”, - deydi “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov.

Obama ma’muriyati shu yilning may oyida xalqaro so’z erkinligi kuni munosabati bilan o’z tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan jurnalist Solijon Abdurahmonovni ozod etishga chaqirgan edi.

Bu bayonotdan bir oz o’tib, iyun oyida AQSh senatorlaridan iborat guruh Solijon Abdurahmonov, A’zam Turg’unov va Dilmurod Sayid kabi siyosiy mahbuslarni ozod etish masalasida O’zbekiston prezidenti nomiga ochiq xat bilan chiqishgan edi.

O’zbekiston hukumati mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini rad etib keladi. Faollarga ko’ra esa siyosiy faoliyati yoki diniy e’tiqodi uchun qamalayotgan insonlar borgan sari ko’payib bormoqda.

Bu toifadagi mahbuslar har yilgi amnistiyadan chetda qolishadi. Ularning ozodligi hukumat qo’lidagi bosim vositasiga aylangan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG