Ayrim o’zbeklar qadrdonlik, yaqinlik yana tiklanishiga ishonib yashayapti


Qirg’izistonda referendum o’tib, siyosiy vaziyat bir oz barqarorlashgani aytiladi. Muvaqqat rahbariyat “boshqaruvni mustahkamlaymiz, adolat qaror topadi, barcha elatlar huquqlari birday ta’minlanadi” deb va’da bersa, jalolobodlik o’zbeklar “tinchlik bo’lsin, boshimiz omon bo’lsin”, demoqda.

“O’t qo’yishlar, odam o’ldirishlar bo’ldi. Lekin bir narsani aytish kerak – bu har bir millat ichida ham ro’y berdi: o’zbek, qirg’iz, ruslar. Biz optimist xalqmiz, yaxshilikka intilib yashaymiz. Yomon kunlardan keyin albatta yaxshi kunlar ham keladi. Tuban kunlardan keyin yorug’lik keladi degan gap bor. Shunga ishongan holda yashab yuribmiz”, - deydi jalolobodlik ziyoli Shokirjon.

“Mahalliy aholiga bosim bor degan gaplarga kelsak, aktiv, faol kishilarga gumon bilan qarash bor. Ularni qamashgani rost”.

“Referendumdan keyin hukumat ancha aktiv bo’lib qolgan, tinchlik, osoyishtalikni saqlash yo’lida", - deydi u.

"Besh-olti kun oldin vertolyotdan o’zbek tilida chaqiriqlar, varaqalar tashlandi. Do’stlar, yarashaylik, urushmaylik, degan ma’noda. Ba’zilar hatto hayron qoldi – nima uchun o’zbek tilida yozildi ekan, deb. O’sh, Jalolobodda yarashish uchun shu kabi ishlar olib borilayapti. Hammasi yaxshi bo’lib ketishi kerak. Komendantlik soatini yana uzaytirishdi 10 avgustgacha. Bu ham albatta tinchlik uchun”.

“Qirg’iziston janubida hozir eng muhimi birdamlik. BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti uncha-muncha yordam qo’lini cho’zsa, asosiysi, jabrlanganlarning uylarini qish kelguncha tiklashsa… Bu katta masala. Yordamga muhtoj yuzlab oilalar... Muvaqqat hukumat ham juda katta va’dalar berayapti. Ziyon ko’rgan oilalarning ishi alohida ko’rib chiqilayapti”, - deydi Shokirjon.

Uning aytsihciha, o’zbek qirg’iz bilan yarashishi mumkin.

"Qayerga borsam, kim bilan gaplashsam, o’tgan ish o’tdi, endi kelajakni o’ylab yashash derak, deb da’vat etayapman. Qochqinlarning ko’pi qaytib keldi, chunki vatanimiz shu yer, qanday bo’lmasin, shu yerda qolamiz. Buning uchun esa kurashish kerak. Qirg’iz birodarlarimiz bilan do’stona aloqada bo’lishimiz lozim. Yana oldindi hayot tiklanishi kerak. Biz kattalarning vazifamiz yoshlarga shuni eslatib turish. Hadeb kavlayversang ham bo’lmaydi".

"Eskida bo’lgan qadrdonlik, do’stlik tiklanishiga ishonib yashashimiz kerak”, - deb hisoblaydi u.

XS
SM
MD
LG