O'shda xorijdagi qirg'izistonliklar forumi o'tkazildi


O'shda vatandoshlar forumi

O'shda vatandoshlar forumi

Qirg’izistonning O’sh shahrida vatandoshlarning navbatdagi, uchinchi forumi bo’lib o’tdi. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan vakillar mahalliy mutaxassislar, rasmiylar hamda tadbirkorlar bilan birga ona yurt iqtisodiyotini yuksaltirishga hissa qo’shish borasida so’z yuritdi. Bu o’rinda mavjud muammolar aytib o’tildi.

O’z navbatida ona vatan xorijdagi farzandlar bilan tig’iz aloqada bo’lishi, ularning haq-huquqlarini himoya qila bilishi, madaniy, ma’naviy ehtiyojlarini unutmasligi joizligi ta’kidlandi.

Turli ma’lumotlarga ko’ra, hozirda 700 yuz mingdan bir milliongacha Qirg’iziston farzandi xorijda faoliyat ko’rsatmoqda. Bu mamlakat aholisining deyarli beshdan bir qismi, demakdir. Mehnat muhojirlarining kamida yuz mingi Rossiya fuqaroligini qabul qilgani aytiladi. O’zbekiston, Qozog’iston, Xitoy, Turkiya kabi mamlakatlarda esa qadimdan yirik qirg’iz diasporalari mavjud.

O’sh viloyat gubernatorining o’rinbosari Ahmadjon Mahammadovning aytishicha, xorijdagi vatandoshlar ona yurt taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shishi mumkin. Bu o’rinda ushbu rasmiy Turkiya tajribasini eslatdi.

Taniqli qirg’iz adibasi Zinakan Pasanova fikricha, vatandoshlar forumi ehtiyoj va imkoniyatlarni aniqlash, harakatlarni muvofiqlashtirish yo’lida o’ziga xos muloqot maydoni bo’lib qolmoqda. Adibaning aytishicha, vatandoshlarning moddiy ko’magiga umid bog’lar ekan, ona yurt o’sha sarmoyalardan samarali foydalanish choralarini ko’rishi lozim.

“Qirg’iziston innovatsion texnologiyalarga muhtojligini aytib kelamiz va vatandoshlardan aynan shunday mahsulotlarni olib kelishni so’raymiz. Aslida esa vatanda ilg’or texnologiyalarni tatbiq etish uchun tegishli sharoit tuzilmagan”, - deydi Pasanova.

Qonunshunos Hurbek Bektemirov Rossiya va Qozog’istondagi vatandoshlar manfaatlarini himoya qilish bilan mashg’ul. Suhbatdosh Rossiya huquq-tartibot tizimlarida mehnat muhojirlarini siquvga olish, poraxo’rlik, arzimagan narsa uchun qora ro’yxatga kiritish hollari mavjudligini aytadi.

Bektemirovga ko’ra, xorijda, ayniqsa, Rossiyada Qirg’iziston fuqarolari duch kelayotgan muammolarni hal qilishda hukumat hamda parlament faol bo’lmog’i darkor.

Suhbatdoshning aytishicha, ona yurt ham chet eldagi farzandlar oldidagi burch-majburiyatlarini yodda tutmog’i muhim. Aytaylik, olis yurtlarda ulg’ayayotgan yangi avlod ona tili, milliy madaniyat va qadriyatlarni saqlab qolishda ota diyordan madad kutishga haqli, deydi Nurbek Bektemirov.

Qonunshunos sarmoyalar oqimi va samarasi o’lkadagi iqtisodiy-siyosiy barqarorlikka bog’liqligini ta’kidlaydi.

Anjuman davomida qator mahalliy ishbilarmonlar chetdagi yurtdoshlar bilan hamkorlik rishtalari o’rnatdilar.

“Vatandoshlar forumining saviyasi yildan-yilga oshib bormoqda. Xorijda hali qanchadan-qancha biz bilmagan-tanimagan, ammo salohiyatli, tashabbuskor hamyurtlarimiz bordir. Aminmanki, ular ham vatanga asqotish orzusida yashaydi”, - deydi O’sh viloyat Aravon tumanidagi qishloq xo’jalik kooperativining kengash raisi Mahammadsoli Mashrabxo’jayev.

XS
SM
MD
LG