"Bizdan qurol qidirishayapti, qurolimiz bo'lganida uylarimiz yonarmidi"?


O’shda harbiylar o’zbek mahallalarida maxsus operatsiyalarni davom ettirmoqda. Xavfsizlik kuchlari qurol-aslaha, etnik to’qnashuvlarda ishtirok etgan va zo’ravonlik qilgan o’zbeklarni qidirayotganini aytadi. O’shning Cheryomushki mavzesi shaharning eng vayrona qismi. Unga tutash Kalinin ko’chasi, Otxona nomi bilan ham tanilgan joyda 22-uyungacha besh mingga yaqin o’zbek berkinib jon saqlayotgan edi. Lekin kuni kecha harbiylar BTRlar bilan kelib, erkaklarni olib ketgan, ayollar va bolalar esa qo’rquv ichida tarqalib, boshqa yerdan boshpana izlab ketgan.

Naziraxon – yolg’iz ona, ikki bolasi va 70 dan oshgan ota-onasi bilan tanishlarning uyida o’tiribdi. Yuragi dardga to’la.

“Otxonada edik, mana u yerdan ham quvildik”, deydi u. “O’tgan 12 kun ichida butun hayotimiz xonavayron bo’ldi”.

”11 iyunda qirg’iz to’dalar kelib, hamma narsamizni talon-taroj qildi. Biz berkinib ulgurdik. Mayli, o’t qo’ymadi deb turgan edik. Ertasiga kelib butun mahallani otib, hammayoq alanga ichida qoldi. Bu odamlarning hammasi harbiy edi. To’dami, armiyami, hammasi birga edi. Uyim butunlay kuyib tushdi. Mahallamiz qolmadi. Nima qilamiz endi"?

"Hech kim bizga yordam beradiganga o’xshamaydi. Aksincha, bizni hamma joydan siqib chiqarishayapti. Hozir mana vayron bo’lgan hovlilarimizning o’rniga ko’p qavatli imoratlar qurar emish. Bu gap o’zi oldindan bor edi”, – deydi bu ayol.

Naziraxon shu mahalladagi maktabda rus tilidan dars bergan.

“Men katta bo’lgan Cheryomushki bugun qabristonni, biror zot tirik qolmagan urush maydonini eslatadi”, - deydi u.

”Ogorodlarimiz, gulzorlarimiz, daraxtlarimiz kuyib qotib qolgan. Yer bilan yakson. Yana o’zbeklarni qidirib, kirib, qurol istayapti. O’zbeklarning quroli bo’lsa, uylari yonarmidi”?

Naziraxonning aytishicha, u singari o’z ona shahrida qochqin bo’lib yurgan xotin-qizlar nafaqat moddiy, balki tibbiy va ruhiy madadga muhtoj.

"Biz mana shu o’tgan kunlar ichida chekkan azobni hatto hayvonga ham ravo ko’rmaymiz”, – deydi u.

”Yosh bolalarni o’ldirib, o’tga tashlashdi. Shaxsan mening qo’shnim yerto’lada yashirinib o’tirganida, qirg’izlar kirib yetti a’zolik butun oilani tiriklayin yoqib yubordi. O’zimiz ko’rdik”.

Cheryomushki mavzesida zo’rlangan ayollar juda ko’p, deydi suhbatdoshimiz, o’z mahallasidagi kelinlar va qizlar haqida gapirar ekan.

”Hatto besh yashar qizni zo’rlashgan. Tushunayapsizmi? Bu go’dakda nima ayb? Kelinlarni-ku gapirmang. Ikkitasi o’zini o’ldirib qo’ydi, sharmandalikdan. Bir ayolning qon ketishi to’xtamay ikki soat ichida jon berdi”.

“Zulmatda yashayapmiz”, – deydi Naziraxon.

“Nima qildikki, shunchalik xo’rlandik? Qirg’in haqida bugun balki dunyo bilar, lekin biz hamon g’urbatdamiz, bizni ezishayapti”.

”Hukumat, “yarash, yarash,” deydi. Qanaqa yarash? Bu faqat og’izda. Bahonada yana o’zbeklarni ezayapti. Kecha mana qurol qidirib kelib, men hozir turgan mahallada ayollarning qulog’idagi ziraklarigacha yechib olib ketibdi. Harbiylar qilayapti bu ishlarni. Yana bizga qarab “himoyachimiz” deydi”.

“Hozir bizning yuragimizga hech narsa sig’maydi. Referendum emish… Hayotimiz-chi”? – deya nola qiladi Naziraxon.

”Bu qonli referendum… Bizning qonimizni to’kib, uning ustiga endi referendum o’tkazishmoqchi”.

O’shda yaqingacha 250 ming aholi bo’lgan bo’lsa, ularning yarmi o’zbek edi.

“Bizni yo’q qilishmoqchi, tag-tugimiz bilan. Biz hozir na ovoz bera olamiz, na ovozimizni chiqara olamiz”, – deya yig’laydi bu ayol.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG