O’shdagi bugungi manzara, har kungi hayot tashvishlari: Bir xonadondan reportaj


Janubiy Qirg’izistondagi xunrezliklardan qattiq zarar ko’rgan o’zbek oilalari istiqboldan umid uzgandek kun kechirmoqda. Iqtisodiy ahvoldan noliyotgan aholi, ham xavfsizlik, ham ishsizlik sabab chetga chiqib ketishga intilyapti.

55 yoshli Shuhrat aka xonadoni O’shning tor ko’chalaridan birida istiqomat qiladi. Xonadon a’zolari O’sh voqealariga qadar tijorat bilan shug’ullangan. Hozir ishsiz. Shuhrat aka sahardan o’zini qayerga qo’yishni bilmaydi.

“Turamiz, televizor ko’ramiz, kitob o’qiymiz, qornimizni to’yg’azamiz. Shu uyda o’tadi [vaqtimiz]. Intilish yo’q oldinga. Burungidek hayotga qiziqish qolgani yo’q. Kommercheskiy ish qilaman, ishxonamiz bor. Borishga ham qo’rqayapmiz ishlagani. Har xil gaplar eshitilyapti, ko’rib-eshitib borolmayapmiz. Erta bilan chiqamiz ko’chaga, gaplashib-gaplashib uyga kiramiz”, - deydi Shuhrat aka.

Tushga yaqin Rossiyaga ketgan kenja o’g’liga qo’ng’iroq qiladi.

“O’g’lim ham ketdi. Ozgina bo’lsa ham shu yerda tirikchilik qilib turardi. 20 ga kiruvdi. Povarlik qilardi kafelarda, ular ham bekildi, ish yo’q. Qo’limda ozgina pul bor, borib ishlasam bo’lmaydi, deb ketdi Moskvaga”.

Tushlikka ko’chadan katta o’g’il Abdumalik kirib keladi. U Rossiyaga ketish maqsadida hujjat tayyorlayotgan ekan.

“Choyxona qurayotgan edik. Urush boshlandi, to’xtadi. Rossiyaga ketmoqchiman. Borib, fuqarolik olaman. Ro’yxatdan chiqayapman”, - deydi Abdumalik.

Xonadon sohibasi ko’rpa qavish bilan band. U og’riqli fikrlari bilan o’rtoqlashadi.

“Ikkimchi o’g’limni uylantiradigan edik. Uylantirish ham kimning yuragiga sig’adi endi bu ahvolda? Bozorga borib kelish judayam qiyin bo’lyapti, ko’chaga chiqqani qo’rqamiz. O’tgan safargilaridan hozir tinchroq, lekin baribir ko’chaga chiqsang xo’mrayib qarashadi. Kecha svetga to’lagani bordim, navbatda bir qirg’iz ayol turgan ekan. Sizmi oxirgi desam, menga bir qarab, nariyoqqa qarab tupurib, gapirmadi ham. Indamay turaverdim, mayli deb. Dokument to’g’rilab, bolalarimni Rossiyaga ketishiga har xil spravkalar oldik. Bekorga beriladigan spravkalarni 150-200 so’mdan qilib oldik. To’rt-besh marta bordik: hali otini, hali familiyasini noto’g’ri yozadi”, - deydi uy bekasi.

Ro’zg’or xarajatlari uchun opaxon ulgurji, ya’ni arzon bozorga bormay qo’ygan.

“Mahallamizga olib kelishyapti yemishlarni, tanlab olyapmiz. Pastga tushib, o’zimizga muammo oshirib nima qilamiz. Undan ko’ra shu yerdan olib qo’ya qolamiz, qimmatroq bo’lsa ham. Xudo xohlasa, bolalarimiz ketganiga ham ancha bo’lib qoldi, pul-mul jo’natsa qishga zagotovka qilarmiz desak, uni ham qila olmayapmiz hali qishgacha nima olam, nima gap deb”.

Yolg’iz qolganimizda Shuhrat aka yana yuragini ochadi.

“Oldinga intilish yo’q bo’lib qoldi. Masalan, burun to’y qilaman, uy solaman, bolalarimni bir yerda o’qitaman desak, hozir unaqa intilish ham yo’q. Hamma ruhan cho’kib ketdi”, - deya qo’shadi u.

Kechga yaqin uy bekasi 13 yoshli qizi Saidaxon bilan qo’shni hovliga bir oz ko’ngiz yozgani chiqadi. Bu galgi Ramazon oyida mahallada avvalgi iftor tadbirlari deyarli yo’q. Mahalladagilar oynai jahon ham ko’rmay qo’ygan.

“Qayerga iftorga bora olasiz? Hech yoqqa bormayapmiz, uyda o’tiribmiz. Shomda eshiklarni bekitib olamiz, avvalgidek qarishdosh-urug’nikiga borish yo’q. Egachi singlilingiznikiga ham borolmaysiz”.

“Misol uchun biz televizor ko’rmay qo’ydik, radio eshitmay qo’ydik. Eshitsangiz ham, ruham odam cho’kadi. Psixologik tomondan ham, nerv tomondan ham, ruhan odam cho’kib ketyapti. Haqiqatni gapirishmayapti, faqat bir tomonlama”.
Xonadon erkasi Saidaxon yozgi ta’tilini to’rt devor ichida o’tkazdi deyish mumkin.

“Kanikulga chiqsam, men chevarchilik, pishiriq kursiga, parda tikishga bormoqchi edim, borolmadim. Endi tinch bo’lib qolsa boramiz”, - deydi suhbatdoshimiz.

“Kanikul boshlanishi bilan to’polonlar bo’lib ketdi. Qizim uch oy qanday o’tganini bilgani yo’q. Uydan ko’chaga chiqarganim yo’q, rostini aytsam. Mahallamizga chiqsa ham orqasidan o’zim chiqib qarab turaman. Yozgi kanikullarda qarishdoshlarnikiga borib, ularning qizlari bilan besh-olti kun turib, o’ynab kelardi. Xiyobonlarga borib, karusellarga tushib o’ynab kelardi. Lagerlarga borishardi. Hozir unaqa yo’q”, - deydi xonadon sohibasi.

Ko’plab o’shliklar kabi Shuhrat aka xonadoni ham har bir so’zida yaratgandan najot so’raydi.

“Najot Allohdan boshqasidan yo’q. Kelajagi yo’q bo’lib qoldi Qirg’izistonni, ko’zimiz ham yetmay qoldi. Hamma oila parchalanib ketdi: bolalar u yoqda, biz bu yoqda. Hayot qanday bo’larkin, xudoyim yaxshi yo’lga boshlasin, o’zi qo’llasin. Yomonga ham xudo bor, yaxshiga ham”.

XS
SM
MD
LG