Breaking News

Qirg’iziston janubidan 75 ming qochqin O’zbekistonga o’tgan


Etnik to’qnashuvlar shiddat bilan bilan Qirg’izistonning boshqa viloyatlariga ham tarqalmoqda. Janubda komendant soati joriy etilganiga qaramay, tinch aholini o’ldirish va xonadonlarga o’t qo’yish hollari davom etmoqda.

75 ming o’shlik va jalolobodlik o’zbeklar, asosan ayollar, bolalar va keksalar, yoshu-qarini ayamasdan qirayotgan qirg’iz to’dalardan qochib, O’zbekistonga o’tgan. Favqulodda holatlar vazirligiga ko’ra, mamlakatning bir necha nuqtasida ular uchun lagerlar bunyod etilgan.

Rasmiy manbalar o’lganlar soni 100 dan oshiq desa, guvohlar aslida minglab odam halok bo’lganini aytadi. Jarohat olganlar 1,100 dan oshiq. Kasalxonalarga borib yordam so’rash o’lim bilan barobar, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan fuqarolar.

O’shda oziq-ovqat tugab bormoqda, ichimlik suvi yo’q, ayrim hududlarda elektr kesilgan. Uy, do’kon va binolar yer bilan yakson qilingan.

Talon-taroj va qotilliklar Jalolobodga ham tarqalib, o’nlab inson o’ldirilgan. O’zbek xonadonlari alanga ichida.

Qirg’iziston rahbariyatining da’vo qilishicha, etnik zo’ravonliklarni sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari va unga aloqador guruhlar qo’zg’atgan. Ham o’zbek, ham qirg’iz oilalarga hujumlar bunga turtki bergan.

Qurmanbek Bakiyev Belarusdan bergan bayonotida “Qirg’izistondagi voqealarga aloqam yo’q, muvaqqat hukumat zaifligi tufayli aholini himoya qila olmayapti”,- degan.

Hukumat tashqi yordamsiz vaziyatni tinchita olmasligini tan olib, Rossiyadan yordam so’ragan edi. Kreml hozircha gumanitar yuk jo’natish bilan cheklanmoqda. Prezident Dmitriy Medvedev nazarida janubdagi voqealar Qirg’izistonning “ichki ishi”. Vaziyat ertaga, 14 iyun kuni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining favqulodda yig’ilishida muhokama qilinadi.

AQSh va Rossiya Qirg’iziston shimolida, tartibsizliklardan uzoqda, o’z harbiy bazalariga ega. Kreml o’z bazasi xavfsizligini kuchaytirish uchun mamlakatga 300 desantchi yo’llagan.

XS
SM
MD
LG