O’shlik o’zbeklar: Bizga yordam berishmasa, barchamiz qirilamiz


O’shdagi o’zbek jamoasi vakillarining aytishicha, qirg’izlar qo’lidan o’lganlar soni matbuotda aytilganidek 70 emas, mingga yaqin. Ko’pchilik barrikada qurib, o’zlarini himoya qilishmoqda.

Suhbatdoshlarning aytishicha, O’shda ahvol juda ayanchli. “Bizga hech kim yordam bermasa, erta-indin barchamiz qirilamiz”, - deya noumid. (Suhbatni o'ng tomondagi audio fayldan tinglang).

Tinchlikni saqlash uchun viloyatga qo’shinlar va bronetransportyorlar yuborilgan, ammo o’zbeklarning aytishicha, harbiylar ularni ham o’qqa tutgan.

“Kechadan boshlab soldatlar BTR-da yurishib birga qo’shib otib tashladi. Hamma bola-chaqalarni, go’daklarni, katta odamlarni yo’q qilib tashladi. O’zimizni oldimizda qancha o’liklar bo’ldi. Shaharni ichida bir magazine, stolovoy qolmadi. Hamma joyni yoqib yubordi. Soldatlar birga qo’shilib otdi. Biz o’zbeklarda qurol yo’q. Qo’limizda cho’p, taxta bor xolos. Boshqa narsa yo'q. Tog’ni orqasida ham otib tashladi deyapti. O’zim ham ko’p ko'rdim. Odam ko’p o’lgan”.

Murodjon ismli bu yigitning aytishicha, shahardan chiqishning iloji yo’q. Mamlakatning turli chekkalaridan qirg’izlar O’shga to’planib, o’zbeklarni siquvga olgan.

“O’zbekistonga chegaraga bordik, hech kimni qo’ymadi. Tamojniyga borganlar ham qaytib kelishdi, o’tkazmadi. Hozir mana aytishyapti chegarani ochgan endi, o’tkazyapti deb. Xotinlar, bola-chaqa bitta uyda o’tiribdi, 100-200 ayol kishi. Barrikada qilib to’sganmiz.”

Sharif ismli boshqa o’shlikning aytishicha, o’zbek ayollariga tajovuz qilishmoqda, to’dalar qariyalarni ham ayamayapti.

“O’zbek millatiga qiron keldi. Kampirlar qolmadi, yoshlar xotinlar qolmadi. Bolalarni so’yib, otib... endi qo’yaverasiz. Tirikligicha yoqib yuboryapti, oldida BTR yuribdi, orqasida soldat otyapti. Kechasi bilan komendantskiy chas deb e'lon qilgani bilan Furqat degan rayonimizni yoqib tashladi. Cheryomushki ham yongan. O’zbekiston qayerga qarayapti. Biz elmiz-ku, el”.

Bahodir ismli yana bir yigit zo’ravonliklar oqibatida bir necha joyidan yaralangan.

“Otishma bo’layotgan joyga borsak, quvlab kelib bizni otib tashladi. Men ham yaralandim. Oyog’imdan, sonimdan yaralandim. Sulaymon tog’idan otyapti. Sartarosh do’stim bor edi, Mahmudjon degan, meni yonimda o’ldi, boshidan o’q tegib. Juma namozdan endi chiqqan edi. Masjidlarni ham yoqishyapti. Qizlarni zo’rlashyapti. Qirg’izlar juda ko’pchilik bu yerda. Ularga qurol tarqatilgan. Militsiyalarni o’zlari tarqatayapti. Bizning qo’limizda dubinka, bolta lopatka bor. Bo’shqa hech narsa yoq.”

Bahodirning aytishicha, ko’chalarda millatchi shiorlar yangramoqda. Mahalliy matbuot haqiqiy ahvol haqida xabar bermayapti, o’zbek tilidagi axborot vositalarini esa yopishgan.

Qirg’izlar bizlarga senlar o’zbeksan, O’zbekistonga ket, bu yer Qirg’iziston, bu yerda qirg’izlar yashaydi deyishyapti. Biz qanday qilib tug’ilib o’sgan yurtimizni bo’shatib beramiz ularga? Radio, televideniye hammayoq tinchlik, zo’r deyapti. O’zbek kanallarini qirg’izlar portlatib yuborishdi. Hech qaysi o’zbek televideniyelari ishlamayapti, efirga chiqmayapti. “Mezon”ni chiqarmayapti, “Piramida”ni, faqat qirg’iz kanali ishlayapti. Birinchi kanal, beshinchi kanal hukumatniki, ular faqat o’zinikini ko’rsatyapti, haqiqatni aytmayapti”.

Bahodirning aytishicha, qirg’izlarning ba’zilari hujum qilayotganlarni to’xtatishga behuda urinmoqda.

“Qirg’izlarni ichida tinchlaringlar deb aytayotganlar ham bor, lekin ularni hech kim eshitmayapti. Hamma harbiylar qirg’izlarniki. BTR-larda kelib, otib ketyapti. Orqasidan qirg’izlar kelib, yoqib ketyapti uylarni. Komendant soati e’lon qilgan, biz hamma o’zbeklar uyda o’tiribmiz. Kechasi bilan esa qirg’izlar hamma o’zbek mahallalarni yoqib ketdi ertalabgacha. Hozir himoyada turibmiz, qirg’izlar kelmasin deb. Eshtishimizcha, yuqorida qirg’iz mahallada odamlar to’planayapti ekan. Ostanovkalarga katta qilib “smert uzbekam” deb yozib ketishgan.

Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar sammitida O’zbekiston va Rossiya rahbarlari O’shdagi voqealar Qirg’izistonning ichki ishi degan xulosaga kelgan. Muxolifatdagi “Birlik” partiyasining Internetdagi sahifasida guruh raisi Abdurahim Po’latovning e’tiroz bildirishicha, muvaqqat rahbarlar Qirg’izistonda hokimiyatga noqonuniy yo’l bilan kelib, hukumat haligacha qonuniylashmagan – yangi konstitutsiya bo’yicha na referendum o’tkazildi, na yangi saylovlar bo’lib o’tdi.

Demak, deb yozadi o’zbek muxolifatchisi, Islom Karimov hukumati Qirg’iziston janubida tartib o’rnatilguncha, o’zbeklar himoyasi uchun O’shga harbiylarni kiritishga haqli. Po’latov Rossiyaning Janubiy Osetiyadagi ruslarni himoya qilish maqsadida Gruziyaga qo’shin kiritganini misol tariqasida keltiradi.

O’shlik o’zbeklar O’zbekiston hukumati sukut saqlayotganidan g’azab va taajjubda.

“Bilmadim nimaga O’zbekiston yordam bermayapti? Hech bo’lmaganda qirg’izlarni otmasa ham nima uchun genotsid qilyapsan deb tursa bo’ladi-ku, betaraf bo’lib. Oilamizni Do’stlik postiga olib bordik, chegaradan o’tkazmayapti, qabul qilmayapti”, - deydi Bahodir.

O’shlik o’zbeklar “vaqt g’animat, yordam, himoyaga muhtojmiz, aks holda qirilib ketamiz” deb nola qilmoqda.

XS
SM
MD
LG