Breaking News

O’zbeklarga qarshi xunrezlik “uyushtirilgani” tobora ayonlashib bormoqda


Qirg’iziston militsiyasi mamlakat janubida etnik zo’ravonlikni qo’zg’atish gumoni bilan 111 kishini qo’lga olgan.

BMT rasmiylarining aytishicha, O’sh va Jalolobodda ro’y bergan ayovsiz xunrezliklar o’zbek va qirg’izlar orasidagi ziddiyatni alanga oldirish uchun ataylab uyushtirilgani ayonlashib bormoqda.

Shimolda ahvol hozircha tinch. Poytaxt Bishkek atrofida qo’shimcha tekshiruv punktlari tashkil etilgan. Kirish yo’llarida xavfsizlik vaziyatga qarab yanada kuchaytiriladi. Odamlar qo’lida ancha-muncha qurol borligi hammaga ma’lum.

BMT Inson Huquqlari Kengashi mintaqaga o’z tergovchilarini yuborgan. Ularning xulosa qilishicha, mojaro o’z o’zidan kelib chiqmagan. “Hujumlar oldindan tayyorlangan reja asosida, aholining muayyan qatlamini nishonga olib, puxta amalga oshirilgan”, - deydi ular, biroq aniq ismlar keltirilmayapti.

Mazkur haftada Tojikiston, Afg’oniston va Qirg’iziston fuqarolaridan iborat jinoyatchilar qo’lga olingani haqida ma’lumot tarqalgan edi. "Vashington Tayms" nashriga ko'ra, ular so’roq paytida sobiq prezident Bakiyev tarafdorlari tomonidan yollanganini aytgan. “O’shda oynalari qoraytirilgan mashinalarda yurib, ham qirg’iz, ham o’zbeklarga hujum qilgan shular”, - deydi Kubat Baybalov, xavfsizlik idorasi rahbari muovini.

Rossiya jinoyatchilarni topishda, bu boradagi tergov ishlariga yordam va’da qilgan.

“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, qirg’inda yaqinlaridan ayrilganlar ham, muvaqqat hukumatda ham voqeada Qurmanbek Bakiyevni ayblayotganlar ko’p. Ular fikricha, Qirg’izistonda hamon ancha-muncha biznesi qolgan Bakiyev hokimiyatga qaytish istagida va tartibsizliklarni qo’zg’atish uchun janubdagi qarindoshlari yordamidan foydalangan.

“Akalarim, qarindoshlarim yashirinishga majbur. Ular bilan aloqada emasman, ularga biror kor-hol bo’lishini istamayman”, - deydi barcha iddaolarni rad etayotgan Bakiyev.

Uning o’g’li, Maksim Bakiyev, Britaniya aeroportida Interpol so’roviga binoan qo’lga olingan. Muvaqqat hukumat uni “Qirg’izistonda sodir etgan jinoyatlari uchun” vataniga ekstraditsiya qilishni so’ramoqda. Maksim Bakiyev Britaniyada siyosiy boshpana olish umidida.

Qirg’iziston rasmiylari, jumladan muvaqqat hukumat rahbari muovini Omurbek Tekebayev va Mudofaa vaziri Ismoil Isakov, Qurmanbek Bakiyevning qonli voqealarga aloqadorlini isbotlovchi dalillar borligini aytmoqda.

Shu bilan birga, har ikki rasmiy janubda qirg’izlarni g’azabga keltirgan - o’zbek jamoasining “ekstremist rahbarlari” deydi. Isakov xususan Jalolobod o’zbeklar jamiyati rahbari Qodirjon Botirovni tilga olgan.

Bugun Jalolobod ko’chalari nisbatan tinch, aholiga oziq-ovqat tarqatilmoqda. O’zbek va qirg’izlardan “bu yerda nima bo’ldi” deb so’rasangiz, turlicha fikrlar yangraydi:

“Qo’shni qishloqlardan o’zbeklar kelib, qasos oladi deb qo’rqaman. O’zbekistonga o’tgan qochqinlar bemalol mamlakatga qaytishi mumkin, bizga tegishmasa bo’lgani” , - deydi Gulsara Atabayeva.

“Bakiyevning bu voqealarga hecham aloqasi yo’q”, - deydi Oybek. “Hammasiga o’zbeklar sardori Qodirjon Botirov aybdor. U O’sh va Jalolobod bizniki bo’ladi degan”.

“Qotilliklar qirg’iz to’dalarining ishi. O’zbeklarga ular hujum qildi”, - deydi Jalolobodda o’qiydigan, bugun esa yordam uchun navbatda turgan pokistonlik talaba Ahmet Solijon, yonib kul bo’lgan uylarni ko’rsatib.

Jalolobod viloyati, Suzoq qishlog'i eng ko'p aziyat chekkan joylardan biri deb ta'riflanadi. U yerdan "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan Alisher ismli yigit bugun bozor va do'konlar gavjum ekanini aytadi, lekin mahsulot taqchil. "Odamlar bir burda nonni ham birga baham ko'rmoqda", deydi u.

"Biroz avval tartibsizliklar vaqtida bedarak ketgan, mendan 5-6 uy narida yashaydigan odamning murdasi morgdan keltirildi", - deydi Alisher, qishloqda har kuni odamlar ko'milayotganini aytar ekan.

XS
SM
MD
LG