O'sh qonga belangan, o'zbek aholi yordam kutmoqda


O'sh shahri va uning atrofidagi qishloqlarda o'zbek xonadonlari va mahallalari alanga ostida. Minglab aholi jon saqlash umidida O'zbekiston chegarasi tomon talpinmoqda. Ular qo'shni davlatlar va xalqaro hamjamiyatdan yordam so'ramoqda. (Suratlarni tomosha qiling)

Guvohlarning aytishicha, juma kuni kechasi sal tingan xurujlar shanba kuni yana avj olib, asosan yoshlardan iborat qirg'iz to'dalar o'zbek mahallariga bostirib kirib, uylarga o't qo'ymoqda, odamlarni o'ldirmoqda.

Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat hukumat nazoratni qo'ldan boy berganini tan olib, Rossiyadan madad so'ramoqda. Lekin Kreml Qirg'izistonga darhol qo'shin yubormoqchi emas.

Prezident Dmitriy Medvedevning matbuot kotibasi Natalya Timakovaning ma'lum qilishicha, Rossiya insonparvarlik yordami ko'rsatib, jarohatlanganlarni evakuatsiya qilishga tayyor.

Vashingtonda ism-sharifi oshkor etilishini istamagan rasmiylarning aytishicha, Otunbayeva AQShga ham murojaat qilgan. Amerika Manasdagi bazadan harbiy-tibbiy komanda yuborishi mumkin xolos. Bishkekdagi elchixona jamoatchilikni tinchlikka da'vat etmoqda.

Hozirda hududda qancha gumanitar tashkilot ishlayotgani noma'lum. Inson huquqlari bo'yicha guruhlar, nohukumat muassasalar "qo'ldan kelganini qilamiz" deydi. Ammo "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o'zbeklar ko'mak qani deb so'ramoqda.

Otunbayeva ma'muriyati qator savollarga to'liq javob berishiga to'g'ri keladi:

- Jinoyatchi to'dalar deb umumiy ta'riflanayotgan guruhlar kimlar? Ular qurolni qayerdan olayapti?

- Qonun-tartibot organlari qo'lida qanday ma'lumotlar bor?

- Nega xavfsizlik kuchlari begunoh aholini nishonga olmoqda? Bu kuchlarga qanday buyruq berilgan?

- Etnik nafratni bartaraf etish uchun hukumat nima chora ko'rayapti yoki ko'rmoqchi?

- Qo'shni davlatlar, xususan O'zbekiston bilan gaplashilayaptimi?

Jurnalistlar uchun O'shdan axborot uzatish bag'oyat qiyinlashgan va o'zbek muxbirlar yashirinishga majbur bo'layotganini aytmoqda.

So'nggi hisoblarga ko'ra, juma-shanbadagi etnik to'qnashuvlarda 60 dan ortiq inson halok bo'lgan va qariyb 850 fuqaro tibbiy yordamga muhtoj.

Bishkekdan qo'shimcha harbiy kuchlar safarbar etilganiga qaramay vaziyat tahlikali. Militsiya va jamoatchi faollarning so'zlariga ko'ra, O'shga boshqa viloyatlardan yuzlab qirg'izlar yetib kelmoqda va o'zbeklarga hamla qilishda davom etmoqda. Bu to'dalar temir vositalar va avtomatlar bilan qurollangan.

Qo'shni davlatlar, jumladan O'zbekiston xavotir bildirish bilan cheklanmoqda, lekin chegarada uning xavfsizlik kuchlari qochqinlarga yordam ko'rsatayotgani haqida ma'lumotlar bor.

"Amerika Ovozi" bilan bog'langan aholi vakillari "O'zbekiston nega bizga yordam bermayapti"? "Bizni birma-bir qirib tashlashayapti, nega o'zbek qardoshlarimiz jim"? degan savollar bermoqda.

Ayrim o'zbeklar nazarida Islom Karimov ma'muriyati aralashib, vaziyatni tinchita olishi mumkin. Ular 1990-yillar boshida yuz bergan qonli, etnik to'qnashuvlarni bartaraf etishda Karimov vositachilik qilganini yodga olmoqda.

O'sh bilan telefonda bog'lanish qiyin kechmoqda. Ma'lumot uzatishni istaganlar uzbek@voanews.comga yozishlari mumkin. Qolaversa "Amerika Ovozi" bilan Facebook yoki Twitter xizmatlari orqali ham aloqaga kira olasiz.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG