Otunbayeva: Zo'ravonlik to'lqini qaytishi mumkin, yordam kerak

  • Amerika Ovozi

Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva mamlakatda xunrezlik to’lqini takrorlanishi mumkin deb ogohlantirmoqda.

O'sh va Jalolobodda aholi xavfsizlik kuchlarini zo'ravonlikda ayblamoqda. O'zbek yigitlarini ushlabolib ketish, fuqarolarni do'pposlash, ularga bosim o'tkazish hollari kuzatilmoqda.

Bugun Qozog’istonda Yevrosiyo Iqtisodiy hamjamiyati sammiti doirasida Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev bilan alohida muloqot qilgan Otunbayeva Qirg'iziston har tomonlama yordam muhtoj ekanini yana bir bor ta'kidlab o'tgan.

“Hozir vaziyat nisbatan tinch",- deydi u. "Lekin hammasi joyida va qayta-qurish ishlariga xotirjam kirishsa bo’ladi deya olmayman”, - deydi Otunbayeva.

Medvedev Qirg’iziston rahbarini qo’llab-quvvatlashini aytib, Otunbayeva qo’li ostida mamlakat oyoqqa turib olishiga ishonch bildirgan."Siz bu borada Rossiya xalqi va davlatiga tayansangiz bo'ladi",- deydi Medvedev.

Qirg’iziston prezidenti Yevrosiyo Iqtisodiy hamjamiyatidan ham ko’mak so'ramoqda.

Rossiya, Belarus va Qozog'iston yagona iqtisodiy zona ostiga o'tar ekan, jami 170 million aholi yashovchi bu jamiyatlar orasida savdo-sotiq va sarmoya kengayishi kutilmoqda. Lekin boj masalasi hali to'liq hal etilmagan.

Qirg'iziston va Tojikiston ham bu zonaga kirish niyatida.Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga hozirda besh davlat a'zo - Rossiya, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston. O'zbekiston bu tashkilotni samarasizlikda ayblab, a'zolikni 2008 yilda bekor qilgan. Armaniston, Moldova va Ukraina esa kuzatuvchi davlatlar.

Ostonaning Oq O'rda saroyida o'tayotgan sammitda Yervosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati kelasi yilgi byudjet, moliyaviy ahvol, savdo, boj va va transport singari masalalarni muhokama qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG