Roza Otunbayeva Barak Obama bilan uchrashdi, Kongressda bo'ldi


Oq Uy, Vashington, 7 mart 2011

Oq Uy, Vashington, 7 mart 2011

Ayni damda Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva Vashingtonda. Oq Uyda prezident Barak Obama bilan uchrashgan. Kongressda esa yetakchi senatorlar, respublikachi Jon Makkeyn (McCain) va demokrat Jon Kerri (Kerry) bilan muloqot qilgan.

Ikki kunlik tashrifdan maqsad, deydi Otunbayeva, Amerika bilan aloqalarni mustahkamlash va Qirg’iziston yuzlashayotgan qiyinchiliklar va unga zarur yordam borasida gaplashib olish.

Oq Uydagi qisqa uchrashuvda Manas tranzit markazi, AQSh uchun Afg'onistondagi harbiy amaliyotlarda muhim rol o'ynayotgan harbiy inshoot haqida gap ketgan. Tomonlar hamkorlik uchun bir-biriga tashakkur bildirgan. Barak Obama Qirg'iziston murakkab jarayonlarni boshdan kechirar ekan, Amerikani yordamni ayamaydi deb aytgan.

8 mart, Xalqaro xotin-qizlar kuni, Qirg’iziston prezidenti AQSh Davlat departamentida bo’lib, Jasoratli Ayol mukofoti bilan taqdirlanadi.

Roza Otunbayevaning “Inqilobdan keyin demokratiya tomon” sarlavhali maqolasi bugun “Vashington Post” gazetasida chop etilgan. Erkin jamiyat qurish mashaqqatli jarayon, deya yozadi Qirg’iziston prezidenti. “Qonun-tartibot zaifligi qirg’iz-o’zbek orasida qonli mojarolarga olib bordi va mamlakatimiz parchalanib ketishiga sal qoldi”, deydi Otunbayeva. Qonun ustuvorligi eng muhim zarurat ekanini yanada chuqurroq anglab yetdik, deyiladi maqolada.

Roza Otunbayevaning prezidentlik davri tugayapti. Bu yil kuzda saylovlar ketidan rahbariyat yangilanishi kutilmoqda. Shu boismi Otunbayeva Vashington siyosatdonlari oldida qilgan nutqida umumiy gaplar bilan cheklandi.

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg’armasida so'zlagan Otunbayeva o’z xalqi oldida turgan murakkab muammolarni sanab o’tdi, xususan korrupsiya, jinoyatchilik, etnik nafrat va millatchilik, o’tish davriga xos qiyinchiliklar.

“Demokratik yo’ldan qaytmayotganimiz”,- dedi u, “Qirg’iziston kelajagi porloq ekanini ko’rsatadi. Men bunga sidqidildan ishonaman”,- dedi u.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Robert Bleyk deydiki, Roza Otunbayeva davlati uchun uzoq yillardan beri xizmat qilib kelayotgan arbob.

Otunbayeva AQSh, Britaniya va BMTda elchilik qilgan, shuningdek, tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.

Eng muhimi, deydi Bleyk, Otunbayeva adolat va demokratiya uchun kurashgan. U hokimiyat tepasiga juda qaltis bir paytda keldi, deydi AQSh diplomati, Otunbayeva cheksiz muammolar bilan yuzlashdi, ammo davlati barbod bo’lishining oldini oldi. Iyun oyida mamlakat o’ta dahshatli kunlarni boshdan kechirdi. Lekin Otunbayeva hokimiyat tizginini boy bermadi. Bir necha kun ichida referendum o’tkazildi, oradan bir necha oy o’tib esa parlament saylovlari.

“Bugun Qirg’iziston demokratik jihatdan Markaziy Osiyoda yetakchilik qilmoqda, ya’ni yangi konstitutsiya, yangicha davlat tizimi va xalq saylagan hukumatga ega”,- deydi Robert Bleyk.

Amerika shu tariqa Qirg’izistonning yangi rahbarlari xalq talablarini qondiradi, uning ishonchini oqlaydi, yangi tuzum tepasida turgan odamlar va butun mamlakat yaqin o’tmishda yuz bergan xunrezliklar, inqiroz va davlat to’ntarishlaridan saboq oladi degan umidda.

Birinchi navbatda, deydi Bleyk, Qirg’izistonda adolat va qonun ustuvorligi ta’minlanishi kerak; tuzumni yangilash bilan ish bitmaydi, yangi sistema muammolarni hal etishi lozim.

Roza Otunbayeva nazarida bugun Qirg’izistonda mavjud etnik kelishmovchiliklar, milliy manfaatlar uchun kurash, umidsizlik va jinoyatchilik ortida iqtisodiy muammolar turibdi.

Fuqarolar uchun imkoniyatlar kengaygani sari, deydi u, mojarolar tina boshlashi kerak. Adliya tizimini tozalash, balki yangidan barpo etish kerak.

Qirg’izistonda bugun ham hukumat va butun tuzum, har doimgidek, jinoiy guruhlar qo’lida degan iddaoni Roza Otunbayeva rad etmaydi.

“Uyushgan jinoyatchilik mamlakatning har bir jabhasida o’z o’rnini topgan, siyosatdan tortib, iqtisodiyotgacha. Oshkoralik yo’qligi sabab kim jinoyatchi, kimning qo’li toza ekanini bilish qiyin. Mas’uliyatsizlik har yonda namoyon. Iqtisod, turmush ham mana shunga asoslanib qolgan. Bu vaziyatdan chiqish uchun uzoq yillar qattiq ter to’kishimizga to’g’ri keladi. Lekin harakat qilsak, aniq choralar ko’rilsa, ulardan qutula olishimizga ishonchim komil”,- deydi Qirg’iziston prezidenti.

Roza Otunbayeva Vashinton siyosatdonlari oldida so'zladi

Roza Otunbayeva Vashinton siyosatdonlari oldida so'zladi

Ammo yarim soatlik nutqida Roza Otunbayevaning o’zi biror konkret choralar haqida gapirmadi. Elatlararo birdamlik taraqqiyot kaliti deya qisqacha to’xtalib o’tdi xolos. "Amerika Ovozi" ma'ruza so'nggida shunday savol bilan murojaat qildi.

Amerika Ovozi: Mamlakat janubida, o’tgan yili qirg’inga uchragan o’zbek fuqarolar orasida sizning rahbariyatingizga zarracha ishonch yo’q. Jabrlanganlar adolat qani deb so’ramoqda. Ularning xavfsizligini ta’minlash va qirg’inga javobgarlarni topib jazolash uchun nima qildingiz?

Roza Otunbayeva: "To’g’ri, janubda vaziyat hamon qaltis. Aholi iyun fojialarining asoratidan aziyat chekmoqda, norozilik hissi kuchli. Adliya tizimini butkul isloh qilish kerak. Yangi konstitutsiyaga binoan sudyalar yangilanadi. Hozir janubda ichki ishlar va qonun-tartibot idoralari ishini qayta ko’rib chiqayapmiz. Militsiya malakasini oshirish kerak va ularni almashtirib turishni yo’lga qo’ydik, ya’ni militsionerlar shimoldan boradi. Ichki ishlar va xavfsizlik kuchlari safini jinoiy elementlardan tozalash kerak. Janubda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirayapmiz. Yana bir chora bu - elatlararo hamjihatlikni ta'minlash uchun yangi dastur ishlab chiqilgan. Buni amalga oshira boshladik. Qilinadigan ishlar ko’p, buni tan olamiz", - deya javob qiladi Otunbayeva.

O’shlik tahlilchi, Vashingtonda doktorant va Otunbayevani qunt bilan tinglagan Alisher Hamidov fikricha, prezident o’z nutqida real vaziyatga aniqlik kiritmadi.

“Qirg’iz millatchilari va ularga to’sqinchilik ko’rsatish haqida ham hech narsa demadi. Sizning savolingizga ham to’liq javob bermadi. Nutqi chiroyli bo’ldi, lekin savollarimiz hali ham javobini topmayapti”, - deydi u. “Tan olish bu bir narsa, lekin muammoni barataf etish uchun davlat nima qilmoqda? Bu borada hech narsa demadi”.

Roza Otunbayeva Amerika mukofotiga loyiq topilganidan ajablanayotganlar ko'p, deydi Alisher Hamidov.

“Odamlar qanday qilib Otunbayeva bunday mukofotga sazovor bo’ladi, shuncha odam o’lib ketdi, uning hukumati hech narsani eplay olmadi, qanday qilib bu ayol shunday yuksak mukofotga loyiq deya xayron”,- deydi o’shlik tadqiqotchi.

“Balki Amerika hukumati bu mukofotdan keyin Otunbayeva demokratiya yo’lida yana ko’plab ishlarga qo’l uradi deb umid qilayotgandir. Lekin men bunga ishonmayman. Uch oydan keyin Otunbayeva ketadi. Oktabr oyida saylovlar. Balki bu Otunbayevaga rahmat va xayr degan bir mukofot”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG