Roza Otunbayeva Vashingtonda bo'lib, yuksak mukofot bilan taqdirlanadi


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2010 yilning 2 dekabrida Bishkekda bo'lgan va prezident Roza Otunbayeva bilan suhbat qurgan edi. Amerika nazarida Otunbayeva Qirg'iziston ravnaqi uchun uzoq yillardan beri ter to'kib, jasorat ko'rsatib kelayotgan ayol.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2010 yilning 2 dekabrida Bishkekda bo'lgan va prezident Roza Otunbayeva bilan suhbat qurgan edi. Amerika nazarida Otunbayeva Qirg'iziston ravnaqi uchun uzoq yillardan beri ter to'kib, jasorat ko'rsatib kelayotgan ayol.

7-8 mart kunlari Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayeva Amerika poytaxtida bo'lib, Obama ma'muriyati a'zolari bilan uchrashadi. Shuningdek, Kongressga tashrif buyuradi.

Otunbayeva 7 mart kuni Vashingtondagi yetakchi tahlil markazlaridan biri, Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg'armasida siyosatdonlar va jurnalistlar oldida so'zlaydi.

Tashkilotning bildirishicha, ma'ruza Qirg'iziston yuzlashayotgan iqtisodiy qiyinchiliklar va respublika siyosiy tizimidagi o'zgarishlarga bag'ishlanadi.

Roza Otunbayeva Davlat departamentida AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton bilan muloqot qiladi.

8 mart kuni departament jahonning turli mamlakatlaridan tanlangan faol va yetakchilarga Jasoratli Ayol Xalqaro Mukofotini taqdim etadi.

Bu yilgi sovrindorlardan biri, rasmiylarning tasdiqlashicha, Roza Otunbayevadir.

2007 yildan beri beriladigan bu mukofot uchun nomzodlar AQSh elchixonalari tomonidan ko'rsatiladi.

Sovrindorlar odatda jamiyat taraqqiyoti uchun uzoq yillardan beri kurashib kelayotgan, huquq va adolat yo'lida jasorat ko'rsatgan, xalq xizmatida yurgan ayollar.

AQSh Davlat departamenti, Vashington

AQSh Davlat departamenti, Vashington

Davlat departamenti nazarida Roza Otunbayeva mana shunday insonlardan biri.

2009 yilda bu mukofot bilan taqdirlangan o'zbekistonlik huquq faoli Mo'tabar Tojiboyeva nazarida esa Qirg'iziston prezidenti bunday ehtiromga arzimaydi.


Otunbayeva, deydi u, o'tgan yili iyun oyida janub qonga belangan paytda hukumat boshida turgan va xunrezliklarning oldini olish uchun zarur choralar ko'rmagan rahbar.

"Otunbayeva balki jinoyatchi siyosatchilar qatoriga kirmas, lekin prezident sifatida bu jinoyatlarga ko'z yumib kelayapti",- deydi faol.

"Amerika bu mukofotni Qirg'izistonda kimgadir bermoqchi bo'lsa, adolat yo'lida haqiqatan ter to'kib kelayotgan, o'z hayotini xavf ostiga qo'yib bo'lsa-da, inson huquqlari poymol etilayotgani haqida ochiq gapirayotgan Tolekan Ismoilova va Aziza Abdurasulova kabi ayollar bor".

Otunbayevaning Vashington safari xususida "Amerika Ovozi" kundalik radio dasturi va mana shu saytda ma'lumot berib boramiz.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG