Afg'oniston ravnaqida xotin-qizlar faol rol o'ynashga qodir

  • Amerika Ovozi

Afg'on qizlari qochqinlar lagerida bilim olmoqda

Afg'on qizlari qochqinlar lagerida bilim olmoqda

"Oxfam" tashkiloti bosh mutaxassisi Jorrit Kamminga uzoq yillardan beri Kobulda ishlaydi. Uning aytishicha, Tolibon bilan tinchlik muzokaralarida ayollar qatnashmaydi.

Shu kungacha 23 uchrashuv o'tgan bo'lsa, birortasida xotin-qizlarga o'rin berilmagan. Vaholanki, bu muzokaralarda nafaqat afg'on rasmiylari, balki G'arb diplomatlari ham ishtirok etgan. Mamlakat kelajagi va taqdiri muhokama qilinmoqda axir, nega ayollar chetda qolib ketayapti, deya so'raydi Jorrit Kamminga.

3-4-dekabr kunlari Londonda Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjuman bo'lib o'tadi. "Oxfam" unda xotin-qizlar yuzlashayotgan muammolar ko'tarilishi kerak deya undamoqda.

Jamiyatda ularning roli oshmasa bo'lmaydi, chunki ayollar uning deyarli yarmi. O'quvchi va talabalarning 40 foizga yaqini qizlar. Har bir qaror ularning manfaatlarini yodda tutgan holda qabul qilinishi lozim, deydi Kamminga.

“Har qanday muzokara, yig'in yoki maslahat, afg'on xotin-qizlarining fikri tinglanishi va tajribasi inobatga olinishi kerak. Yillar davomida xo'rlangan ayollar endigina yengil nafas ola boshladi. Ko'plarining hayoti hamon harob. Ayollar hayotini osonlashtirmay turib Afg'onistonda biror sohada progressga erishib bo'lmaydi",- deydi gumanitar tashkilot xodimi.

Uzoq yillik urushlar davrida xotin-qizlar ahvolini o'rgangan olima Ketrin Braun tinchlik muzokaralariga ayollar qo'shilmaganidan hayron emas.
Dunyoda o'zi bunday davralarda o'tirganlarning atigi 4 foizi ayollar, deydi ekspert.

“Ayollar fikriga jiddiy e'tibor bermaslik, ular bilan hisoblashmaslik, ularning siyosiy qarashlarini chetga surish nafaqat Tolibon yoki butun Afg'oniston balki global miqyosda kuzatiladigan muammo. Tinch jamiyatlarda ham xotin-qizlar fikri inobatga olinmaydi, ularning roli cheklangan",- deydi Braun.

Anjumanlar va muzokaralarda qatnashish yoki xotin-qizlar taqdirini muhokama qilish bilan ularning muammolarini hal eta olmaysiz, deydi ekspert.

Uning tahlilicha, xalqaro hamjamiyat ayollarning siyosiy roli oshsa, iqtisoddagi ulushi ham osha boshlaydi deb o'ylab xato qiladi.

“Ishni xotin-qizlarning turmushini yaxshilashdan boshlash kerak. Ularning hayotidagi eng qiyin masalalar nima? Ular qanchalik xavfsiz? Qorni to'qmi, egni butmi? Ular o'z hayotlarini qanday ko'radi?"

Shu jihatdan, deydi olima, e'tiborni ularni bilimli va kasbli qilishga qarataverish kerak, ong va layoqat - juda muhim omillar.

Mahalliy muammolarga yechim topish kerak. Suv, yonilg'i, oziq-ovqat ta'minoti va tirikchilik bilan bog'liq bo'lgan boshqa masalalar. Oilasi och, yo'qsillikda yashayotgan ayol ham, erkak ham siyosatdan yiroq, deya kuzatadi Braun. Ular hayot uchun kurash bilan band.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG