Pokiston afg'on qochqinlarini vatanga qaytarish rejasini e'lon qildi


Pokiston poytaxti Islomobodda afg'on qochqinlari. 10-fevral 2015-yil

Pokiston poytaxti Islomobodda afg'on qochqinlari. 10-fevral 2015-yil

Pokiston rasmiylari mamlakatdagi 1,5 million afg’on qochqinini sekin-asta vataniga qaytarmoqchi. Jarayon dekabr oxirida boshlanib, ikki yil davom etishi kutilmoqda. Ortiq qolisholmaydi, deydi Pokiston tomoni.

2002-yildan beri BMT qochqinlar agentligi yordamida rasman ro’yxatga olingan 3.8 million afg’on Pokistondan vataniga qaytdi. Biroq 1.5 million odam hamon Pokistonda qolmoqda. Bu sayyoradagi eng katta qochqinlar jamoasidir.

Rasmiy Islomobodning bildirishicha, mamlakatda ro’yxatga olinmagan yana bir million afg’on bor.

Ular o’n yillab davom etgan urushdan qochgan. Hozir ham Afg’onistondagi vaziyat ayanchli ekanidan ko’plar vataniga qaytishni istamaydi.

Islomoboddan mulozim Tariq Hayotning bildirishicha, shu hafta Pokiston Vazirlar Mahkamasi repatriatsiya, ya’ni qochoqlarni yurtiga jo’natish rejasini ko’rib chiqadi. Shu yil 31-dekabridan e’tiboran ular sekin-asta uyiga ravona bo’la boshlashi kerak.

“Ularga mamlakatda uzoqroq qolish ruxsat etilmaydi. Shu bilan birga, albatta, biz qochqinlarning hammasini bir kechaning o’zida vataniga qaytarmaymiz. Bu qadamma-qadam amalga oshiriladi. Ikki yilgacha vaqt ketishi mumkin. Bu muddat oxirida hammasi Pokistonni tark etadi”, - deydi Hayot.

Afg’oniston va BMT rasmiylari Islomobodni shoshmaslikka undamoqda. Afg’onistonda vaziyat hamon og’ir, tinchlik haqida gapirish mumkin emas, iqtisodiy qiyinchiliklar talay, million kishilik qochqinlar mamlakat uchun qo’shimcha yuk bo’ladi.

Tariq Hayot odamlar Afg’onistonga sekin-sekin, tartibli tarzda qaytishini aytadi.

BMT rasmiysining ismini oshkor etmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi”ga aytishicha, xalqaro huquq tamoyillariga ko’ra, 31-dekabrdan keyin ham Pokiston afg’onlarning qochqin maqomini o’zgartirolmaydi va ular huquqlarini hurmat qilishga majbur.

Afg’oniston hukumati esa odamlarni vataniga qaytarish uchun qo’lidan kelganicha harakat qilmoqda. Albatta, qashshoqlik va chuqur ildiz otgan korrupsiya kabi muammolarni darhol hal qilib bo’lmaydi, deydi Prezident Ashraf G’ani. Mamlakat aholisining 36 foizi kambag’al.

Xalqaro qo’shinlar mamlakatdan olib chiqildi-yu, oxirgi oylarda Afg’onistonda xavfsizlik bilan bog’liq ahvol yana og’irlashdi.

Bu orada, Pokiston rahbariyati qochoqlarni bu davlat iqtisodiyoti uchun og’ir yuk, deb biladi. Buning ustiga, sarson afg’onlar Pokistonda yashashi qiyin, ularni yoqtirishmaydi, yurtida esa afg’on qochoqlarini Pokistonning josusi deb chiqishtirmaydilar, ishga olmaydilar.

XS
SM
MD
LG