Afg'oniston beqaror ekan, qochqinlarning qaytishi qiyin

  • Amerika Ovozi

Pokistondagi afg’on qochqinlarining soni bir milliondan ko’p. Ular Afg’onistondagi uzoq yillik urushdan qochib kelgan muhojirlardir. So’nggi paytlarda Pokiston va Afg’oniston hukumatlari qochqinlarni o’z vataniga qaytarish bo’yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda. Ammo prezidentlik saylovlari ketidan Afg’oniston siyosiy kelajagi hanuz mavhum ekan, qochqinlar vataniga qaytishga shoshilmayapti.
Islomobod yaqinida bunyod etilgan qochqinlar lagerida Afg’onistonning turli burchaklaridan kelgan 450 nafar oila og’ir sharoitlarda hayot kechiradi. Iqtisodiy qiyinchiliklar, tibbiy xizmat va ta’lim olish imkoniyatining yo’qligi ular har kuni duch keladigan muammolardan. BMTning qochqinlar bo’yicha Pokistondagi vakili Maya Ameratunga gapiradi:

“Qochqinlar bu yerda anchadan beri yashaydi. Ayrimlari 30 yildan beri shu yerda, ko’pchiligi hatto Pokistonda tug’ilgan”, - deydi u.

Ameratunganing aytishicha, BMT 2002-yildan beri afg’onlarni o’z yurtiga qaytarish dasturini muvaffaqiyat bilan amalga oshirib kelmoqda. Ammo bu yerga o’rnashib qolganlarning ko’pchiligi qaytishni istamayapti.

“Hozirgacha 3,8 million afg’on Pokistonni tark etdi. Bu yerdagi muhojirlar uchun ham shunday imkoniyat bor. Ular saylov o’tib, xalqaro kuchlar mamlakatni tark etmagunicha va Afg’onistonda barqarorlik o’rnatilmagunicha kutishni xohlashlarini tushunaman”, - deydi BMT rasmiysi.

Uzoq yillik afg’on muhojiri Shoh Jamro’zi Xonning aytishicha, u Afg’onistonni tark etganidan beri vatanida ko’plab ijobiy o’zgarishlar yuz berdi.

Ammo Kobuldagi hukumat muhojirlarning vatanida qayta joylashishi uchun hech qanday yordam ko’rsatmayapti, deya noliydi u. Yangi siyosiy ma’muriyatdan ham umidimiz katta emas, deydi muhojir.

“Afg’onistonga qaytayotgan muhojirlarga yordam bermagunicha, yangi ma’muriyatning qilgan ishi ko’rinmaydi. Agar qochqinlar Pokistonda ko’rgan qiyinchiliklarni shu yerda ham boshidan o’tkazadigan bo’lsa, ular Pokistonda qolishni afzal ko’radi”, - deydi Pokistonda yashovchi afg’on muhojiri.

Afg’onistonning Pokistondagi elchisi Janan Musazay Pokistonning uzoq yillardan beri millionlab afg’on qochqinlariga g’amxo’rlik qilib kelayotgani uchun yana bir bor tashakkur izhor qildi.

“Ammo ortga, Afg’onistonga qaytish fursati keldi. Oxirgi 13 yilda qaddini rostlayotgan Afg’onistonni qayta qurishda va taraqqiy ettirishda ishtirok etish kerak”, - deydi u.

Yaqinda Islomobod qo’shni yurtlik muhojirlarning 2015-yil oxirigacha bu yerda qolishiga ruxsat berdi.

Ammo yordam tashkilotlari qochqinlar oldidagi asosiy to’siq Afg’onistondagi siyosiy beqarorlik ekanini aytadi. Shu bois o’z vataniga qaytishi kutilayotgan 1,6 million afg’on muhojirining bu borada aniq bir qaror berishi qiyin kechmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG