Manba: Pokiston Tolibonga qarshi harbiy chora ko'rishdan o'zini tiymoqda

  • Amerika Ovozi

Pokiston o'z hududida Tolibonga qarshi harbiy chora ko'rmayapti, chunki isyonchi guruh hujumlarini bu davlatga qaratishi mumkin, deydi mamlakat rasmiylari.

"Chora ko'rishdan oldin yaxshilab o'ylashimiz kerak. Kimgadir qarshi harakat boshlasak, boshqa tomondan ularga yordam beriladi", - deydi o'z ismini oshkor qilmagan rasmiy "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani yaqinda Islomoboddan o'z hududidagi Tolibon yetakchilariga qarshi harbiy chora ko'rishni yoki ularni hibsga olib, Kobulga topshirishni talab qilgan edi.

Pokistonning bunga javoban e'tirozi shuki, armiya 2009-yil Svot va Janubiy Vaziriston viloyatlarida amaliyot o'tkazganda, Pokiston Toliboni Afg'onistonga o'tib olib, o'sha yerdan turib Afg'oniston razvedkasi yordami bilan Pokistonga qarshi hujumlarni amalga oshirgan.

Pokiston harbiylari 2014-yil Shimoliy Vaziristonda amaliyot boshlaganda ham Afg'oniston hukumati jangarilarga chegaraning u tomoniga o'tib olishlari uchun muhojir guvohnomalarini berdi, deydi rasmiy.

Taniqli jurnalist va ekspert Rahimulloh Yusufzoyning aytishicha, Pokiston Tolibonining bir qator yetakchilari, xususan, "Tahriqi Tolibon" guruhi rahbari Mulla Fazlulloh Afg'onistonda yashiringan.

Lahorda 70 kishining o'limiga sabab bo'lgan portlash uchun mas'ul "Jamoat ul-Ahror" guruhi yetakchisi Umar Xolid Xurosoniy ham Afg'oniston razvedka idoralaridan ko'mak olgan, deya qo'shimcha qiladi jurnalist.

Afg'onistonning Pokistondagi elchisi Hazrat Umar Zaxilvol bu da'volarni inkor qiladi.

"Mas'uliyatdan qochib, boshqa kimnidir ayblash oson", - deydi u.

Elchiga ko'ra, Fazlulloh va Xurosoniy kabi jangarilar Pokiston Tolibonining bir qismi bo'lib, Islomobod olib borayotgan siyosat mahsulidir. Bunday siyosat Afg'onistonda ham, Pokistonda ham Tolibonning mavjudligini ta'minlab kelmoqda, deydi u.

Kobulda aprel oyida yuz bergan xuruj uchun Afg'oniston Pokistonda joylashgan Haqqoniy tarmog'ini aybladi. Afg'oniston va AQSh da'vosiga ko'ra, Pokiston razvedka idoralarining bu guruhga aloqasi bor va uning yetakchilari mamlakat tashqarisidan turib ishlaydi.

Prezident Ashraf G'ani hokimiyatga kelgandan so'ng Pokiston bilan aloqalarni yaxshilashga urindi. Ammo so'nggi oylarda aloqalar yana taranglashgan. Kobul Islomobodni qo'shni yurtda tinchlik jarayonini boshlashni istamayotganlikda ayblaydi.

Pokiston esa Tolibonni muzokara stoliga qaytarish harakati davom etayotganini aytadi. O'tgan oy oxirida Tolibonning Qatardagi idorasidan Islomobodga delegatsiya kelgan va bu haqda Afg'onistonga oldindan xabar berilmagan.

Delegatsiya kelganini o'z manbalarimiz orqali bildik, deydi elchi Zaxilvol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG