Pokiston: Afg'oniston asossiz ayblashni bas qilsin

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniyning tarafdorlari uning o'limida qo'shni Pokistonni ayblaydi

Afg'oniston sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniyning tarafdorlari uning o'limida qo'shni Pokistonni ayblaydi

Pokiston qo'shni Afg'onistonni siyosiy o'yinlarga bermaslikka chaqirmoqda. Afg'on razvedkasiga ko'ra, sobiq prezident Burhoniddin Rabboniyga qarshi xuruj Pokistonda rejalanib, shu davlat fuqarosi tomonidan amalga oshirilgan. Rasmiy Islomobod bunday da'volarni rad etib, qotillik yuzasidan Afg'oniston bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytgan.

Bugun Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Taxmina Janjua rasmiy Kobulni asossiz ayblovlardan o'zini tiyishga chaqirgan. Pokiston rasmiysining aytishicha, Islomobod shuningdek, Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayning Pokistonning azaliy raqibi Hindiston bilan kuni kecha imzolagan strategik hamkorlik haqidagi bitimini sinchkovlik bilan o'rganmoqda.

Hujjatda xavfsizlik, savdo, ijtimoiy va madaniy sohalarga doir hamkorlikni kuchaytirishga urg'u beriladi. Karzay Afg'oniston va Pokistonni egizaklar deb atab, Hindiston bilan bitilgan shartnoma qo'shni davlat bilan munosabatlarga ta'sir qilmaydi, deydi.

Ertaga AQSh boshchiligidagi kuchlarning Afg'onistonga kirganiga 10 yil to'lar ekan, Kobulda yuzlab odamlar ko'chaga chiqib, xalqaro koalitsiyani zudlik bilan mamlakatdan chiqishga chaqirmoqda. Namoyishchilar istiloni qoralab, tinch fuqarolar o'limida AQSh va ittifoqchilarini ayblagan. Ayrimlar Amerika bayroqlarini yoqqan.

Ayni damda mamlakatda 130 ming xalqaro qo'shin bor, aksariyati amerikaliklar. Ular Afg'onistonni 2014-yil oxirigacha tark etishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG