Pokistonda avtobus portlab, hukumat xodimlari, ayollar o'lgan


Pakistan blast

Pakistan blast

Pokiston shimoli-g’arbida avtobus portlatilib, 19 odam, jumladan, olti ayol o’lgan. Afg’oniston bilan chegaradosh Peshovar shahridagi bu xurujda yana 35 fuqaro jarohatlangan. Avtobusda hukumat xodimlari ham bo’lgani ma’lum.


Hujumni kim amalga oshirgani hozircha aniq emas, lekin Tolibon mintaqani shu kabi xurujlar bilan titratib keladi.


AQSh Mudofaa vaziri, kecha Afg’onistonga borgan Leon Panetta Pokistonni notinch regionda jangarilarga qarshi jonliroq chora ko’rishga undadi. Amerikaning “sabr-kosasi to’lib bormoqda”, deydi u.


Xitoy hukumati esa Afg’onistonga beg’araz yordam va’da qilmoqda. Ikki davlat rahbarlari Xu Tzintao va Hamid Karzay bugun Pekinda savdo, gumanitar madad, sarmoya va xavfsizlik bobida hamkorlikni oshirish haqida gaplashgan.



“Afg’oniston hal qiluvchi o’tish davrini boshidan kechirmoqda. Xitoy bu davlatning sodiq, xolis qo’shnisi va do’stidir. Bugun va kelgusida Afg’oniston bilan aloqalarni mustahkamlashga va qo’shnimizni qo’llab-quvvatlashga va’da beramiz”, - deydi Xitoy prezidenti.


Amerika yetakchi xorij askarlari 2014-yilda Afg’onistondan chiqishi kutilar ekan, Xitoy bu mamlakat hayotida kengroq o’rin olishni rejalamoqda.


Davlatlar strategik sheriklik haqidagi bitimni imzolagan va unga ko’ra, Xitoy sarmoyasi oshadi, infratuzilmani ta’mirlash loyihalari ishga tushib, afg’onistonlik talabalarga stipendiyalar va’da qilinadi va joriy yil 24 million dollarlik yordam beriladi.


Afg’oniston rahbari Hamid Karzay minnatdorchilik bildirar ekan, tomonlar terrorizm, ektremizm, separatism va uyushgan jinoyatchilikni rad etib bayonot chiqargan.

XS
SM
MD
LG