Pokiston Afg'onistondagi fuqarolarini qaytishga undayapti

  • Amerika Ovozi

Pokiston rasmiylariga ko’ra, ikki yil oldingi aksil-terror amaliyoti sababli uyidan qochib, qo’shni Afg’onistonda panoh topgan pokistonliklar 1-avgustgacha vataniga qaytish uchun ro’yxatdan o’tishi lozim.

Mana bir necha oydirki, rasmiy Islomobod Shimoliy Vaziristonda yashagan oilalarni Afg’onistondan qaytishga undamoqda. Shu hafta qaror qabul qilindi: 1-avgustgacha qochqinlar ilgari tarqatilgan arizalarni to’ldirib, hukumat idorasiga topshirishi kerak. Talabni bajarmaganlar vataniga qaytishga qiynaladi.

BMTning qochqinlar idorasiga ko’ra, 2014-yil dekabrida olingan hisobga ko’ra qariyb 292 ming odam Afg’onistonga o’tgan. Aksariyati Xost viloyatidagi Gulan lagerida boshpana topdi. 2015-yil mayiga kelib Xost va Paktikada 205 ming odamdan iborat 33 mingta oila bor edi.

“Arizalar topishirilgach, oqsoqollar jirg’aga yig’iladi va oilalarga vatanga qaytishning shart-sharoitlari, qoidalari ma’lum qilinadi”, - deyiladi rasmiy bayonotda. Jirg’aning 5-avgustdan keyin boshlanishi ko’zda tutilgan.

Fuqarolikni bekor qilish haqidagi mish-mishlar

Afg’onistonda yashayotgan qochqinlar orasida vatanga qaytishni istagamayotganlar ham bor. So’nggi paytlarda ular orasida “qaytmaganlar Pokiston fuqaroligini yo’qotadi” qabilida mish-mish tarqaldi.

O’tgan haftaga qadar qochqinlarning 10 foizi qaytish haqidagi arizalarni to’ldirib, Vaziriston davlat idorasiga topshirdi.

Pokiston rahbarlari hech kimni majbur qilmaymiz, deydi. Rasmiy hujjat bilan qishlog’iga qaytganlarga 35 ming Pokiston rupiyasi (350 dollar) miqdorida yordam puli va olti oylik oziq-ovqat ajratilmoqda. Arizani to’ldirmaganlar esa bundan mustasno.

Rasmiy Islomobod qochqinlar va uyini tashlab, mamlakatning boshqa hududlariga qochganlarni 2016-yil dekabrigacha vataniga qaytarishni rejalagan.

Vatanga qaytishni istamayotganlar

“Agar hukumat Shimoliy Vaziristonni qayta tiklasa, aksil-terror operatsiyasidan oldingi ahvoliga qaytarsa, uyimizga qaytamiz. Aks hola Afg’onistonda qolamiz. Biz bu yerda baxtli hayot kechiryapmiz. Xavfsizlik masalasida bu yer yaxshiroq, bizga munosabat ham yaxshi”, - dedi Xostdagi qochqin Ikromullo Vazir.

“Agar hukumat qabilamiz ishlariga aralashmasa, qaytishga tayyormiz”, - deya unga jo’r bo’ladi Gulan qochqinlar lageridan Nurali Xon.

Ko’plar hukumat ajratgan yordam puli kam, deydi.

“Yerlarimiz, chorvamiz, uy va do’konlarimiz bor edi. Hammasidan judo bo’ldik. Tiklash uchun kamida 10 yil kerak. Ajratilayotgan pul bilan bitta xona ham qurolmaysiz”, - deydi Jalolobod Xon ismli qochqin.

U va boshqalar hukumatdan yordam pulini oshirishni so’ragan.

Vaziriston xalqaro terrorizmga qarshi ashaddiy kurash olib borilgan hududlardan.

Pokiston rasmiylari terrorchilar istehkomlari, shu jumladan bombalar yasaladigan zavodlar yo’q qilingani va minglab jangari o’ldirilganini aytmoqda.

Shu oy boshida Shimoliy Vaziristonga AQShdan senator Jon Makkeyn rahbarligida bir guruh Kongress a’zolari bordi.

“Pokistonning bu qismi tozalangan. Hukumat endi odamlarni uyiga qaytarib, Pokiston chegarasini mustahkamlashni rejalamoqda”, - dedi senator Linsi Grem.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG