Pokiston-Afg'oniston chegarasida yangi chegara punkti ochiladi

  • Amerika Ovozi

Yuk tashuvchi mashinalar Torxam chegara punkti yaqinida, Afg'onistonga yo'l olgan, 18-iyun, 2016-yil.

Yuk tashuvchi mashinalar Torxam chegara punkti yaqinida, Afg'onistonga yo'l olgan, 18-iyun, 2016-yil.

Pokiston 1-avgust kuni Afg’oniston bilan chegarada noqonuniy muhojirlar oqimini kamaytirish maqsadida qurilgan yangi chegara punktini ochish niyatida.

Rasmiy Kobulning bunday rejaga e’tirozlari oqibatida o’tgan oyda Torxam chegara punktida to’qnashuvlar yuz berdi. Ularda to’rt askar nobud bo’ldi, o’nlab odamlar, shu jumladan, tinch aholi jarohatlar oldi.

Pokiston Mudofaa vazirligi xodimi, general-mayor Obid Nazir Pokiston Senatining Mudofaa qo’mitasiga ushbu rejani dushanba kuni ma’lum qilib, maqsad – terrorchilik harakatlari va chegarani noqonuniy ravishda kesib o’tish hollarining oldini olishdan iborat, dedi.

Pokiston va Afg’oniston chegarasi uzunligi 2600 kilometr bo’lib, 1893-yildan buyon Dyuran chizig’i deb ataladi, uning katta qismlarida chegara puntklari o’rnatilmagan.

Seshanba kuni ikki davlat vakillari Kobulda uchrashib chegara xavfsizligi masalasini muhokama qiladi. O’tgan oyda chegara hududlarida to’qnashuvlarning oldini olish maqsadida maxsus ishchi guruhi tuzilgan edi.

General Nazirning ma’lum qilishicha, Torxamdagi yangi chegara punktida skanerlar va maxsus kameralar o’rnatilgan. Chegaraning ikki tomonida yashaydigan oilalar orasidagi bordi-keldini ham kamaytirish niyatidamiz, dedi general.

Pokiston Mudofaa vaziri Xo’ja Asifning ma’lum qilishciha, chegaraning bir necha boshqa joylarida ham xavfsizlik jihatidan kuchli va puxta jihozlangan punktlar barpo etilmoqda. Bunday choralarni davom ettirishni ikki davlat rasmiylari muhokama qilish jarayonida.

“Chegarani puxta nazorat qilish ikkala davlat mas’uliyati. Afg’onistondan kelayotgan odamlar shaxsiy hujjatlarni ko’rsatishga majbur bo’ladi. Pokistondan Afg’onistonga noqonuniy ravishda o’tmoqchi bo’lganlar ham kamayadi”, - dedi Asif.

Torxam chegara punktidagi to’qnashuvlardan keyin chegara bir necha kunga yopilganida hududda minglab sayyohlar va savdogarlar to’plandi.

Pokiston Mudofaa vaziri Asifning bildirishicha, chegara bir kun yopiq tursa, Afg’onistonda tovarlar narxi 10 foizga oshadi. Torxan surunkasiga to’rt kun yopiq turganida afg’on savdogarlari millionlab dollar pul yo’qotdi.

Rasmiy Kobul azaldan chegarada xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi va rasmiy chegara punktlarining o’rnatilishiga qarshi chiqib kelgan, chunki bir paytlar Britaniya tomonidan chizilgan sarhadning mojaroli qismlari kam emas.

Ammo 1947-yilda Britaniyadan mustaqil bo’lib chiqqan Pokiston Dyuran chizig’ini xalqaro chegara deb e’tirof etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG