Pokiston afg’on qochqinlarini vataniga qaytaradi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonlik qochqinlarning Pokiston poytaxti Islomobod yaqinidagi uylari hukumat qarori bilan vayronaga aylandi

Afg'onistonlik qochqinlarning Pokiston poytaxti Islomobod yaqinidagi uylari hukumat qarori bilan vayronaga aylandi

Pokiston rasmiylari mamlakatda panoh topgan afg’on qochqinlarini vataniga qaytarishni rejalamoqda. Ammo hech kim bunga majburlanmaydi, deydi ular. Afg’oniston rasmiylarining ogohlantirishicha, agar rasmiy Islomobod aksilterror choralarini vaj qilib qochqinlarga bosim o’tkazsa, ikki tomonlama munosabatlar taranglashishi muqarrar.

Pokistonda qariyb uch million afg’on muhojiri yashaydi. Qo’shni yurtdagi uzoq yillik urushdan qochib kelgan bu odamlar Pokiston iqtisodiyoti uchun qo’shimcha yuk. Ayni vaqtda ular jinoyatchilar va ekstremistlar saflariga qo’shilayotgani haqida gumonlar bor.

O’tgan oy Peshovar shahridagi maktabga uyushtirilgan xurujda 134 bola va maktabning 16 xodimi halok bo’ldi. Shundan so’ng mamlakat bo’ylab aksilterror amaliyotlar kuchaytirildi. Bundan buyon hujjati bo’lmagan afg’onlar ro’yxatga olinishi kerak. Qochqin maqomini olganlar esa faqat qochqinlar lagerlarida yashashi mumkin.

Pokiston prezidentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Sartaj Aziz vaziyatni bunday izohlaydi:

“Mamlakatda ro’yxatga olingan 1,7 million qochqin va qariyb 1,4 million hujjatsiz qochqin bor. Bugundan boshlab va shu yil oxirigacha ular ro’yxatdan o’tishi kerak. Biz BMTning qochqinlar masalalari bo’yicha komissari bilan birgalikda ishlayapmiz. Afg’onistonning tinch va barqaror hududlariga qaytishni istagan afg’on qochqinlariga yordam beramiz”, - deydi u.

Pokiston, Afg’oniston va BMT o’rtasida imzolangan uch tomonlama shartnomaga ko’ra, BMTning qochqinlar ishlari bo’yicha idorasi afg’on qochqinlariga shu yil oxirigacha o’z mamlakatiga qaytish imkonini beradi. Ammo hanuz davom etayotgan urush va Afg’onistondagi og’ir iqtisodiy ahvol fuqarolarning qaytishiga to’g’anoq bo’lmoqda.

Pokiston prezidenti maslahatchisi Sartaj Aziz so’nggi oylarda Afg’oniston bilan munosabatlar ancha yaxshilanganini aytadi. Ikki taraf qochqinlar masalasida hamkorlik qilmoqda. BMTning repatriatsiya dasturiga ko’ra, ko’plab afg’onlar vataniga qaytishga muvaffaq bo’ldi. Ammo jarayonni yanada tezroq amalga oshirish kerak, deydi rasmiy.

“Biz Afg’oniston hukumati bilan xalqaro hamkorlik doirasida kuchli imtiyozlar yaratish ustida ishlayapmiz. Vataniga qaytayotgan odamlarga yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida uylar qurib berishimiz mumkin. Bunday choralar natijasida hozirdan boshlab dekabr oxirigacha qancha odam o’z mamlakatiga qaytishini aytish qiyin. Muhimi shundaki, har bir odam o’z ixtiyoriga qarab Afg’onistonga qaytishi mumkin. Biz ularni haydayotganimiz yo’q”, - deydi u.

Biroq afg’on rasmiylarining “Amerika ovozi”ga bildirishicha, Peshovardagi xurujlardan keyin Pokistondagi afg’onlarga bosim kuchaydi. Ommaviy ravishda hibsga olish hollari haqida ham ma’lumotlar bor. Hatto hujjati bor odamlar tazyiqlarga uchragan.

Mahalliy matbuotdagi xabarlarga ko’ra, ayrim afg’onlar shaharlardagi uylaridan judo bo’lgan, ishdan haydalgan.

Aksariyat qochqinlar Pokistonning Xaybar Paxtunxva viloyatidan boshpana topgan. Aynan o’sha yerda maktab nishonga olingan. Hujum uchun mas’uliyatni Tolibon harakati o’z bo’yniga olgan bo’lsa-da, qochqinlar ta’qiblarga uchramoqda. BMT rasmiylari vaziyat yuzasidan xavotir bildirib, afg’onlarga ko’rsatilayotgan bosim yaxshi oqibatlarga olib kelmasligidan ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG